Fakultet (lotincha: fakultas – imkoniyat, qobiliyat) – oliy oʻquv yurtining oʻquv-ilmiy, maʼmuriy-tashkiliy boʻlinmasi. Bir yoki bir necha yondosh mutaxassisliklar boʻyicha talaba va aspirantlarni tayyorlash, xalq xoʻjaligi va madaniyatning tegishli sohasi xodimlarining malakasini oshirish, shuningdek, oʻzi birlashtirgan kafedralarning ilmiy tadqiqot ishlariga rahbarlik qilish bilan shugʻullanadi.

Oʻquv yurtlarining fakultetlarga boʻlinishi oʻrta asrdagi universitetlardan boshlangan. Odatda, ilk universitetlarda 4 ta fakultet mavjud boʻlgan. Sanoat rivojlangan, fantexnika taraqqiyoti yuksalgan XVII-XIX asrlarga kelib, oliy maktablardagi fakultetlar soni koʻpaygan. Ixtisosliklar va taʼlim turlari boʻyicha oʻquv ishlarini samarali yoʻlga qoʻyish uchun, ayrim hollarda, fakultetlar tarkibida boʻlimlar tashkil etiladi. Fakultetdagi oʻquv, taʼlim-tarbiya va ilmiy ishlarga dekan rahbarlik qiladi. Fakultet faoliyatidagi asosiy masalalarni koʻrib chiqish uchun dekan rahabarligida fakultet ilmiy kengashi tashkil etiladi.