Fenokopiya (yun. phaino — boʻlaman, topaman va lot. copia — koʻp) — fenotipning irsiy boʻlmagan oʻzgarishi (modifikatsiya). Genotipning muayyan oʻzgarishi (mutatsiya)ga oʻxshab ketadi, lekin irsiylanmasligi bilan undan farq qiladi. "Fenokopiya" terminini nemis genetigi R. Goldshmidt taklif etgan (1935). Fenokopiya — fizik yoki kimyoviy omillarning rivojlanayotgan organizmga taʼsiri natijasi. Mas, talidomid preparatini qabul qilgan homilador ayollardan koʻpincha mutant allellar paydo qiladigan fekomeliya (qoʻllari bargsimon qisqargan) chaqaloqlar tugʻilgan. Ontogenezning muayyan davrlarida fenokopiya koʻproq namoyon boʻladi. Muayyan omil rivojlanishning turli davrlarida har xil fenokopiya.; har xil omillar ontogenezning bir davrida bir xil fenokopiya paydo qilishi mumkin. Mas, rivojlanishning dastlabki davrlarida tovuq embrioni sariqlik xaltasiga insulin inʼyeksiya qilinganida dumsiz joʻjalar, lekin shu gormon keyinroq kiritilganda ustki tumshugʻi kalta joʻjalar rivojlanib chiqadi. Bu ikki xil nuqson genetik mutatsiya tariqasida ham maʼlum. Fenokopiya sababi muayyan omil taʼsirida genotip oʻzgarmasdan ontogenezda sodir boʻladigan jarayonlarning buzilishidan iborat. Fenokopiya olish mumkinligi ontogenez jarayonlarining diskretligini va muayyan genlar taʼsirining "kritik davrlari" boʻlishini koʻrsatadi. Bu holat ontogenezda Fenokopiyada genetik axborotning yuzaga chiqishini oʻrganishda foydalanishga imkon beradi.