Elektrofon
Elektrofon (elektro... va... fon) — grammofon plastinkasidan tovush (musiqa, nutq)ni qayta eshittirish uchun moʻljallangan elektr qurilma. Grammofondan farqi shuki, birinchidan, uning plastinka qoʻyiladigan diskini elektr dvigatel aylantiradi, ikkinchidan, E.da plastinkadan tovush koʻchiradigan moslama (adapter) ignasining mexanik tebranishlari elektr tebranishlariga aylanadi. Tovush chastotali kuchaytirgich elektr tebranishlarini kuchaytiradi, elektr akustik tizimi (bir yoki bir necha radiokarnay) ularni tovushga aylantiradi. E. tovush mono..., stereo... va kvadrofonik (tovush 4 kanalli usulda yozib olingan, tovushni qayta eshittirishda 2 karnay eshituvchining oldiga, 2 karnay orqasiga qoʻyiladi) usullarda yozib olingan gramplastinkadan qayta eshittirish uchun moʻljallab ishlab chiqariladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |