Elektrokardiogramma
Elektrokardiogramma (elektro., kardio... va gramma) (EKG) — yurak muskuli ishlayotganda hosil boʻlgan elektr impulslari yozib olingan egri chiziq. E. elektrokardiograf yordamida qogʻozga yoki fotoplyonkaga tushiriladi. Butun gavdaga tarqaluvchi yurak toklari (harakat toklari) EKG si gavdaning turli qismlari (koʻkrak qafasi, qoʻl va oyoqlar)ga oʻrnatilgan va elektrokardiografga ulangan elektrodlar bilan yozib olinadi. Hozirgi zamon tibbiy texnika yutuqlari tekshirilayotgan odam ancha uzoq masofada boʻlsa ham tele yoki radiouzatkichlar yordamida EKGni yozib olish imkoniyatiga ega. Bunday usullar ogʻir jismoniy sinovlarda, sportchilar, kosmonavtlar va boshqalarning yurak faoliyatini kuzatish imkoniyatini beradi.
Sogʻlom odamlar EKGsi gavda tuzilishi, yoshi va boshqalarga bogʻliq. Ammo normal EKGda har doim yurak muskulining ketma-ket qoʻzgʻalishini aks ettiruvchi tishchalar va intervallarni farq qilish mumkin. Turli kasalliklarda EKG tishchalarining oʻlchami, oraliqlari va yoʻnalishi, intervallar (segmentlar)ning davom etishi hamda joylagdishi anchagina oʻzgaradi. EKG yordamida yurak ritmining turli oʻzgarishlari, yurakning ishemik kasalligi, miokard infarktining xarakteri va bosqichlari aniqlanadi. EKG yurak kasalliklarini diagnostika qilishda boshqa usullardan samarliroq hisoblanadi.
Normal EKG
tahrirOdatda EKGda 5 ta tish ko'rinadi: P,Q,R,S,T
P tish
- I, II, aVF, V2-V6 tarmoqlarda doim musbat
- III, aVL, V1 tarmoqlarda musbat, ikki fazali, III va aVL da boʻlsa manfiy boʻlishi ham mumkin
- aVR tarmoqda doim manfiy
- Davomiyligi 0,1 s dan oshmaydi, amplitudasi – 1,5-2,5 mm
- P-Q interval – 0,12-0,2 s
Q tish
- V1-V3 da R tishning 1/6 qismidan oshmaydi.
- aVR dan boshqa barcha tarmoqlarda amplitudasi R tishning ¼ qismidan oshmaydi, davomiyligi – 0,03 s
- aVRda normada chuqur va keng Q tish yozilishi mumkin, hattoki QS kompleks ham
R tish
- Barcha tarmoqlarda yoziladi. aVRda yaxshi ko`rinmasligi yoki umuman yo`qolishi mumkin
- Koʻkrak tarmoqlarida V1 dan V4 gacha amplitudasi ortib boradi, keyin kamayib boradi.
- RV1,V2 qoʻzgʻalishning qorinchalararo toʻsiq va oʻng qorincha boʻylab tarqalayotganini koʻrsatadi. RV4,V5,V6 qoʻzgʻalishning chap qorincha va qisman oʻng qorincha boʻylab tarqalayotganini koʻrsatadi.
- Amplitudasi standart va kuchaytirilgan tarmoqlarda 20, koʻkrak tarmoqlarida 25 mm gacha.
- aVR va V1 da 3-4 mm boʻladi.
S tish
- Amplitudasi turli tarmoqlarda katta farq qiladi, lekin 20 mm dan oshmaydi.
- V1 dan V4 gacha amplitudasi pasayib boradi, V5,6 da yoʻqolishi ham mumkin.
- QRS 0,1 s dan oshmaydi.
T tish:
- RS-T segment standart va kuchaytirilgan tarmoqlarda izoliniyada joylashgan (±0,5 mm)
- V1-V3 izoliniyadan koʻtarilishi mumkin (<2 mm), V4,5,6da boʻlsa pasayishi mumkin (<0,5 mm)
- T tish I, II, aVF, V2-V6 da doim musbat
- III, aVL va V1 da musbat, ikki fazali yoki manfiy boʻlishi mumkin. aVRda doim manfiy.
- Amplitudasi standart va kuchaytirilgan tarmoqlarda 5-6 mm gacha, koʻkrak tarmoqlarida 15-17 mm gacha boʻlishi mumkin.
- Davomiyligi 0,16-0,24 s.
Adabiyotlar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |