Zafarnoma

Nizomiddin Shomiy qalamiga mansub Amir Temur tarjimayi holiga bagʻishlangan tarixiy asar
(Fathnomayi Temuriydan yoʻnaltirildi)

"Zafarnoma" (ظفرنامه شامیZafarnomayi Shomiy — „Shomiyning Gʻalab kitobi“) — Amir Temur davlati tarixiga bagʻishlab yozilgan asar.

Zafarnoma
Asl nomi ظفرنامه شامی
Muallif(lar) Nizomiddin Shomiy
Til forscha
Janr(lar)i tarixiy
Nashr etilgan sanasi 1402-1404-yillarda
Oʻzbek tilida nashr etilgan sanasi 1996-yil, Toshkent

Tarixi

tahrir

Sohibqiron Amir Temurning hayotligida bevosita uning topshirigʻi asosida Nizomiddin Shomiy tomonidan fors tilida yozishga kirishilgan (1401-1402). 1404-yil bahorigacha asar yozib tamomlangan va Ozarbayjonda yetti yillik yurishdan Samarqandga qaytayotgan Amir Temurga taqdim etilgan. Bundan keyingi sohibqiron vafotigacha kechgan voqealar keyinroq Hofizi Abru tomonidan yozib ilova qilingan. „Zafarnoma“ni yozishda Amir Temurning munshiy va kotiblari ham nazm, ham qayerda forsiy va turkiy tillarda yozgan maʼlumotlar, muallifning 1400-1404-yillar davomida sohibqiron yurishlarida boʻlib, oʻzi koʻrgan bilganlari, Hindiston yurishi voqealari qismining bayoni uchun Gʻiyosiddin Alining „Roʻznomai gʻazavoti Hindiston“ („Hindistonga yurish kundaligi“) asari asosiy manba boʻlib xizmat qilgan. „Zafarnoma“ tarixiy asar sifatida XIV-XV asr boshida Amir Temur va temuriylar hukmronligi davridagi Oʻrta Osiyo, Oltin Oʻrda xonligi, Ozarbayjon, Eron, Afgʻoniston, Iroq, Suriya, Misr, Turkiya va boshqa mamlakatlar tarixiga oid voqealarni oʻz ichiga olgan. Asar muqaddimasida Amir Temur tarix sahnasiga chiqqan 1360-yilga qadar Oʻrta Osiyoda hukmronlik qilgan chingiziy hukmdorlar haqida qisqa maʼlumot berilgan. Soʻngra Amir Temurning 14-asrning ikkinchi yarmi va 15-asrning boshida qilgan yurishlarining batafsil bayoni keltirilgan. „Zafarnoma“ oʻzida jamlangan tarixiy maʼlumotlarning ishonchliligi bilan XV-XVI asrlardanoq bir qancha asarlar uchun bosh manba boʻldi. „Zafarnoma“ning faqat 2 qoʻlyozma nusxasigina saqlanib qolgan. Birinchisi, Amir Temurga taqdim etilgan qoʻlyozmaning 1425-yilda koʻchirilgan nusxasi boʻlib, u Istanbuldagi „Nuri Usmoniya“ masjidi kutubxonasida saqlanadi (№ 3367). Ikkinchisi, muallif tomonidan Amir Temurning nabirasi Mirzo Umar bahodir ibn Mironshohga taqsim etilgan qoʻlyozmadan 1434-yil koʻchirilgan nusxa boʻlib, u Londondagi „Britaniya muzeyi“ kutubxonasida saqlanadi (№ 23980). Matnshunos chex olimi Feliks Tauer „Zafarnoma“ nusxalarini Amir Temur tarixidan hikoya qiluvchi boshqa bir muhim manba — Hofizi Abruning „Zubdat at-tavorixi Boysungʻuriy“ („Boysungʻurga atalgan tarixlar sarasi“) nomli asari bilan solishtirib tadqiq etish asosida uning ilmiytanqidiy matnini ikki jildda nashr etdi (Praga, 1937 va 1956-yillar). Unga Hofizi Abru yozgan „Ilova“ ham kirgan. Ushbu nashr asosida „Zafarnoma“ qisqartirilgan shaklda turk tiliga (Anqara, 1940-yilda); soʻz boshi, koʻrsatkichlar va ilmiy izohlar bilan oʻzbek tiliga (Toshkent, 1996-yilda, tuzuvchi — O. Boʻriyev), oʻgirilib nashr etildi.

Boshqa asarlarga taʼsiri

tahrir

Deyarli Amir Temurning deyarli barcha biograflari Shomiy ijodiga murojaat qilishgan. Hofizi Abrudan boshlab, „Majmuaʼ va Zubdat at-Tavorix“ asarlarini tuzishda „Zafarnoma“ga suyangan[manba kerak]. „Zafarnoma“ni Muhammad ibn Fazlloh Musaviy „Tarixi xayrat“ asarini yozishda ham istifoda etgan. Fors tarixchisi Sharofiddin Ali Yazdiy 1425-yilda yozgan Amir Temur tarjimayi holini Shomiy ijodi sharafiga „Zafarnoma“ deb nomlagan.

Asomiddin Oʻrinboyev[1].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar

tahrir
  • Nizomiddin Shomiy — T., 1996.