Fan nomzodi
Fan nomzodi – Oʻzbekiston va ayrim sobiq sovet mamlakatlarida beriladigan ilmiy daraja. Oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari koshidagi ixtisoslashgan ilmiy kengashlar tomonidan nomzodlik imtihonlarini topshirgan, fanning dolzarb muammolari boʻyicha mustaqil yozilgan dissertatsiya tadqiqot ishini himoya qilgan oliy maʼlumotli shaxslarga beriladi. 1934-yilda taʼsis etilgan. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan nazorat tariqasida koʻrib chiqiladi va Fan nomzodi ilmiy darajasini tasdiqlovchi diplom beriladi. Fan nomzodi oliy oʻquv yurti yoki ilmiy tadqiqot institutlarida dotsent, katta ilmiy xodim, kafedra, boʻlim, labaratoriya mudiri lavozimlarini egallash uchun tanlovlarda qatnashish va fan doktora ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyani himoya qilish huquqiga ega. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya aspirantura taʼlimi davrida yoki mustaqil ravishda yoziladi. Dissertatsiyada yangi ilmiy va amaliy xulosa hamda tavsiyalar berilishi, tadqiqotchining mustaqil ilmiy ishlar olib borish qobiliyati namoyish etilishi, fanning mazkur sohasidagi nazariy bilimdonligi aks etishi lozim. Fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun yozilgan dissertatsiyaning asosiy gʻoyalari qator ilmiy-nazariy va amaliy yoʻnalishdagi maqolalarda, tavsiya va qoʻllanmalarda oʻz ifodasini topmogʻi kerak. Dissertatsiyaning himoyasi oliy oʻquv yurtlari va ilmiy tadqiqot institutlari qoshidagi birlashgan ixtisoslashtirilgan ilmiy kengashlarda amalga oshiriladi. 2002-yil Oʻzbekistonda ilm-fanning turli sohalarida 8904 Fan nomzodi faoliyat yuritdi.
Yana qarang
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |