Epidermofitiya (epidermis va yun. — oʻsimlik) — terining zamburut kasalligi. Dermatofit zamburugʻlari (3 turi) qoʻzgʻatadi. E. bir necha xil boʻladi. Oyoq panjasi E.sida koʻproq tirnoklar kasallanadi. Kasallik manbai E. bilan ogʻrigan bemor hisoblanadi. Bu xil E. odamga begona poyabzal, paypoq, ichki kiyim kiyganda, tirnoq oladigan qaychi va hokazodan foydalanganda, shuningdek, oilada, hammomda, choʻmiladigan joylardan yuqishi mumkin. Unga koʻpincha oyoq terlashi, qavarishi, bichilishi, venalarning varikoz kengayishi va boshqalar sabab boʻladi. Kasallik qoʻzgʻatadigan zamburugʻ salgina shilingan oyoq barmoqlari orasiga kirib olgach, oʻsha joy shoʻralab, poʻst tashlaydi, soʻngra ichi suyuqlikka toʻla pufakchalar paydo boʻlib, ular yoriladi va ichidan suyuqlik chiqadi ( u dastlab tiniq boʻlib, keyinchalik xiralashadi), eroziyalar hosil boʻladi, keyin qora qoʻtir bilan qoplanib, maʼlum vaqtdan soʻng tushib ketadi va yangiyangi pufakchalar paydo boʻlaveradi. Ular bir-biri bilan qoʻshilib kattalashadi, suvlanadi, yalligʻlanib qizaradi va qichishadi.

Barmoqlar orasi terisi qavatqavat boʻlib yumshab, oqarib turadi; burmalar osti yorilib, qattiq qichishadi, keyinchalik bu alomatlar asta-sekin kamaya borib, shu soha terisi bir oz quruqshab turadi. Bu bilan kasallik tuzalmaydi, aksincha davolanmasa, surunkali tus oladi; yoz kunlari botbot qoʻziydi. E. zamburugʻi tushgan tirnoq yuzida sariq dogʻ va chiziqchalar paydo boʻladi, keyinchalik tirnoq yumshab, uvalanib ketadi. Ana shunday tirnoqda va terining koʻchgan kepaklarida zamburugʻ ipchalari hamda sporalari boʻladi.

Rubrofitiyada oyoq panjasidan tashqari qoʻl panjasi, teri burmalari, yuz va badan kasallanadi. Kasallik manbai, uning yuqishi va tarqalishi oyoq panjasi E.siga oʻxshash.

Chov E.sida koʻproq chov, qoʻltiq va ayollarda koʻkrak bezi osti burmalari yalligʻlanib, toʻq qizil dogʻlar paydo boʻladi, qattiq qichishadi. Kasallik bemor yoki u ishlatgan buyumlar (mochalka, kleyonka, kiyimkechak) orqali yuqadi.

E.ni vrach davolaydi. Kasallik kechiktirib yuborilganda uni davolash ancha mudpkul. Shuning uchun E.ga xos dastlabki alomatlar paydo boʻlganda darhol vrachga uchrashish, bilarbilmas davo qilishga aslo yoʻl qoʻymaslik kerak; aks holda kasallik avj olib ketishi yoki ekzemaga oʻxshash allergik toshmalar toshishi mumkin. Shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish, shuningdek, begona poyabzal, paypoqlarni kiymaslik; badanni, xususan, koʻp terlaydigan teri burmalarini alohida sochiq bilan artib quritish, qoʻp terlashni davolash kerak.