Fazaviy oʻtish
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Fazaviy oʻtish — keng maʼnoda — tashqi sharoit (tra, bosim, elektr va magnit maydonlari va boshqalar)lar oʻzgarishi natijasida moddaning bir fazadan boshqa fazaga oʻtishi; tor maʼnoda — tashqi parametrlar uzluksiz oʻzgarganda modda fizik xususiyatlarining sakrab oʻzgarishi. Masalan, gazning suyuqlikda, suyuqlikning qattiq jismga aylanishi, metallning ferromagnit holatidan paramagnit holatiga oʻtishi va boshqa kristall qattiq moddalarning bir agregat holatdan ikkinchi agregat holatiga oʻtishi fazaviy oʻtishning xususiy holidir. Umuman Fazaviy oʻtishda tizimni izohlovchi parametrlar sakrab oʻzgaradi. Misol uchun gazsimon holatdan suyuqlikka va suyuqlikdan qattiq holatga oʻtishda zichlik qiymati keskin oʻzgaradi. Fazaviy oʻtish sodir boʻladigan tra, bosim yoki b. fizik kattaliklarning qiymatini faza oʻtishi nuqtasi deyiladi. I tur va II tur fazaviy oʻtish mavjud.
Moddaning bir fazadan ikkinchi fazaga o‘tishi issiqlik yutilishi yoki ajralib chiqishi bilan sodir boʻlsa, bunday oʻtishlar birinchi tur fazaviy oʻtish deb ataladi. Erish va qotish, bugʻlanish va kondensatlanish, moddalarning polimorf almashinishlari, magnit maydonida sof oʻta oʻtkazgichning normal holatiga oʻtishi I turdagi Fazaviy oʻtishlarga misoldir. Agar fazaviy oʻtishda issiqlik miqdori yutilmasa yoki ajralib chiqmasa, bunday oʻtishlar II tur fazaviy oʻtish deb ataladi. Ikkinchi tur fazaviy oʻtishga quyidagi misolni keltirish mumkin: geliy gazsimon, qattiq va ikki xil suyuq fazada boʻladi. Agar gazsimon holatdagi geliyni bosimi bir atm bosimiga teng boʻlgan sharoitda sovitib, temperatura 4,2 K ga yetkazilsa, u gazsimon holatdan suyuq holatga oʻtadi. temperatura yana pasaya borib, 2,17 K ga teng boʻlganida esa geliy birinchi suyuq holatdan ikkinchi suyuq holatga oʻtadi, bunda hech qanday issiqlik yutilmaydi ham, ajralmaydi ham. Lekin oʻtish trasidan yuqori tralarda yopishqoqlik taxminan 210~5 Pz boʻlgan boʻlsa, oʻtish trasidan past tralarda u nolga teng boʻladi. Yaʼni, 2,17 K dan past tralarda geliy o‘ta oquvchanlik xususiyatiga ega boʻlib qoladi. Bundan tashqari, temir, nikel kabi elementlar va turli qotishmalarning har bir moddasi uchun aniq Kyuri nuqtasi deb ataluvchi trada ferromagnit holatdan paramagnit holatga oʻtadi, mutlaq nolga yaqin tralarda esa elektr qarshiliklari sakrab kamayadi va boshqa.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |