Exinokokk
Exinokokk — tasmasimon chuvalchanglar sinfiga mansub parazit. Voyaga yetgan davrida yirtqich hayvonlar (it, boʻri, chiyaboʻri, mushuk) ichagida parazitlik qiladi. Uzunligi 3–6 mm, gavdasi 4 soʻrgʻichli bosh, 3—4 boʻgʻimli tanadan iborat. Oxirgi boʻgʻimdagi jinsiy organlarida tuxum hujayralar yetiladi. Tuxumlari xoʻjayini axlati bilan tashqariga chiqariladi. E. tuxumlari ifloslangan yemxashak bilan oraliq xoʻjayin (odam va oʻtxoʻr hayvonlar: sigir, qoʻy, echki, choʻchqa) ichagiga tushganida ulardan onkosfera lichinkasi chiqadi. Lichinka ichak devoridan qonga oʻtadi va darvoza venasi orqali jigar, oʻpka, muskullar va suyaklarga borib, pufaksimon bosqich — E. finnasiga aylanadi. Har bir pufak devorida yana ikkilamchi, soʻngra uchlamchi pufaklar hosil boʻladi. Pufaklar ichida parazit boshchasi shakllanadi. Pufaklar yiriklasha borib, mushtdek va undan kattaroq boʻladi. Qoramollar jigaridan 64 kg ogʻirlikdagi exinokokk finnasi topilgan. E. pufak davrida exinokokkoz kasalligini paydo qiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |