Fadala ibn Ubayd al-Ansoriy (arabcha: فَضَالَةَ بْنِ عُبَيْدٍ الأَنْصَارِيِّ; vafoti: 673 yoki 678-679-yil) — Damashq qozisi va Umaviylar xalifasi Muoviya I (h. 661–680) qoʻli ostidagi qoʻshin qoʻmondoni. Islom va Vizantiya manbalari tomonidan 667-668 va 672-yillar oraligʻida Fadala boshchiligidagi bir qator dengiz reydlarini oʻz ichiga olgan bir nechta harbiy yurishlar haqida turli xil maʼlumotlar berilgan. Musulmon manbalari Fadala ibn Ubaydni 673-yilda Damashq qozisi boʻlib xizmat qilgan vaqtida vafot etgan deb hisoblasa, Xalifa ibn Xayyot uni 678-679-yillarda vafot etgan deya maʼlumot beradi.

Yoshlik yillari va martabasi

tahrir

Fadala ibn Ubayd Islom paygʻambari Muhammadning sahobasi boʻlib, ansorlarga (Muhammadning Madinadan ilk tarafdorlari) mansub edi[1][2]. U 640-yillarning boshlarida Misrning musulmonlar tomonidan bosib olinishida, soʻngra Suriyaning Damashq shahridagi yurishlarda ishtirok etgan[2]. U yerda shahar qozisi (bosh qozisi) Abu-d-Dardoning (vafoti: 652) shogirdi boʻlgan. Abu-d-Dardo Fadalani oʻziga voris qilib tayinlagan[1]. Fadala 656-yilda xalifa Usmon oʻldirilganidan keyin yangi tayinlangan xalifa Aliga hurmat koʻrsatmagan va unga boʻysunishni istamaga oz sonli ansoriylardan biri edi[3][4]. Shuningdek, ular orasida boʻlgan Zayd ibn Sobit, Maslama ibn Muhallad va Nu’mon ibn Bashir Usmoniylar tarafdorlari hisoblanishgan[3].

Arab-Vizantiya urushlariga qoʻmondonligi

tahrir

Fadala xalifa Muoviya I davrida arab-Vizantiya urushlariga qoʻmondonlik qilgan (h. 661–680)[4]. Muhammad ibn Ahmad al-Xorazmiy va Tabariy (vafoti: 923) tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, Fadala 669-670-yillarda Vizantiyaga qarshi qishki yurishga boshchilik qilgan, Yaʼqubiyning (vafoti: 897) yozishicha esa Fadala tomonidan ushbu urushda koʻpchilik asirga olingan[5]. Ibn Abdulhakam (vafoti: 871) Fadalaning Suriya harbiy dengiz kuchlariga, Uqba ibn Amir esa uning Misr flotiga boshchilik qilganligini qayd etgan[5]. Shuningdek, Uqba ibn Amir tomonidan Fadalaning 671 yoki 672-yillarda Vizantiya poytaxti Konstantinopoldan Marmar dengizining narigi qirgʻogʻidagi Kizikda qishlagani aytilgan[5]. Yaʼqubiy va Tabariy uni 671 yoki 672-yillarda Vizantiyaga qarshi qishki yurishlarga qoʻmondonlik qilgan deya maʼlumot bersa, Xalifa ibn Xayyot (vafoti: 854) uning xuddi shu yurish paytida arab dengiz kuchlariga rahbarlik qilganini aytib oʻtgan[5][5].

Oʻlimi

tahrir

Koʻpchilik musulmon olimlar tomonidan berilgan manbalarga koʻra, Fadala 673-yilda Damashqda qozi sifatida faoliyat yuritayotgan vaqtida vafot etgan[1]. Xalifa ibn Xayyot Fadalaning oʻlimi 678 yoki 679-yillarga toʻgʻri kelishini yozgan[2]. U Abu-d-Dardo va uning rafiqasi Ummu Dardoning qabri yaqinidagi Bob as-Sagʻir qabristoniga dafn etilgan. Uning qabri XVI asrning oxirlarida ziyorat qilinadigan joy boʻlgan[6]. Fadalaning vafotidan soʻng uning oʻrniga Abu-d-Dardoning oʻgʻli Bilol yoki an-Nuaym ibn Bashir oʻtirgan. Uning shogirdlaridan biri Abdurrahmon ibn al-Hashas al-Udriy xalifa Umar ibn Abdulazizga (h. 717–720) xizmat qilgan[1].

Manbalar

tahrir
  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Judd 2014.
  2. 2,0 2,1 2,2 Tsigonaki 2019.
  3. 3,0 3,1 Brockett 1997.
  4. 4,0 4,1 Caskel 1966.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 Jankowiak 2013.
  6. Meri 2001.

Adabiyotlar

tahrir