Ekotip, ekologik tip — muayyan ekologik sharoitga moslashgan. bir turga mansub oʻsimliklardagi bir xil populyatsiyalar majmui; shu sharoitda irsiy morfologik, fiziologik, biokimyoviy va boshqalar xususiyatlar vujudga keladi. "Ekotip" terminini fanga shved olimi G.Turesson kiritgan (1920). Ekotipning 3 turi bor: iqlimiy yoki geografik Ekotip — tur yashash arealining alohida qismini ishgʻol qiladi; ular maʼlum iqlim sharoiti taʼsirida shakllangan, mas, janubiy Ekotip shimoldagisidan past boʻyliligi, qisqa, ingichka va dagʻal bargi hamda ustida mumsimon qavat boʻlishi bilan farq qiladi; edafik Ekotip — tuproq taʼsirida hosil boʻladi; mas, Piskom daryosi havzasida oʻsgan piskom piyozi alohida tur sifatida tavsiflangan; biotik yoki senotik Ekotip — tur atrofidagi maʼlum oʻsimliklar qoplami taʼsirida vujudga keladi va rivojlanadi; mas, oqsoʻxtaning oʻtloq va oʻrmondagi ekotipi.

Ekotip

Ekotip turlarning kelib chiqishi jarayonidagi bosqichlardan biri. U uzoq davom etgan tarixiy jarayonda paydo boʻladi.