Ekspressivlik (lotincha: ifodalanish, namoyon boʻlish) — har xil individlarda maʼlum gen allelining fenotipik namoyon boʻlish darajasi. "Ekspressivlik" terminini fanga rus olimi N. V. TimofeyevResovskiy kiritgan (1927). Allel gen tomonidan boshqariluvchi belgida oʻzgaruvchanlik boʻlmaganida doimiy ekspressivlik, aks holda oʻzgaruvchan ekspressivlik namoyon boʻladi. Har xil genlarning allellari turli darajadagi ekspressivlik bilan tavsiflanishi mumkin. Odamlarda AVO (qon guruhlari) allellari tizimi deyarli doimiy ekspressivlikka, koʻz rangini belgilovchi allellar oʻzgaruvchan ekspressivlikka misol boʻladi. Drozofila pashshasida koʻz fasetkalarining sonini kamaytiruvchi mutatsiya gomozigotali pashshalarda fasetkalar sonini 0 dan 50% gacha oʻzgarishini taʼminlaydi. Oʻzgaruvchan ekspressivlik hodisasi genotipik muhit va tashqi muhit sharoitlarining taʼsirida roʻy beradi. Shuning uchun organizm genotipi genotip bilan yashash muhiti sharoiti taʼsirida fenotipik namoyon boʻladigan genlarning oʻzaro taʼsiri natijasida shakllanadi.