Fargʻona yogʻ-moy aksiyadorlik jamiyati
Fargʻona yogʻ-moy aksiyadorlik jamiyati — yogʻ-moy sanoatining yirik korxonasi. "Yogʻ-moy tamaki sanoat" uyushmasi tarkibida. Tozalangan va hidsizlantirilgan paxta yogʻi, paxta salat yogʻi, ozuqa salomasi, texnik salomas, texnik salomas yog` kislotalari, 88—98%li va yuqori navli glitserin, xoʻjalik sovuni, atir sovun, soya yogʻi va shroti ishlab chiqaradi. Korxona dastlab Fargʻona davlat yogʻ zavodi nomi bilan 1930-yil 1 oktabrda foydalanishga topshirilgan. 1931-yil sovun zavodi hamda yogʻni rafinatsiyalash sexi, 1935-yil texnik glitserin ishlab chiqarish sexi, 1946-yilda gidrogenizatsiya zavodi ishga tushirilgan. 1947-yildan Fargʻona yogʻmoy kombinati. 1950-yilda glitserinni bugʻlantirib sof toza mahsulot ishlab chiqaruvchi glitserin sexi, 1958-yilda yogʻni reaktivsiz parchalash sexi, 1959-yilda soapstok yogʻ kislotalarini distillyatsiya qilish tizimi qurildi. 1966-yildan mayonez tayyorlashda ishlatiladigan salat yogʻi ishlab chiqarish yoʻlga koʻyildi. 1994-yildan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. Korxona bir sutkada 800 t paxta chigitini qayta ishlash quvvatiga ega. Chet el texnologik uskunalari bilan jihozlangan. 2003-yilda korxonada 9,8 ming tonna paxta yogʻi, asosiy mahsulotlardan 2358 t "Uzbekistan" yogʻi, 259 t salat yogʻi, 1096 t glitserin, 7676 t xoʻjalik sovuni, 1224 t atir sovun, 14064 t texnik salomas, 1293 t soapstokning distillangan yogʻ kislotalari ishlab chiqarildi. 2002-yildan xorijdan olingan soya dukkaklaridan soya yogʻi ishlab chiqaradi. Korxona ishlab chiqaradigan mahsulotlardan soya shroti, glitserin chet ellarga eksport qilinadi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |