Ersari — yirik turkman qabilalaridan biri. Ersarining kelib chiqishi haqida maʼlumotlar juda ozdir. Manbalarga koʻra, Ersari qabilasi 14-asrda paydo boʻlgan. Rivoyatlarga qaraganda, qabila Ersari boy nomiga qoʻyilgan. Abulgʻoziy Bahodirxon maʼlumoticha, Ersarilar 16—17-asrlarda salor qabilasi tarkibida Bolxon togʻlari yaqinida va Uzboyda yashaganlar. 17-asrning 1-yarmida Ersarilarning katta bir qismi Xorazmga kelib oʻrnashgan. 17-asrning 70-yillarida Xorazmdagi siyosiy voqealar natijasida Ersarilar bir qancha turkman qabilalari bilan birga Amudaryoning oʻrta oqimida hozirgi Lebap (Chorjuy) viloyati, Sayot tumanidan boshlab Janubiy Afgʻoniston chegarasigacha boʻlgan hududlarga oʻrnashganlar. 18-asrning oxiri — 19-asrning boshlarida Ersarilarning bir qismi turkmanlarning sariq va taka qabilalari bilan Murgʻob vohasiga joylashgan. Ersarilar quyidagi yirik va kichik urugʻlarga boʻlingan: qora (quraysh, chekich, gagan, qozon, mamish, boy, islom, yaban), bekovul (sirli, ushakan, kultoq, lambe, yermi, togʻochi), uludepe (esonmetli, qoracha, surx, oq teri, qizil oyoq, etbosh, chortoq, mesir, qorabagʻish, aji, gaburdi, surxi, qurama), gunesh (qorasoqol, sulaymon, umar, chokir, koʻzoʻlcha, qurama). 1924-yil maʼlumotlariga qaraganda, Oʻzbekistonda Ersarilar Buxoro, Qarshi, Sherobod vohalarida ham yashashgan. Ersarilar turkman xalqi tarkibiga singib ketgan.