Feʼl-atvor
Feʼl-atvor, xarakter — shaxsning atrof muhitga va oʻz-oʻziga munosabatida namoyon boʻladigan individual xususiyati. Har bir kishining feʼl-atvorida uning bosib oʻtgan hayot yoʻli aks etadi. Kishining feʼl-atvorini bilib, maʼlum vaziyatda oʻzini qanday tutishini oldindan koʻrish va uning xatti-harakatini toʻgʻri yoʻnaltirish mumkin. Feʼl-atvor xususiyatlarining 4 ta tizimi bor: 1) ayrim insonga, guruhga, jamoaga nisbatan munosabatlarni ifodalovchi xususiyatlar (yaxshilik, mehribonlik qilish, talabchanlik va boshqalar); 2) mehnat faoliyatiga nisbatan munosabatni aks ettiruvchi xususiyatlar (mehnatsevarlik, dangasalik, vijdonlilik, mehnatga masʼuliyat yoki masʼuliyatsizlik bilan munosabatda boʻlish va boshqalar); 3) narsa va ashyolarga nisbatan munosabatni ifodalovchi xususiyatlar (ozodalik yoki ifloslik, narsalarni ayash yoki ularga ehtiyotsizlik bilan yondashish va boshqalar); 4) insonning oʻz-oʻziga nisbatan munosabatini ifodalovchi xususiyatlar (izzatnafelilik, shuhratparastlik, dimogʻdorlik, kamtarlik va boshqalar). Feʼl-atvorning xususiyatlari tugʻma va oʻzgarmaydigan xususiyatlar emas, u insonning turmush sharoitlariga bogʻliq holda tarkib topib, oʻzgarib boradi, takomillashadi. Feʼl-atvorning shakllanishida bir necha turli ruhiy taʼsirlar mavjud boʻlib, ularning ichida odat muhim ahamiyat kasb etadi. Feʼl-atvor umumbashariy sifatlar bilan cheklanib qolmasdan, milliy va etnopsixologik xususiyatlarga ham ega. Masalan, oʻzbek millatining oʻziga xos milliy feʼl-atvor xislatlari mavjud. Feʼl-atvor sifatlari turmush jarayonida tarbiya, mexnat va ijtimoiy sharoit taʼsiri bilan maʼlum darajada oʻzgaradi. Uni yaxshi tomonga oʻzgartirishda axloqning ijtimoiy meʼyorlarini oʻzlashtirish, oʻzoʻzini tarbiyalash ham katta ahamiyatga ega. Feʼl-atvorning shakllanishida ijtimoiy muhit va tarbiyaning taʼsiri ayniqsa kuchli.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |