Eneolit davrida Markaziy va Sharqiy Hindiston
Eneolit.
tahrirTarixiy taraqqiyotning keyingi davri ibtidoiy odamlari hayotidagi muhim hodisa metalldan foydalanish bilan bog‘liq. Bu davrda misdan keng ko‘lamda foydalanilgan. Undan qurol-yarog‘lar, uy-ro‘zg‘or buyumlari yasalgan. Hind arxeologlari bu davrni xalkolit yoki mis tosh davri deb ataydilar.
Qadimgi Hindiston eneolit davri, faoliyatning hamma turlarida, inson hayotidagi barcha yo‘nalishlarda o‘zgarishlar yasadi. Hunarmandchilik, dehqonchilik, tovar ayirboshlashda katta o‘zgarishlar yuz berdi. Mulkiy tengsizlik kuchaydi. Mapkaziy Hindistondagi o‘troq dehqonchilik qishloqlarini tadqiq etgan arxeolog A.Ya.SHedenko bu joylardan topilgan, davrga oid yodgorliklar miqdorini ko‘rsatib berdi. Olim o‘troq dehqonchilik madaniyatini bir necha qismlarga bo‘lgan holda ta’riflaydi. Qishloqlar, turar joylar, kulolchilik buyumlari, mehnat qurollari, bezaklar, dafn anjomlari topildi.
Shimoliy Hindistonda eneolit davrini o‘rganish alohida qiziqish uyg‘otadi. Bu o‘lka hammadan oldin metalldan foyda-lanishni bilgan. Hind vodiysida qadimgi buyuk sivilizatsiya-lardan biri vujudga kelgan.
Metallning o‘zlashtirilishi ma’naviy madaniyat rivojida o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Iqtisodiy yuksalish yo‘li ochildi va dehqonchilik uchun serhosil yerlarni o‘zlashtirish imkoniyatlari kengaydi. Avval Hind keyinroq esa Gang daryosi bo‘ylaridagi yerlarning o‘zlashtirilishi, iqtisodning yuksalishiga ta’sir etuvchi manzilgohlar barpo bo‘lishiga olib keldi. Ilk bor bu yerlarda davlatchilik, sinfiy jamiyat yuzaga kela boshladi. Hunarmandchilikka asoslangan shaharlar, savdo va madaniy markazlar paydo bo‘ldi. Tosh davri boshlarida yetakchilik qilgan, Shimolning tog‘oldi va Janubning tog‘li hududlari tang ahvolda qoldi. Sun’iy sug‘orishga imkon bermaydigan, noqulay yerlarning unumsizligi sharoitida viloyatning janubiy hududlarida miloddan avvalgi 1000-yillargacha rivojlanish jihatidan teng bo‘lmagan turli qabilalar yashardi.
Eneolit davri yodgorliklari Janubiy hududlarning taraq-qiyotda Hind vodiysidagi shaharlardan ancha ortda qolganligi, Markaziy va G‘arbiy Hindistondagi yodgorliklarning Janubiy Hindiston yodgorliklaridan ancha ustun ekanligidan dalolat beradi. Neolit davrida alohida hududlarda rivojlanish teng bo‘lmagan bo‘lsa, eneolit davriga kelib, bu farq yanada keskin-lashgan. Markaziy Hindiston aholisi garchi tosh qurollar ishlatishdan voz kechmagan bo‘lsa-da, metall nima ekanligini yaxshi bilar edi. Ular dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishar, sopol buyumlar yasashar, uysozlik borasida ham ma’lum yutuqlarga erishgan edilar. Lekin shunga qaramay, bu madaniyat Xarappa shahri madaniyatiga tenglasha olmagandi. Tadqiqotchilarning fikricha, bu shaharda eneolit davriga doir qadimiy an’analarning ta’siri katta bo‘lgan. Shaharlarning yuksak taraqqiyoti bilan qoloq qishloqlar madaniyati bir davrda mavjud bo‘lganligini nafaqat Hindistonda, balki qadimiy Sharqning barcha o‘lkalarida kuzatish mumkin.
Markaziy va G‘arbiy Hindistondagi eneolit davrining o‘rganilishi bo‘yicha ko‘plab arxeologik qazish ishlari olib borilgan. So‘nggi yillarda bu masala olimlarning diqqat markazida bo‘ldi. Ushbu tadqiqotlar eneolit davrini chuqurroq va asosli o‘rganish, madaniyat turlarini aniqlash, yillar uzviyligini tiklashga keng imkoniyat beradi. Ayniqsa, hind olimlari X.Sankali, B.Subbar, Z.D.Ansarilar va Sh.Deoning ilmiy ishlari katta qiziqish uyg‘otadi. Qazish ishlari natijasida o‘sha vaqtdagi qabilalarning asosiy mashg‘ulotlari dehqonchilik, chorvachilik, ovchilik va baliqchilikdan iborat bo‘lganligi aniqlandi. Qadimiy ipakchilik esa (miloddan avvalgi XIII asr) eng muhim kashfiyot hisoblanadi. Bundan tashqari, qazishlar sirasida don saqlanadigan katta xumlar, turli uy hayvonlarining suyaklari topilgan.
Toshlardan, asosan, pichoqsimon asboblar, o‘roq va bolg‘alarga sop yasalgan. Navtadolda shunday ashyolardan 23 mingtasi topilgan. Aholi yashaydigan joylardan topilgan bolg‘a yasaydigan asboblar ham neolit davriga mansubdir. U davrda mis qurollar kam ishlatilgan. Hozircha bir necha mis bolg‘a, qilich va pichoq topilgani ma’lum.
Markaziy Hindistonda neolit davriga xos steatit, serdolik, agat va mis kabi materiallardan yasalgan taqinchoqlarning ishlatilgani ma’lum. Sopol buyumlarning rang-barangligi ham kishini hayratga soladi. Idishlar kulolchilik charxida yasalib, so‘ngpa pishirilgan va, asosan, qizil fonga qora, kul rang, sariq ranglar vositasida ishlov berilib, shakllar chizilgan. Olimlar 600 dan ortiq naqsh turlarini aniqlashgan.
Aholi daryo bo‘yidagi kichik qishloqlarda yashagan. Kulbalar qattiq materialdan qurilgan. Polga esa pishiq loy yotqizilgan. Don solingan xumlar pol ostida saqlangan. Arxeologlar kulbalarning 3 xil: to‘rtburchak, aylana, uzunchoq bo‘lganini aniqlashgan. Uylarning devorlari yog‘ochdan ko‘tarilib, loy bilan suvalgan. Ba’zi uylardan loy o‘choq ham topilgan. Qazishlar dafn marosimlari qanday bo‘lgani haqida ham tasavvur uyg‘otadi. Marhumlarning suyak qoldiqlari ular yashagan yerto‘lalardan topilgan. Bu idishlarda silliqlangan bolta, taqinchoqlar, sopol buyumlar ham bor. Ba’zi ashyolardan diniy tasavvurlarning qanday bo‘lganligini ham bilib olish mumkin.
Qabilalar olov va hayvonlarga sig‘ingan. Vishnuizmda kaltakesak va toshbaqa muqaddas hisoblangan. Kayatxa degan joyda o‘tkazilgan ilk qazishlar natijasida dehqonchilik madaniyati haqida muhim ma’lumotlar olindi. Radiokarbon analizi orqali bu davrni miloddan avvalgi 2000-1800 yillarga mansub ekanligi aniqlandi. Bina daryosi bo‘yidagi Eran degan joyda qora-qizil ranglardagi sopol buyumlar yasalganligi ma’lum bo‘ldi. Bu yerda eneolit davriga oid mudofaa devorlari va xandaqlar ham bor ekan. Bu topilmalar urbanizatsiya (shaharlashuv jarayoni) uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Keyingi yillarda Inamgaon va Navtadoldan ajabtovur materiallar topilgan. Inamgaon hozirgi Puna yaqinida joylashgan. Arxeologlar bu yerda turli davrga mansub 60 ta uyni kavlab topishgan. Aholi dastlab bu yerda yerto‘lalarda, keyinchalik loy bilan suvalgan bambuk kulbalarda istiqomat qilishgan. Poydevor sifatida maxsus loy va qum aralashmasi ishlatilgan. Suv toshqinining oldini olish uchun to‘siqlar, sug‘orish uchun kanallar ham o‘tkazilgan. Imoratlar to‘g‘ri burchakli bo‘lib, polga ohakli g‘isht yotqizilgan. Uylar maxsus reja asosida bir-biridan bir xil uzoqlikda qurilgan. Besh xonali uylarda chamasi Inamgaon qabilasi ulug‘lari yashashganlar.
Karbon analizlar shuni ko‘rsatadiki, eneolit davrining boshlanishi taxminan miloddan avvalgi 2000 yilga borib taqaladi. Tadqiqotchilar orasida ko‘p bahslarga sababchi bo‘lgan davrning xronologik jadvali Hindistonning boshqa o‘lka madaniyatlari bilan bog‘liqligini tasdiqlaydi. Biroq shu narsa ravshanki, o‘lkaning eneolitik madaniyati Hindiston taraqqiyotiniig so‘nggi davrlariga tutashib ketgan.
Sharqiy Hindiston va Gang vohalarining qabilalari.
tahrirTo‘plangan arxeologik ma’lumotlar tadqiqotchilar uchun eneolit davridagi madaniyat yoyilgan hududlarni aniqlashga yordam berdi. Bu ishda mis bolg‘a, oltin qirrali nayza dastasi, antenna shaklidagi qilich, mis halqa va nayza uchlari kabi qator ashyoviy dalillar olindi. Mazkur buyumlar qabilalarning madaniyati taraqqiy etgan eneolit davriga mansub ekanini tasdiqlaydi. Mis buyumlardan asosan dehqonlar foydalanishgan. Buni ekin turlari va don uchun yasalgan idishlar ham isbotlaydi. Guruch va arpa urug‘i Gang vohasida bu o‘simliklar qadimdan ekilganligidan dalolat beradi.
Mehnat qurollari tadqiqi, yerga ishlov berilib, omoch bilan yer haydalganligidan dalolat beradi. U yerda changalzorlar tozalangan, ovchilik va baliqchilik rivojlangan. Topilgan suyak-lar uyda ho‘kiz boqilganligini ko‘rsatadi. Arxeologik qazish ishlari xalq madaniyati haqida to‘la tasavvur hosil qilishga imkon beradi. Odamlar daraxt novdalaridan kulba yasab, atrofini loy bilan suvashgan. Ko‘p qishloqlarda Markaziy Hindistondagidek sopol buyumlar topilgan. Bu ashyolar Markaziy Hindistondan qabilalar sharqqa ham ko‘chgan degan xulosa chiqarishga imkon beradi. SHuning uchun mis yombi madaniyati Markaziy Hindistondagi eneolit davri bilan bog‘liq. Bundan tashqari, sariq sopollar Xarappa madaniyatining so‘nggi qismiga mansub degan taxminlar ham bor. Qazish ishlari sopolsozlik SHarqiy Hindistonda mustaqil ravishda rivojlanganligini ko‘rsatmoqda.
Qadimgi Hindiston tarixini chuqur o‘rgangan olimlardan G.M.Bongard-Levin va G.F.Ilinlarning fikricha, tadqiq etilayotgan hududlardagi madaniyat munda xalqlarining ajdodlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ular eneolit davrida qabilalar quyi Gang va Orissadan, ya’ni neolit va eneolit yodgorliklari topilgan joydan Jamna-Gang daryolari bo‘ylab shimoli-g‘arbiy, mis yombilar madaniyati topilgan joyga qarab ko‘chganligini ta’kidlaydilar. Tadqiqotchilar bu ko‘chishni tabiiy deb hisoblashadi. O‘sha vaqtda SHarqiy Hindiston, Birma, Hindixitoy yarim oroli hududlarida bir-biri bilan parallel madaniyatlar shakllangan. Metallni o‘zlashtirgach, eneolitning maxsus ixtisoslashgan madaniyatlari paydo bo‘ldi. G.M.Bongard-Levin va G.F.Ilinlarning fikricha, mundalarning ajdodlari til jihatdan mon-kxmer xalqlariga yaqin bo‘lganlar. Taraqqiyot natijasida mustaqil va o‘ziga xos mis yombilar madaniyati paydo bo‘ldi.
Yana bir taniqli arxeolog M.E.Masson SHarqiy Hindiston madaniyatining ba’zi jihatlari Barbxanpurdagi ovchi va baliqchilar madaniyati bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Kallurdagi qazish ishlari va ba’zi lingvistik etnografik materiallar munda xalqlari va Janubiy Hindiston madaniyatining bir-biriga ta’siri borligini ko‘rsatadi.
Ilgarigi tadqiqotlarda nisbiy xronologiya bilan cheklanilgan edi. Karbon va lyuminessent tahlillari xronologiyaning aniq va ishonchli bo‘lishini ta’minladi. Lal-Kila, Atrapokikxar, Jxinixan, Narishpurdagi qazilma materiallar xronologiyaning turli davriyligini ko‘rsatdi. Bulardan eng qadimiysi miloddan oldingi 2000 yilga, uchtasi esa miloddan oldingi 2000-150 yillarga to‘g‘ri keldi. Mis yombilar va sariq sopol madaniyati belgilari Rojastonda ham topilganligi o‘sha davr madaniyati hududini yanada kengaytirdi.
Qazish ishlari, til va etnografiyaga oid materiallar munda ajdodlari va Janubiy Hindiston qabilalarining bir-biriga qanchalik kuchli ta’sir ko‘rsatganligidan dalolat beradi. Bundan tashqari, Gang va Sharqiy Hindiston vohalaridagi Panta, Banoras, Gorakxpur universitetlari tarixchilari va arxeologlar tomonidan olib borilgan qazishlar natijasida xalkolit qabilalarining yuzdan ortiq qishloqlari borligi aniqlandi. Bular xalkolit madaniyati borligini ham bildiradi. Bu tadqiqotlarning ahamiyati shundaki, neolit davri bilan metall davrining bevosita bog‘liqligi va Gang bo‘yi qabilalarining hinduoriylar bilan aloqadorligini tasdiqlaydi.
Hindiston janubida metallning paydo bo‘lishi.
tahrirKeyingi davrdagi qazish ishlari fanni qimmatli ma’lumotlar bilan boyitgan bo‘lsa-da, Janubiy Hindistonda eneolit va bronza bo‘lganligi munozarali masaladir.
Braxmagirdan 1947 yilda topilgan arxeologik materiallar asosida Janubiy Hindistonda neolit davrining mis va bronza, so‘ngra metall davriga sekin-asta o‘tgani, miloddan avvalgi III ming yillikda bu yerda metall bilan tanish qabilalar yashagani taxmin qilinadi. Olimlarning fikriga ko‘ra miloddan oldingi VIII-III asrlar mobaynida Janubiy Hindiston mis va bronza davrini boshdan kechirgan. 1970-yillardagi qazishlar metall davriga bosqichma-bosqich o‘tilganini isbotlash bilan birga ilgarigi taxminlarga aniqlik kiritdi. Teklakot, Xallur, Parenpurdagi qazish ishlari miloddan avvalgi 2100-1700 yillardayoq mis va bronzaga o‘tilganini ko‘rsatadi.
Maskitda olib borilgan qazish ishlari Janubiy Hindistonda miloddan avvalgi IX-VIII asrlarda, hatto undan ham oldinroq, miloddan avvalgi XII-XI asrlardayoq temirdan foydalanilganini tasdiqlaydi. Bu esa metallning janubda ham, shimolda ham bir paytda paydo bo‘lganligidan dalolat beradi.
Shunday qilib, Janubiy Hindistondagi tadqiqotlar bu yerlarda neolit va eneolit davrlarida taraqqiyot nisbatan orqada qolgani, dehqonchilik ibtidoiy darajada bo‘lgani, alohida ishlab chiqarish turlari taraqqiy etmaganini ko‘rsatadi. Qishloqlar-ning hajmiga qaraganda, qabilalar kam sonli, tarqoq, aholi ijtimoiy jihatdan tabaqalanmagan bo‘lgan. U yerdagi qabilalar Shimolliklarga bas kela olmaganlar. Kurashlarda shimollik-larning qo‘llari baland kelgan. Ba’zi qabilalar Shimol davlat-lariga bo‘ysunishga majbur bo‘lgan. Ba’zilari tog‘larga chekingan. Xullas neolit va eneolit davridagi etnik farqlilik hamda taraqqiyotning notekisligi keyingi davr tarixiy-madaniy va ijtimoiy taraqiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Hinduoriylar va Gang vodiysi madaniyati.
tahrirBir necha o‘n yillar mobaynida oriylarning Hindistonga kelib joylashishi, buning sababi va kelish yo‘llari hindshunoslar diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Ayrim olimlar taraqqiy etgan oriylarning qoloq mahalliy qabilalarni o‘zlariga bo‘ysundirgani, ularning Hindistonga madaniyat ham olib kirishgani va rivojlangan jamiyat tashkil qilishganini ta’kidlaydilar. Olimlar mahalliy xalq mustaqil taraqqiyotga erishganini inkor etdilar. Mazkur nazariyaga ko‘ra, Hindistonga oriylar kirganidan so‘ng sinfiy jamiyat paydo bo‘lgan.
O‘n yillar davomida o‘zi bilan sof dinni olib kelgan oq tanli va ko‘k ko‘zli bo‘yi baland oriylarning hujumi haqidagi bu nazariya qadimiy Hindistonning har qanday sirlarini ochuvchi oltin kalit vazifasini bajarib keladi.
Quldorlik qanday vujudga keldi? Davlat qanday paydo bo‘ldi? Kastalar qanday paydo bo‘ldi? Hind madaniyati manbalari qaerda? Bu savollarga juvob berish uchun avvalo shuni ta’kidlash kerakki, mamlakatga oriylar bostirib kirib, mahalliy xalqni o‘zlariga bo‘ysundirdilar. Oriylar mahalliy aholiga qarshi kurash olib borish uchun davlat barpo qildilar. Oriylar zulmat va jaholatga botgan aborigenlar bilan assimilyatsiyaning oldini olish uchun kastalarni o‘ylab topdilar. Ular mamlakatning keyingi butun tarixi davomida taraqqiyotning asosini oriylar ruhida ekanligini uqtirmoqchi bo‘ldilar.
Hind olimi D.Kosambi “Qadimgi Hindiston madaniyati va tamadduni” nomli asarida “Hind madaniyatining yuqori darajalarga erishishi oriylar xizmati” deb yozgan.
Hind vodiysida taraqqiy qilgan sivilizatsiyaning ochilishi ko‘pchilik olimlarning o‘z qarashlarini o‘zgartirishga majbur qildi. Oriylar muammosi bo‘yicha turli soha olimlari: tarixchi, tilshunos, arxeolog, etnograf va antropologlar bu muammo bilan shug‘ullanib kelmoqdalar. “Oriylar muammosi”ga turli xil nuqtai nazardan qarovchi tadqiqotchilarning fikricha, miloddan avvalgi II ming yillikda hinduoriy tillari keng tarqaldi. Bu tilda so‘zlashuvchilar o‘zlarini “oriylar ” deb atay boshladilar.
“Oriy” so‘zi olimlarning fikricha, qadimgi eronlik va qadimgi Hind qabilalarining nomidan kelib chiqqan. Qadimgi matnlarni o‘qish asosida Veda davrida “aria” so‘zi “kelgindi”, boshqa yerlik ma’nolarini bildirishi aniqlandi. “Xo‘jayin”, “aslzoda” so‘zlari qadimgi Hindiston va Eronning ko‘pgina yodgorliklarida uchraydi. “Oriy” so‘zi bilan hozirgi Eron davlatining nomi chambarchas bog‘liq. “Eron”, “Ariyana” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, oriylar mamlakati degan ma’noni bildiradi. Qadimgi hind manbalarida chegaralari turlicha ko‘rsatilayotgan oriylarning muqaddas yurti Ariavarta haqida so‘z yuritilgan. Eron va Hinduoriy qabilalari ajdodlarining keng urug‘chilik aloqalari tillarning yaqinligidan ham dalolatdir. Tadqiqotlar qadimda bu tillarning grammatik tuzilishi va asosiy lug‘at boyligi umumiy bo‘lganligidan guvohlik beradi. Masalan, suv qadimgi Eron va Hind tillarida “ap” deb atalgan. Yer “bume”, “bxume”, shamol har ikkala tilda ham “vata” deyilgan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Bundan tashqari, qadimgi Eron va Veda dinini taqqoslash va tiklash qadimgi Eron va Hinduoriy ajdodlarining diniy tushunchalari bir ekanli-gini ko‘rsatyapti. Shuningdek, urf-odatlar, olovga topinish, “Muqaddas hind samosi” ichkiligi va Eron xaumasi ham bir-biriga o‘xshashdir. Qadimgi hindlar va eronliklar ulug‘lagan va ularning muqaddas asarlarida madh etilgan ko‘pgina ma’buda va qahramonlarning nomlari ham bir-biriga o‘xshash. Masalan, har ikkala davri xalq qabilalarida asosiy ma’buda “Metra”, shamol hamda urush ma’budi “Vayo” bo‘lgan. Tadqiqotchilar diniy va adabiy an’analarda ko‘pchilik afsona va etnik hikoya syujetlarining bir-biriga o‘xshash ekanligini aniqlaganlar.
Qiyosiy ma’lumotlarga ko‘ra, Eron va hinduoriy qabilalari ajdodlari o‘troq yoki yarim o‘troq tarzda yashaganlar. Ularning asosiy mashg‘ulotlari dehqonchilikdan iborat bo‘lgan. Qadimgi hinduoriylar va eronliklar uchun umumiy bo‘lgan dehqonchilik, chorvachilik asboblari, madaniy o‘simliklar, uy hayvonlari, metall va jangovar aravalarning nomlarini anglatuvchi so‘zlar yaxshi ma’lum.
Oriylarning asl vatani va ularning keng yoyilishi.
tahrirQadimgi hinduoriylar va eronliklarning tillari sezilarli darajada o‘xshash ekanligi, ularning dastlabki yashagan joylari yagona o‘lka bo‘lganligi haqidagi taxminlarni yuzaga keltirgan.
Tilshunoslik va boshqa fanlarni qiyoslash natijasida qadimgi hindlar va eronliklar birga yashab, hinduoriy umumiyligini tashkil etganliklari ma’lum bo‘ldi. Masalan, bu xalqlarning tillari va qadimiy yozma asarlarining (“Avesto”, “Veda”) bir-biriga yaqinligi, diniy va ijtimoiy o‘xshashliklar fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Taxminlardan yana biri, hinduoriy qabilalarining ajdod-lari, dastlab, Markaziy Osiyo va unga qo‘shni o‘lkalarda yashaganlar. Bu hududda yashagan qabilalarning ayrimlari Hindistonga, ayrimlari esa Old Osiyoga kelib qolganlar. Ularning nutq va madaniyati izlari taxminan miloddan avvalgi II ming yillik o‘rtalariga oiddir. Shuningdek, Midiya forslarining ajdodlari bo‘lgan Eron qabilalari G‘arbiy Eronga qarab harakat qilganlar. Albatta, bu fikrga qo‘shilmaydigan olimlar ham bor.
Boshqa nuqtai nazarni yoqlovchilar hinduoriylarning asl vatani janubiy rus dashtlari ekanligini ta’kidlaydilar. Hinduoriylar janubiy rus dashtlaridan Kavkaz orqali Hindiston va Eronga harakat qilganlar. Ba’zi olimlar oriylarni Hindistonga ikkala yo‘l orqali, ya’ni Kavkaz va Markaziy Osiyo orqali kelishi mumkinligini taxmin qiladilar.
Har yili Markaziy Osiyoda arxeologlar tomonidan qo‘lga kiritilgan materiallar ko‘payib bormoqda. Qazilma ishlari va yangi topilmalar Markaziy Osiyoda bronza davri madaniyati va Markaziy Osiyoning Xarappadagi keyingi madaniyati o‘rtasidagi o‘zaro aloqlar haqida guvohlik beradi.
Oriy qabilalarining joylashishiga kelsak, bu albatta uzoq davom etgan qiyin jarayon bo‘lgan. Olimlarning ta’kidlashicha, bu jarayon bir necha yuz yillar mobaynida ro‘y bergan. Veda matnlari ma’lumotlari va arxeologik materiallar umumiy miqyosda hinduoriy qabilalarining sharqqa harakatini va Gang vodiysi o‘lkalarining o‘zlashtirilishini kuzatishga imkon beradi.
Mahalliy qabilalar bilan harbiy to‘qnashuvlar, oriy qabilalarining ichida o‘zaro nizolar bo‘lib turgan.
Olimlar oldida yana bir qiyin masala turibdi. Ular dastlab Hindistonning qaysi viloyatlarida paydo bo‘lganlar? Bizgacha yetib kelgan eng qadimgi yodgorlik – Rigveda miloddan avvalgi II ming yillik oxirlariga mansub deb aytilyapti. Lekin Rigvedaning yagona bo‘lib yig‘ilishi jarayoni ancha ko‘p vaqt talab qilgan. Rigveda hinduoriylarning kirib kelishi ancha oldin, taxminan miloddan avvalgi XIII-XII asrlarda sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, olimlar hinduoriy qabilalarining Hindistonga Rigveda asoschilari paydo bo‘lmasdan oldin kelgan bo‘lishi mumkinligini ham inkor qilmaydilar.
So‘nggi yillarda hinduoriylar bilan veda davrining aniq arxeologik madaniyatini bog‘lashga imkon beruvchi muhim arxeologik materiallar paydo bo‘ldi. Tadqiqotlar Panjob, Jamna va Gangning yuqori qismlari, bu daryo bo‘ylarida, Ollohobod hamda shimoli-sharqiy Rajaston o‘lkalarida kulrang naqshli madaniyat tarqalganini ning ko‘rsatadi. Olimlar bu taraqqiyotni ikki qismga bo‘lganlar. Birinchisi, shimoliy o‘lkalarda miloddan avvalgi XI asrgacha bo‘lgan davrda tarqalgan, ikkinchisi esa Xarappadan janubda va shimoli-sharqiy Panjobda miloddan avvalgi 1000-500 yillargacha bo‘lgan davrda tarqalgan qismlardir. Olimlarning keyingi kashfiyotlari so‘nggi Xarappa qishloqlarining kulrang naqshli sopol madaniyati bilan bevosita aloqalari mavjud bo‘lganligini ko‘rsatdi. Bu topilmalar so‘nggi xarappaliklarning bu madaniyat asoschilari bilan nafaqat muloqotda bo‘lganlari, balki ular bilan uzoq vaqt mobaynida hamkorlik qilganliklarini ko‘rsatadi.
Qalin o‘rmonlar bilan qoplangan joylarda harakat qilish ancha qiyin bo‘lgani uchun hinduoriylar o‘rmon massivlarini tozalashga majbur bo‘lganlar. Ular ba’zi o‘lkalarda mahalliy qabilalarning qarshiliklariga uchramaganlar va yangi-yangi yerlarni egallab, tez sur’atda janub va sharqqa qarab harakat qilganlar. Dushmanlik munosabatlariga duch kelgan hinduoriy qabilalari ba’zi hududlarda mahalliy qabilalarni kuch ishlatish yo‘li bilan o‘zlariga bo‘ysundirganlar.
Hinduoriylarning Hindistonda mahalliy aholi bilan assimilyatsiya jarayoni va oriylarning sharqqa tomon harakati tezroq kechgan. Ularning Shimoliy Hindiston va keyinchalik, janubiy viloyatlar bo‘ylab yoyilishi veda qabilalari ijtimoiy va siyosiy tuzumlarining rivojlanishi natijasida sodir bo‘lgan. Bu veda matnlarida o‘z aksini topgan.
Tilshunoslik fani hinduoriylarning mahalliy qabilalar bilan o‘zaro aloqalari haqidagi ma’lumotlarni isbotlaydi. Rigvedada dravid va mundaga oid so‘zlar uchraydi. So‘nggi veda matnlarida boshqa tillardan kirgan so‘zlar soni ko‘p uchraydi. Sanskritdan, masalan, mahalliy o‘simliklar va hayvonotga oid oriylarga oid bo‘lmagan so‘zlar talaygina. Bundan tashqari, tilga oid ma’lumotlar mahalliy qabilalarning diniy tushunchalari hinduoriylarga ta’sir qilgani haqida ham xabar beradi.
Sekin asta o‘zida hinduoriy va mahalliy qabila yutuqlarini mujassam etgan Shimoliy hamda Sharqiy Hindistonning ayrim qism aholisi uchun umumiy bo‘lib qolgan yangi madaniyat vujudga kelgan. Tekshirishlar, arxeologik, lingvistik, adabiy va diniy yodgorliklar materiallarini qiyoslashdan kelib chiqqan holda, olimlar bu madaniyatni faqat oriylarniki deb qarab, uni “kelgindi” madaniyat sifatida o‘rganish noto‘g‘ri degan xulosaga keldilar.
Miloddan avvalgi I ming yillik o‘rtalarida Gang vodiysi-ning o‘zlashtirilishi va Shimoliy Hindistonda hinduoriylar-ning yoyilish jarayoni nihoyasiga yetgan. Bu vaqtdan boshlab veda davrining barham topib, Magadxa-mauriylar davri boshlangan bo‘lishi mumkin.
Veda qabilalarining asosiy mashg‘ulotlari dehqonchilik va chorvachilik bo‘lgan. Yerga ishlov berishning rivoj topishi va aholining o‘troq hayot tarziga o‘tishiga ishlab chiqarishda temirdan foydalanish turtki bo‘ldi. Arxeologik qazishlarning ko‘rsatishicha, miloddan avvalgi X asrda shimoliy Hindistonda temir ma’lum bo‘lgan, ammo uning keng tarqalishi keyinroq yuz bergan. Temir qurollar yordamida Gang vodiysi o‘rmonzorlarini o‘zlashtirish, tuproq unumdorligini oshirish, sun’iy sug‘orish oson kechgan. Temir hunarmandchilik taraqqiyotiga turtki berdi. Yerni yog‘och omoch bilan haydalsa-da, hosilni yig‘ishda o‘roqdan foydalanilgan. Ko‘p o‘tmay yog‘och omoch o‘rnini temir mola egallagan. Bu esa toshloq yerlarni haydashda ancha qo‘l keldi. Yerga ishlov berishning turi juda ko‘p edi. Bu: yer haydash, ekish, hosilni yig‘ish, donni yanchish va b. Rigvedada sug‘orish uchun zarur bo‘lgan charxpalaklar, sug‘orish maqsadida qurilgan maxsus kanallar bo‘lgan.
Veda davrida aholi boshoqli ekinlarning ko‘p xillari, jumladan, arpa, sholi, dukkakli ekinlar (loviya, no‘xat va hokazo) yetishtirganlar. Hinduoriylar sholini bilishmagan, uni o‘stirish usulini mahalliy xalqdan o‘rganganlar. Veda qabilalari hayotida yerga ishlov berish bilan bir qatorda chorvachilik ham muhim ahamiyat kasb etgan. Ularning boyliklari, asosan, chorva bilan o‘lchangan. Xastinapur shahri vayronalaridan buqa, echki, qo‘y, cho‘chqa va otlarning suyaklari topilgani bu dalilni tasdiqlaydi.
Aholining transport vositalari ho‘kiz qo‘shilgan arava va ot qo‘shilgan yengil aravachalardan iborat bo‘lgan. Veda qabilalari unchalik katta bo‘lmagan mustahkam qo‘rg‘onlarda yashaganlar. Rigvedada nomi tilga olingan shaharlar - puralar qishloq markazlari va paxsadan qurilgan turar joylar bo‘lgan.
Gang vodiysidagi shaharlarda hunarmandchilik taraqqiy topgan. Temirchilar, duradgorlar, to‘quvchilar, zargar va qurolsozlar ko‘pchilikni tashkil etgan. Dehqonchilik asboblari va qurol-aslaha yasovchilar, uy joy quruvchilar, temirchi va duradgorlar e’zozlangan. Bu davrda qabilalar o‘rtasida ichki va tashqi savdo taraqqiy etgan. Tashqi savdo dengiz orqali olib borilgan. Rigvedadagi madhiyalarda, masalan, yuz eshkakli okean kemalari, okean tubidagi qimmatbaho narsalar to‘g‘risida so‘z boradi.
Mulkiy va ijtimoiy tengsizlik.
tahrirVedalar jamiyatida mulkiy tengsizlik mavjud edi. Katta chorva egasi bo‘lgan badavlat kishilar bilan bir qatorda kambag‘allar ham bo‘lgan. Chorvaning kimga oidligini bilish uchun tamg‘a bosilgan. O‘ziga to‘q odamlar mo‘l-ko‘l xayr-ehson qilsa, oddiy fuqarolar – ozgina sadaqa berish bilan kifoyalanganlar. Ishlov berishga yaroqli yerlar xususiy kishilarga berilgan. Bu munosabat, o‘z navbatida, mulkiy va ijtimoiy tengsizlikka olib kelgan. Ayrim shaxslar va qabilalar o‘rtasida yerga vorislik borasida mojarolar kelib chiqqan. Jamoaning ayrim a’zolari asta-sekin boyib borib, jamoaning imtiyozli kishilariga aylangan.
Quldorlikning paydo bo‘lishi mulkiy va ijtimoiy tengsizlikning yorqin ifodasi edi. Bu davrda harbiy asirlar (dasa) qulga aylantirilgan. Ilgarilari dushmanlar “dasyu” yoki “dasa” deb bekorga aytilmagan. Dastlab erkin bo‘lgan jamoa a’zolari keyinchalik qullikka tusha boshlagan. Rigveda davridagi quldorlik boshlang‘ich ko‘rinishdagi quldorlik deya baholanadi.
Siyosiy tizim.
tahrirIlk veda davri urug‘-qabilachilik bosqichini boshidan kechirgan bo‘lsa, uning so‘nggi davrida sinfiy jamiyat va davlat paydo bo‘ldi. Vedalar davri qabilalari sinfiy xarakterga ega bo‘lgan birlashma ko‘rinishida yashaganlar. Rigveda madhiyalarida qachonlardir hinduoriylar yagona jipslashgan jamoa bo‘lib yashagani, birgalashib mehnat qilib, haq yo‘lida birgalikda xayru-ehson qilganliklari haqida rivoyatlar bor. Ganalar tepasida ganapati turgan. Gana yig‘inlarida ayollar qatnashish huquqiga ega bo‘lmaganlar. Ularning hech qanday siyosiy huquqlari bo‘lmagan. Ichki idora ishlari qabila jamoalarining teng huquqli a’zolari yig‘ilishida vidadtxa, sabxa, samitida hal etilgan. Vidadtxa eng ko‘hna tizimlardan bo‘lib, qabila oqsoqollari yig‘ilib turishgan. Samitidan farqli o‘laroq, unda, asosan, siyosatga oid masalalar ko‘rilgan. Samitida sabxadan ko‘ra ko‘proq kishi ishtirok etgan.
Aholi katta patriarxat oilalardan tashkil topgan. Urug‘chilik aloqalari kuchli bo‘lgan. Hayotning hamma jabhasida urug‘-totraning ta’siri sezilib turgan. Qishloq - grama ham boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan. Asta-sekin qabila jamoalari tabaqalarga bo‘linib, qabila boshliqlari uning boshqaruv hokimlariga aylandilar. Ilk veda matnlariga ko‘ra, avvalo hokim - roja tomonidan saylangan. Podshoning asosiy vazifasi xalqni himoya kilish edi. Davlatning paydo bo‘lishi uzoq muddat davom etgan jarayon bo‘lganligi sababli, eski siyosiy tizim qoldiqlari ancha vaqtgacha saqlanib qolgan.
Hukmdor tayinlanishida kuchli ta’sir ko‘rsatadigan sabxa va samita muhim rol o‘ynar edi. U asta-sekin qabiladoshlar yig‘inidan podshoning yaqinlari bo‘lmish zodagonlar majlisiga aylangan. Podsho hokimiyati kuchaygan sari sabxa bilan samitining roli pasaya borgan. Davlat hokimiyati tizimlari, doimiy davlat lavozimlari paydo bo‘lgan. Xalqqa soliq solina boshlangan. Ilgari qabila boshlig‘ining xohishiga qarab beriladigan tortiq-hadyalar, xudolarga ataladigan sovg‘a-salomlar endi majburan podshoning maxsus amldorlariga to‘lanadigan soliq-bojga aylangan. Qabiladagi askarlap esa asta-sekin sena yoki senanati rahbarligidagi muntazam qo‘shinga aylangan. Jang paytida podsho va askarar (kshatriylar) yengil aravada, erkin jamoa a’zolari esa yayov holda kurashishgan.
Vedalar davrida podsho shaxsiyati muqaddas hisoblanganligi va ilohiylashtirilganligi bois uni saylash marosimiga (rajasuya) alohida e’tibor berilgan. Hukmdorning kohini (muroxita) katta obro‘ga ega bo‘lgan. U ayni paytda podshoning munajjimi - maslahatchisi ham hisoblangan.
Sekin-asta hukmdor saylash tizimi o‘rniga voris tayinlash tizimiga o‘tildi. Odatda hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tar edi. Ilk vedalar davrida gapalardan davlat tuzumi vujudga keldi va bu davlatlar monarxiya yoki respublika maqomini oldi.
Varnalarning paydo bo‘lishi. Kasta-tabaqa tizimi.
tahrirKastaning ayrim alomatlari va kasta tizimining ba’zi ko‘rinishlari ko‘plab xalqlarda uchraydi. Hindiston kasta tizimining eng yorqin namunasini o‘zida mujassam etgan. “Kasta” iborasi portugal tilida «urug‘», «qavm», “sifat” ma’nosini anglatadi. Bu so‘z XVI asrda portugallar Hindistonga kirib kelib, Hind ijtimoiy tuzumi bilan tanishganlaridan so‘ng Yevropa tillariga ham yoyildi. Goho kasta tizimini faqatgina Hindistonga xos deb bilishadi. Bunga sabab, kasta tizimi aynan Hindistonda yaxshi rivojlangan va uzoq vaqt mobaynida saqlanib qolgan. Bu nom bilan hind jamiyatidagi bir-birlaridan ajralgan guruhlarni atay boshladilar. Hindistonda bunday toifadagi odamlarni - “jati” degan sanskrit atamasi bilan nomlashgan.
Qadimgi hind jamiyatida “jati” bilan bir vaqtda sinfiy jamiyat vujudga kelishidan avvalroq, so‘ng sinfiy jamiyatda qonunlashtirilgan va mukammallashgan qadimiy tizim - “varna” - tabaqalar paydo bo‘ldi. Asta-sekin varnalar (braxmanlar, kshatriylar, vayshiylar, shudralar) bir-birlaridan alohida ajralishdi. Ular shakl jihatdan kastalarga o‘xshab ketardilar. Aslida esa kasta bilan varna bir-biridan farq qiladi. Kasta - qadimgi Hindistonda kishilarning mehnat turi, hunari yoki ixtisosi bo‘yicha ajratilishi, varna esa - o‘sha jamiyatdagi aholini to‘rtta tabaqaga bo‘linishidir. Har bir kasta kishilari boshqa kasta odamlaridan ayricha alohida-alohida yashardi. Ular o‘rtasida har qanday munosabat yoki muloqotlar qat’iyan ta’qiqlanardi. Bir kasta bilan ikkinchi kasta orasida qarindoshlik aloqalarini o‘rnatish qat’iyan man qilingandi.
Varna so‘zining asosiy ma’nosi – “tur”, “rang”, “sifat”, “daraja”. Mana shu oxirgi ma’nosida bu so‘z qadimgi Hindistonda ko‘proq ishlatilgan. Ingliz olimi Beshem shunday xulosaga keladiki, har bir varna bir rangni: braxman – oq, kshatriy - qizil, vayshiy – sariq va shudra – qora rangni belgilar ekan. Veda rivoyatlarida to‘rttala varnaning birinchi odam - Nurupadan kelib chiqqani aytiladi. Nurushakasta madhiyasida hikoya qilinishicha, braxmanlar Purushaning og‘zi, kshatriylarning qo‘li, vayshiylarning son qismi, shudralarning oyog‘idan paydo bo‘lgan emish. Olimlar varnalarning kelib chiqishini ibtidoiy jamoa tuzumining buzilishi bilan bog‘lashadi.
Shudralar tabaqasining vujudga kelishi murakkabroq bo‘lgan. Bunga ikki narsa: iqtisodiy mustaqillikdan mahrum etilgan fuqarolar va oriylar jamoasidan chiqarib tashlangan a’zolarning ko‘payishi sabab bo‘lgan. Bular to‘rtinchi varnani tashkil qilishgan. Ammo u nafaqat qabiladoshlar, balki begonalar hisobiga ish ko‘paygan. To‘rtta varna tizimining rivojlanishi bir vaqtning o‘zida shimoliy Hindistonning ko‘p joylarida kuzatiladi.
Qadimgi xalqlarda jamiyatning bir guruh a’zolarining boshqa a’zolar ustidan ustunligi sifat ko‘rsatkichi deb qabul qilingan va din muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Eng oliy varna braxmanlar hisoblangan. Braxmanlar diniy marosimlarni o‘tkazuvchilar edi. Jamoalarni muqaddas matnlar bilan tanishtirish, qurbonliklar qilish va muhim marosimlarni o‘tkazishga faqat braxmanlar haqli edi. Saroy kohini - puroxita davlat boshlig‘iga ta’sir o‘tkaza olardi.
Kshatriylar braxmanlardan keyingi tabaqada turishiga qaramay, ularning jamiyatdagi mavqelari baland, davlat, harbiy kuch, moddiy boyliklar hammasi kshatriylar qo‘lida edi. Braxmanlar adabiyotida bunday zodagonlarni turli xil: roja, rojaputra kabi nomlar bilan ataganlar.
Jamiyatning asosiy qismini vayshiylar tashkil qilgan. Ular asosan chorvadorlar va dehqonlar bo‘lib, braxmanlar va kshatriylarga kerakli moddiy boyliklarni yetkazib berishardi. Vayshiylar soliq to‘lovchi toifaga aylangan bo‘lsalar ham iqtisodiy tomondan mustaqil, yerga egalik qilish huquqiga ega, davlat apparatida muhim rol o‘ynar, piyoda askarlarning asosiy qismini tashkil qilar edilar. Vayshiylar vedalar davrida katta obro‘ga ega bo‘lganlar. Ammo o‘sha vaqtlardayoq ular orasida mulkiy bo‘linish kuzatilgan.
Birinchi uchta varna-braxman, kshatriy va vayshiylar “ikki marta tug‘ilganlar” toifasiga kirganlar. Shudralar esa bunday faxrli nomdan mahrum bo‘lganlar. Yuqoridagi uchta varnaga mansub odamlar voyaga yetganda “ikkinchi marta tug‘ilish” marosimini o‘tkazganlar. Marosimning asosiy qismida voyaga yetgan bolaning bo‘yniga bog‘ich taqilgan. Har bir varna a’zosi uchun bog‘ichlar har xil matodan yasalgan. «Ikki marotaba tug‘ilgan»ning hayoti to‘rt ajrim – bosqichdan iborat bo‘lgan. Birinchisida u braxmacharin - shogird, ikkinchisida grixasta - uy xo‘jayini, uchinchisida - vananrastxa - o‘rmon zohidi, to‘rtinchisida san’yami yoki ati - tarki dunyo qilgan zohid bo‘lgan. Birinchi bosqichda braxmacharin ustozi - guruning uyida yashaydi. Ustozga xizmat qilish, o‘qish uchun to‘lov o‘rnida bo‘lgan. Keyinchalik pul olib o‘qitadigan o‘qituvchilar ham paydo bo‘lgan. Hayotning ikkinchi qismida u uylanib, uy egasi bo‘lgan, u oilasini boqish va xudo yo‘liga o‘tkaziladigan rasm-rusumlarni ado etishi, qarib nevarali bo‘lgandan keyin, uyni tark etib, o‘rmonga ketishi va u yerda yolg‘izlikda qadimgi vedalarni o‘rganishi kerak edi.
Hayotning to‘rtinchi qismida o‘z hayotini tugatayotganini his qilib ko‘z yumishi kerak edi. Shudralarni «ikki marotaba tug‘ilganlar» bilan birga o‘tirib ovqatlanishi taqiqlangan edi. Shudralarga “bir marta tug‘ilganlar” deb qaralardi. Ularga diniy marosimlarda ishtirok etish, muqaddas kitoblarni o‘rganish man qilingan. Shudralarning davlat apparatida ishlashga haqlari yo‘q edi. Ularning qismati “ikki marta tug‘ilganlar”ga xizmat qilish edi. Shudralarga bo‘lgan bu munosabatdan ular ijtimoiy og‘ir ahvolda ekanligi va iqtisodiy mustaqil bo‘lmagani ayon. Shudralar odatda kambag‘al, past tabaqaga mansub kosib, malay edilar. Ular qul bo‘lmasalar-da, davr taqozosi bilan qul ahvoliga tushib qolishlari mumkin edi. SHunday qilib, ibtidoiy jamoa tuzumining buzilishi tabaqalar kelib chiqishiga olib keldi.
Adabiyot
tahrir- Enolit // notiqlik - Yaya. - m. - Sovetskaya entsiklopediyasi, 1957 yil. - (Katta Sovet Entsiklopediyasi: [51 jildda.
- MongAc A. L. G'arbiy Yevropa arxeologiyasi. Tt. 1-2. 1975 yil.
- Masdon V.M. SSSR Fanlar akademiyasining Eneyolit. IA. - m .: Nauka, 1982-360 p.: Xaritalar., Xaritalar. - (SSSR arxeologiyasi. [T. 4]). - Bibliografiya: p. 334-347. (N. bilan birga, men harakat qilaman, R. M. M. Moncherev. E.K. Chernishsh).
- Ryndina N.V., Degtiqeva A. D. Enolit va bronza davri. M.: Moskva davlat universiteti, 2002 yil.
- Mis davri / Chernyx E. N. // Manikovskiy - Meotid. - m.: Katta rus entsiklopediyasi, 2012 yil, 515-516. - (Katta rus entsiklopediyasi: [35 tonnadan] / ch. Ed. Yu. S. Osipov; 2004-2017, jild. 19). 19 978-5-85270-3-8.
- Metallurgiya viloyati / Chernyx E. N. // mezinskiy arxeologik madaniyat - mo'g'ul-tatar bosqol. - M 978-5-8270-35-5.10 jild / ch. Ed. E. M.Juxkov. - m.: Genestrizdat, 1955 yil 955. - T. 1. - 746 p.
- Jahon tarixi 6 jild /; ch. Ed. A.O. Chubariotv. Ed. V.A. Golovin, V.I. Ukolov. - m .: ilm, 2011. 1. - T. 1. 822 p. -Ibn 978-5-0-0367-5.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |