Fargʻona halqa avtomobil yoʻli
Fargʻona halqa avtomobil yoʻli – umumdavlat (respublika) ahamiyatidagi yoʻl. Namangan viloyatining Pungon qishlogʻida A373 „Toshkent – Oʻsh“ xalqaro avtomobil yoʻlidan boshlanib, Qoʻqon – Rishton – Fargʻona – Andijon – Namangan – Chuyet – Pop shaharlaridan oʻtib Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida yana A373 avtomobil yoʻliga tutashadi. Yoʻlga 1931-yilda asos solingan boʻlib, xalq hashari usuli bilan qurilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida qarovsizlik oqibatida buzilib yaroqsiz holga keldi. Urushdan keyin 1946—1953 yillarda qayta qurildi, Fargʻona vodiysining asosiy avtomobil yoʻliga aylantirildi va yoʻl boʻylab muntazam yoʻlni saqlash xizmati tashkil qilindi. Keyinchalik yoʻl yoʻnalishidan chetda boʻlgan Chust va Shahrixon shaharlariga, Fargʻona dam olish zonasiga, Namangan aeroportiga, Pop temir yoʻl stansiyasiga, Karkidon suv omboriga va boshqa xoʻjalik obyektlariga uzunligi 43 km ni tashkil qiluvchi chiqish yoʻllari ham qurilib halqa yoʻl bilan uzviy bogʻlandi. Umumiy uzunligi 295 km, shundan 159 km — I toifali, 133 km – II toifali, 3 km – 111 toifali, qattiq asfaltbeton toʻshamali, yil davomidagi kunlik transport harakati jadalligi yoʻlning turli qismlarida turlicha boʻlib 5000— 12000 avtomobil /kunni tashkil qiladi. Yoʻlning daryolar, katta-kichik tabiiy suv oʻzanlari bilan kesishuv qismlarida uzunligi 5256 m boʻlgan 88 temirbeton koʻpriklar va uzunligi 20953 m boʻlgan 654 temirbeton quvurlar qurilgan.
Adtreltsov I. V., Semyonov L. I., Opit stroitelstva avtomobilnix dorog v Uzbekistane, T., 1965.
Tohirjon Mirzayev.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |