Faqiriy
Faqiriy (taxallusi; asl ismsharifi Abdurazzoq Abdujabbor oʻgli) (1880 – Xiva yaqinidagi Boʻzxona qishlogʻi – 1925) – shoir, xattot va naqqosh. Xivadagi Olloqulixon madrasasida oʻqigan. Sharq mumtoz adabiyotini oʻrganib, oʻzi ham sheʼrlar yoza boshlagan. Otasidan yogʻoch va tangaga naqsh oʻyish sanʼatini oʻrgangan. Mashhur xattot Xudoybergan Devonning shogirdi boʻlgan.
Faqiriy 1914—1915 yillarda oʻz sheʼrlarini toʻplab, „Devoni Faqiriy Xorazmiy“ ni yaratgan. „Devon“ gʻazal, masnaviy, murabbaʼ, muxammas, musaddas, mustazod, ruboiy, chistoy kabi janrlarda yozilgan sheʼrlardan iborat. Ularda sevgi va sadoqat, xalqparvarlik, vatanga muhabbat, maʼrifat, adolat, xalqlar doʻstligi, shaxs erki gʻoyalari ulugʻlangan. „Daftari ashʼor uljadida“ („Yangi sheʼrlar daftari“)da esa Faqiriyning 1916—1924 yillarda yozgan sheʼrlari mavjud. „Ayrilgʻali“, „Oʻzingsan“, „Boʻlmagʻay“, „Oʻzgacha“, „Ayo dilbar“, „Koʻrgach“, „Surating“ radifli gʻazallarida samimiy muhabbat, oshiq iztiroblari mahorat bilan tasvirlangan. Sheʼrlarining koʻpi real, hayotiy taassurotlar asosida yozilgan.
Soʻnggi yillarda yozilgan bir turkum sheʼrlari „Yugʻurumiya“ toʻplamiga kiritilgan (1923). „Devon“ning shoir qoʻli bilan koʻchirilgan nusxasi Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (inv. № 7679).
Manbalar
tahrir- Sheʼrlar, T., 1972; Asrlar nidosi, T., 1982.
Adabiyot
tahrir- Laffasiy Hasan Murod. Xorazm shoirlari, T., 1993; Oʻzbek adabiyoti tarixi 15j.li], 5j., T., 1980.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |