Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi (qisqacha FNQIZ) – neftni qayta ishlash sanoati korxonasi. Bosh korxona, uning tarkibiga Oltiariq neftni qayta ishlash zavodi, Pop va Angren neft bazalari kiradi. Yuqori oktanli benzin, shu jumladan, aviatexnik kerosin, dizel yonilgʻisi, kokos, turli xil motor va dizel moylari (kompressor, turbina, urchuq), parafin, motor moylariga koʻshimchalar, bitum, mazut kabi 56 dan ziyod turli neft mahsulotlari ishlab chiqaradi.

Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi
Turi AJ
Sanoat kimyo sanoati
Maqomi amalda
Ishga tushgan sanasi 1965-yil
Joylashuvi Farg‘ona shahri, Sanoat ko‘chasi, 240-uy
Hududiy xizmati Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xoʻjayinlar Sanoat Energetika Guruhi
Direktor Teshabayev Zafarjon Alimovich
Vebsayti fnpz.uz
Til(lar)i oʻzbek

Tarixi

tahrir

1958 yil 26 iyun kuni ilk ELOU (elektr tuzsizlantirish qurilmasi) qurilmasi ishga tushirildi. Atmosfera-vakuum neftni haydash texnologik qurilmasi ABT-1 1959 yilning boshida ishga tushirildi.[1]

Zavodning 1-navbati 1959-yil 27-yanvarda ishga tushirilib, Oʻrta Osiyoda birinchi marta surkov moylari ishlab chiqarila boshladi. 1965-yildan zavod quvvatlari toʻliq ishga tushirildi. 1966-yildan zavodning 2-navbati qurila boshladi. 1970-yildan zavodda K—12 markali va oktan soni undan yuqori boʻlgan benzin ishlab chiqarila boshladi.

90-yillar boshidan toʻliq Oʻzbekistonda qazib olingan neftni qayta ishlashga oʻtdi. 1992—2004-yillarda „Oʻzneftgaz“ xolding kompaniyasi tarkibida faoliyat koʻrsatdi.

2000-yilda zavod toʻliq taʼmirlandi, ishlab chiqarish boʻyicha 44 texnologik qurilmaga ega. Bir yilda 8,5 mln.t. neftni qayta ishlash quvvatiga ega.

1996—99 yillarda Yaponiyaning „Mitsui“ firmasi bilan xamkorlikda dizel yoqilgʻisidan oltingugurtni ajratib olish qurilmasi qurilib ishga tushirildi. Zavod ishtirokida yuqori sifatli motor moylari ishlab chiqaradigan „OʻzTeksako“ va motor moylariga qoʻshimchalar ishlab chiqaradigan „Farmoy“ Oʻzbekiston – Amerika qoʻshma korxonalari tashkil etildi.

Xususiylashtirilishi

tahrir

„Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi“ MChJ davlat korxonasi sifatida faoliyat boshlagan. Mustaqillikdan keyin ham davlat nazorati saqlanib qoldi.

2019-yil 10-aprelda imzolangan PQ-4275 sonli Prezident qarorida Fargʻona neftni qayta ishlash zavodidagi davlat ulushi („Oʻzbekneftegaz“ oʻzining „Oʻzneftmahsulot“ AJ kompaniyasi orqali egalik qilgan) 100 foiz miqdorda Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga oʻtkazishi belgilangan. Davaktiv oʻz navbatida FNQIZ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni 16 million dollarlik dastlabki toʻlov bilan Indoneziyaning PT Trans Asia Resources kompaniyasiga sotishi kerak edi[2].

2019-yilning 25-mayida Vazirlar Mahkamasi qarori bilan FNQIZ aylanma mablagʻlari uchun kamida 120 million dollar jalb qilish shartlari koʻrsatib oʻtilgan[3]. Indoneziya kompaniyasining oʻzbekistonlik rahbarlari Aʼzam va Omon Aslanovlar Oʻzbekiston24 telekanaliga zavodni modernizatsiya qilish va uni yanada rivojlantirish rejalari toʻgʻrida intervyu bergan edi[4].

PT Trans Asia Resources kompaniyasi 2019-yil 31-dekabrga qadar sotib olish boʻyicha ustuvor huquqqa ega boʻldi, ammo natijada xususiylashtirish amalga oshmadi.

Shundan soʻng, 2020-yilda Davaktiv FNQIZni ustav kapitalida 30 foiz „Oʻzbekneftegaz“ davlat kompaniyasi ulushi boʻlgan „Jizzakh Petroleum“ MChJning ishonchli boshqaruviga berishga qaror qildi[5].

2021-yil 11-fevralda imzolangan PF-6167 sonli Prezident farmonining 2-ilovasida FNQIZ 2021-yilda savdoga chiqariladigan davlat ishtirokidagi xoʻjalik jamiyatlari va davlat korxonalari roʻyxatiga kiritildi[6].

2021-yil 30-aprelda davlat nomidan zavodga egalik qiluvchi „UzAssets“ investitsiya kompaniyasi FNQIZ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi sotuvga qoʻyilganligini eʼlon qildi[7] [8]. Xususiylashtirish jarayoniga KPMG auditorlik kompaniyasi konsultant sifatida jalb qilindi.

Oradan 1 yil oʻtib, 2022-yil may oyida „Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi“ MChJ xorijiy „Sanoat Energetika Guruhi“ MChJga (sobiq Jizzakh Petroleum) sotildi. Bitim qiymati 100 million dollarni tashkil qiladi[9] [10]. Xususiylashtirish jarayonida KMPG, „Katta toʻrtlik“ga kirgan baholash kompaniyasi hamda „Dentons“ xalqaro yuridik firmasi jalb qilindi. Ushbu shartnoma investorga zavodni modernizatsiya qilish uchun 380 million AQSh dollaridan ortiq investitsiya kiritish majburiyatini yuklaydi. Shuningdek, kompaniya zamonaviy va ekologik toza benzin, „Yevro-5“ talablariga javob beradigan dizel yoqilgʻisi, Jet A-1 reaktiv yoqilgʻisi, suyultirilgan tabiiy gaz ishlab chiqarishni koʻpaytirish, neft agregatlarini modernizatsiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatini kamida 2 million tonnaga oshirishni taʼminlashi kerak. Yangi xoʻjayinga ijtimoiy majburiyatlar ham berilgan.

  1. „fnpz.uz“.
  2. „Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori“. lex.uz. Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  3. „Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJning ustav kapitalidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasi qarori“. lex.uz. Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  4. „Indoneziyalik investorlar Farg‘ona NQIZ modernizatsiyasi borasidagi rejalarini e’lon qildi“. Gazeta.uz (2019-yil 8-may). Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  5. „Кому переданы в управление Ферганский НПЗ, «Узбекуголь» и другие компании“. Gazeta.uz (2020-yil 17-iyun). Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  6. „2021-yilda savdoga chiqariladigan davlat ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari va davlat korxonalari (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11-fevraldagi PF-6167-son Farmoniga 2-ilova)“. lex.uz. Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  7. „“Farg`ona neftni qayta ishlash zavodi” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz ulushni sotish to`g`risida e’lon“. uz-assets.uz (2021-yil 30-aprel). 2023-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  8. „Farg‘ona NQIZ yana sotuvga qo‘yildi“. Gazeta.uz (2021-yil 3-may). Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  9. „“Фарғона нефтни қайта ишлаш заводи” МЧЖнинг 100 % улушини сотиш ҳақида эълон“. davlaktiv.uz (2022-yil 22-may). Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.
  10. „Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 1200 mlnga sotildi“. Gazeta.uz (2022-yil 23-may). Qaraldi: 12-iyun 2023-yil.