Fassiolyoz
Fassiolyoz – odam va hayvonlarning gijja kasalligi. Trematodalar sinfiga mansub fassiolalar qoʻzgʻatadi. Ular tuxumini odam va oʻtxoʻr xayvonlar jigari, oʻt yoʻllari, oʻt pufagiga qoʻyadi, tashqariga axlat orqali chiqadi. Kasallik qoʻzgʻatuvchisining keyingi rivojlanish davri suvli muhitda va oraliq xoʻjayin organizmi – mollyuskalarda oʻtadi. Lichinka mollyuska tanasida bir necha bosqichda tullab rivojlanadi. Fassiolalar lichinkasi boʻlgan suv yoki oʻsimlik isteʼmol qilinganda fassiolyoz yuqadi. Kasallik oʻtkir va surunkali kechadi. Fassiolyozning qoʻzgʻatuvchisi organizmga kirib, oradan 2—4 hafta oʻtgach, bemor isitmalaydi, toshma toshib, yoʻtal paydo boʻladi. Jigar kattalashadi va ushlab koʻrilganda ogʻriydi, badan sargʻayadi, Fassiolyoz surunkali kechganda meʼda, ichak faoliyati buziladi, ovqat yaxshi hazm boʻlmaydi, goho koʻngli aynib, bemor qayt qiladi, ishtahasi yaxshi boʻlishiga qaramay, u ozib ketadi, darmoni quriydi.
Fassiolyoz odam va hayvonning axlati hamda qusugʻini tekshirib aniqlanadi. Hayvonlarda kasallik oʻtkir va surunkali davom etib, oʻt pufagi va oʻt yoʻllari yalligʻlanadi. Hayvon umumiy zaharlanadi, moddalar almashinuvi buziladi. Fassiolyoz bilan asosan, qoʻy, echki va qoramol kasallanadi.
Davolash: fassiolyozga sabab boʻlgan omil bartaraf etiladi va tegishli preparatlar beriladi.
Oldini olish: suvni qaynatib ichish, kasallik manbai boʻlgan yaylovlarni aniqlash va zararsizlantirish, fassiolalar tuxumini tarqatuvchi mollyuskalarni zararsizlantirish, yaylovlarni almashtirish va boshqa
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |