Eltuzarxon
Eltuzarxon, Eltuzar Muhammad Bahodirxon (1770 – 1806) – oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasidan boʻlgan birinchi Xorazm (Xiva) xoni (1804—1806)[1].
Eltuzar Muhammad Bahodirxon | |
---|---|
Eltuzarxon | |
Mansab davri 1804 – 1806 Xonlik davri | |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1770 Xiva |
Vafoti | 1806 |
Bolalari | Rahmonberdi |
Otasi | Avaz Muhammad inoq |
Tarjimayi holi
tahrirEltuzarxon Avaz inoqning oʻgʻli. Madrasa taʼlimini olgan. Harbiy kurash sirlarini – chavandozlik, qilich ushlash, oʻq-yoy otishni oʻrgangan. Otasi vafotidan soʻng Eltuzarxon soxta xon Abulgʻozi V ni taxtdan tushirib, oʻzini xon deb eʼlon qilgan. Eltuzar Xorazmdagi oʻzbek qoʻngʻirotlar sulolasining uchinchi hukmdori boʻlsa-da, xon unvonini olgan birinchi hukmdor sifatida tarixga kirdi. Bu vaqtga qadar Xorazmda bu unvonni faqat Chingizxon avlodlari egallashi mumkin edi. Shu tariqa u Xivada qoʻngʻirot avlodidan boʻlgan xonlar sulolasini boshlab bergan. Bu sulola 1920-yilga qadar Xiva xonligini idora qilib kelgan. Eltuzarxon xonlikda markazlashgan davlat siyosati yurgizish uchun harakat qilgan. Eltuzar mamlakat iqtisodiyotini tiklash siyosatini davom ettirdi. U mamlakatda soliq islohotini amalga oshirdi, davlatda soliq yigʻishning markazlashuvini kuchaytirdi. Eltuzarxon hukmronligi davrida Xorazmda yirik irrigatsiya ishlari olib borildi.
Eltuzarxon davrida ham qabila va urugʻ boshliqlarining, shuningdek, xonlikning turli hududlari boshliqlarining huquqlarini sezilarli darajada cheklovchi maʼmuriy islohot boshlanadi. Y.Gʻulomovning taʼkidlashicha, Xiva xonlari tomonidan oʻzlariga sodiq odamlarning qozi va viloyatlar hukmdorlari lavozimlariga tayinlangani haqida zikr etilgan. Qolaversa, ilgari poytaxt Xivaga urugʻ yoki qabila boshligʻi oʻz ixtiyoriga koʻra undiradigan soliqlarni olib kelgan boʻlsa, endilikda Xiva xonlarining oʻzlari viloyatning soliq salohiyatini belgilab, u yerga oʻz yigʻuvchilarni tayinlashga kirishadilar.
1804-yilda Eltuzar hozirgi Turkmaniston janubida va Astrobod viloyatida (Shimoliy Eron) yashagan turkman yovmut qabilalariga qarshi muvaffaqiyatli yurish qiladi[2].
Eltuzarxon davrida Rossiya imperiyasi va Usmonli imperiyasi bilan diplomatik aloqalar olib borilgan.
1804-yil Eltuzarxon Buxoro hududiga bostirib kirgan. Biroq Amudaryo boʻyidagi hal qiluvchi jangda xivaliklar yengilgan. Buxoro amiri Haydarga qarshi yurish muvaffaqiyatsiz tugaydi. Chekinish chogʻida Eltuzarxon Amudaryodan oʻtayotganda choʻkib halok boʻlgan[3].
Uning vafotidan keyin Xorazmdagi hokimiyat ukasi Muhammad Rahimxon I (1806-1825) ga oʻtadi.
Oilasi
tahrirEltuzarxon oʻz sulolasining nufuzini oshirish maqsadida Urganch Sayyidlaridan boʻlgan Oxunbobo xoʻjaning qiziga uylanishga qaror qiladi. Bu nikohdan ikki oʻgʻil tugʻilgan. Ulardan kattasi shahzoda Olla berdi toʻra va kichigi Rahmonberdi toʻra. Ollaberdi toʻradan Bobojonbek ismli oʻgʻil tugʻiladi. Bobojonbekdan esa mashhur tarixchi olim Muhammad Yusuf Bayoniy dunyoga kelgan[4].
Madaniy, maʼrifiy islohotlari
tahrirEltuzaron davrida bir qancha meʼmoriy obidalar (masalan, Xivadagi Koʻrinish xona) bunyod etilgan. Uning saroyida tarixchi, shoir va davlat arbobi Munis ijod qilgan. Eltuzarxon Munisga Xorazm tarixini bitishni topshirdi. Munis bu asarga „Firdavs-ul iqbol“ („Baxt bogʻi“) deb nom qoʻydi. Asar afsonaviy rivoyatdan boshlanib, 1825-yilga qadar Xorazmda yuz bergan tarixiy voqealardan iborat. Munis ushbu asarni oxirigacha tugallay olmagan. 1813-yildan 1825-yilgacha boʻlgan hodisalar Munisning jiyani Ogahiy tomonidan 1839-yilda yozib tugallangan[5].
Manbalar
tahrir- ↑ Веселовский Н. И., Очерк историко-географических сведений о Хивинском ханстве. Спб, 1877, 244-b
- ↑ Материалы по истории туркмен и Туркмении. Т.2. Москва-Ленинград, 1938, 203-b
- ↑ „ХИВИНСКОЕ ХАНСТВО И ПРИНЦИПЫ ЕГО УПРАВЛЕНИЯ. Приход к власти представителей династии Кунград и их мероприятия по укреплению институтов государственности“. xorazmiy.uz. Qaraldi: 20-oktabr 2023-yil.
- ↑ Абдуллаев, М. Қадимий Хоразм тарихи ва Хоразм давлатчилиги. Tошкент: «Ўзбекистон » нашриёти, 2019 — 45-bet.
- ↑ ABDULHAKIM, Nurboy „“FIRDAVSU-L-IQBOL”NING ADABIY-ESTETIK QIYMATI“. ziyouz.com. Qaraldi: 21-oktabr 2023-yil.
Adabiyotlar
tahrir- Yoʻldoshev M., Xiva xonligida feodal yer egaligi va davlat tuzilishi, T., 1959;
- Gulyamov Ya. G., Pamyatniki goroda Xivi, T., 1941;
- Xudoyberganov K., Xiva – 2500. Xiva xonlari shajarasi, Xiva, 1996.
- Gulomov X. G., Diplomaticheskiye otnosheniya gosudarstv Sredney Azii s Rossiyey v XVIII – pervoy polovine XIX veka. Tashkent, 2005
- Gulyamov Y. G., Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshikh vremen do nashikh dney. Tashkent. 1957
- Istoriya Uzbekistana. T.3. T.,1993.
- Istoriya Uzbekistana v istochnikax. Sostavitel' B. V. Lunin. Tashkent, 1990
- Istoriya Xorezma. Pod redaktsiyey I. M. Muminova. Tashkent, 1976
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |