Farhod – sharq xalqlari ogʻzaki va yozma adabiyotida keng tarqalgan obraz. Farhod qadimgi mifologiya va folklorda togʻ qahramoni sifatida tasvirlangan. Rivoyatlarda Farhod afsonaviy kuchlardan ham yuqori qoʻyilgan. Badiiy adabiyotda dastlab forstojik shoiri Ogʻochiy (X—XI-asrlar) sheʼrlarida tilga olingan. Balʼamiy („Tarixi Tabariy“), Abu Dulaf („Risolai soniya“) asarlarida Farhod. Shirin bilan bogʻliq qahramon sifatida eslangan. Sharq adabiyotida birinchi boʻlib Nizomiy Farhod obrazini keng epik planda tasvirlagan. XIV asrda Nizomiy dostonini Qutb turkiyga tarjima qilgan. Xusrav DehlaviyShirin va Xusrav“ida Nizomiy izidan borgan. Farhod obraziga ayrim aniqliklar kiritgan. Nizomiyda Farhodning kelib chiqishi haqida maʼlumot yoʻq. Xusrav Dehlaviyda u Chin xoqonining oʻgʻli. Lekin ularda Farhod qahramon darajasiga koʻtarilmagan. Orif Ardabiliyning „Farhodnoma“ dostoni (1369) dan boshlab Farhod markaziy qahramon sifatida tasvirlana boshlagan. Farhodning mukammal epik obrazini Alisher Navoiy yaratgan. Navoiy Farhod obrazi orqali ideal inson haqidagi gumanistik qarashlarini ifodalab, eng yuksak insoniy fazilatlarni madh etgan. Navoiy dostonda Farhod va Shirinning chin sevgisi haqida hikoya qiladi va shu muhabbat fonida ijtimoiy hayot muammolarini yoritadi. Keyinroq Farhod haqida Kavsariy, Nizoriy va boshqa dostonlar yaratdilar. Soʻnggi davr dostonlari va sahna asarlarida ham Farhod obrazi yaratilgan (Xurshid, „Farhod va Shirin“; Samad Vurgʻun, „Farhod va Shirin“; Skosirev, „Farhod“ va boshqalar)..