Evfemizm (yunoncha: ἐυφήμη — yumshoq ifodalash) — soʻzlovchiga aytish noqulay, noo‘rin yoki qoʻpol tuyulgan soʻz va iboralarning sinonimi sifatida paydo boʻlgan soʻzlar. Evfemizm salbiy voqelikni atashdan qochish, shunday voqelikning salbiy taʼsirini yumshatish uchun xizmat qilib, kishining izzat nafsiga tegadigan, unga malol keladigan, hurmatsizlik ifodalaydigan, axloqiy meʼyorlarga zid keladigan holatlarning yoki toʻgʻridan-toʻgʻri aytish mumkin boʻlmagan maxfiy voqeliklarning salbiy taʼsirini kamaytirish, ularni yashirish, berkitish; noxush xabarni beozorroq, yumshoqroq shaklda yetkazish, ifodalash uchun ishlatiladi. Masalan, oʻldi deyish oʻrniga olamdan oʻtdi, koʻz yumdi, vafot etdi; tugʻdi deyish oʻrniga koʻzi yoridi, yengillashdi kabi iboralardan foydalanish. Tilda evfemizmning qoʻllanishi tabu hodisasi bilan bogʻliq holda tarixiy etnografik hodisa sifatida shakllangan. Evfemizm xalqlardagi urf-odat, madaniy saviyaning darajasi, estetik did va etnik meʼyorlarning rivojlanishi bilan bogʻliq. Tilning taraqqiyoti bilan uning evfemistik qatlami ham rivojlanadi. Yangicha axloq-odob, yangicha dunyoqarash meʼyorlari asosida evfemizmning yangi shakllari yuzaga keladi. Tilda muayyan nutq vaziyati talabi bilan vujudga kelgan evfemizm ham mavjudki, ularning maʼnosi koʻpincha matn orqali oydinlashadi. Masalan, “Raʼnoni egasiga topshirmagunimizcha, — dedi Nigor oyim, — quyilmaydiganga oʻxshaydi” (A. Qodiriy) jumlasida nutq odobi nuqtai nazaridan erga bermoq iborasi oʻrnida egasiga topshirmoq shaklidagi evfemizm qoʻllangan. Evfemizm ilmiy va rasmiy uslublarda keng qoʻllanadi.

Manbalar

tahrir

Shomaqsudov A., Rasulov I., Qoʻngʻurov R., Rustamov H., Oʻzbek tili stilistikasi, T., 1983; Omonturdiyev A., Oʻzbek nutqining evfemik asoslari, T., 2000. Neʼmat Mahkamov.