Aholi zichligi
Aholi zichligi birlik maydon yoki hajmdagi aholi miqdoridir. U muhim geografik tushunchalardan biri hisoblanadi[1]. Har qanday tirik organizmlar uchun tushunilishi ham mumkin, biroq aholi zichligi deganda asosan faqat odamlar joylashuvi nazarda tutiladi.
Aholi zichligi – muayyan hududda aholining joylashuv darajasi. Mamlakat yoki biror hudud (viloyat, tuman) aholi sonini shu joy maydoniga (odatda 1 km² ga) taqsimlash bilan hisoblab chiqariladi. Odamlar yashaydigan quruqlikda oʻrtacha aholi zichligi 1 km² ga qariyb 39 kishiga toʻgʻri keladi (1990-yillar boshi), masalan, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Niderlandiya, Belgiyada 300 dan ziyod, Monakoda 15539,5 kishi, Avstraliyada aholi zichligi juda past – 1 km² ga 2,3 kishi, Mongoliyada – 1,4 kishi (1992). Choʻl va baland togʻlarda 0,01 dan 1 kishigacha. Rossiya Federatsiyasida aholi 3.1 km² ga 8,7 kishi (1990). Oʻzbekistonda aholi zichligi bir km² ga 54,7 kishi toʻgʻri keladi (1998). Umuman olganda dunyoning aholi zich yashaydigan rayonlarda, qariyb 7% maydonini egallagan quruqlikning odam yashaydigan qismi (oykumena)da Yer kurrasidagi jami aholining 70% ga qadar aholisi mujassamlashgan[2].
Jahon aholisi 7 milliarddan oshiq,[3] Yerning jami maydoni (suv va quruqlik bilan birga) – 510 million kvadrat kilometr[4]. Demak, butunjahon aholi zichligi 7 milliard ÷ 510 million = 13,7 kishi/km2. Agar faqat quruqlik hisobga olinsa (150 million km2), unda butunjahon aholi zichligi – 46,6 kishi/km2 (117.2 per sq. mile). Bunda Antarktida ham hisobga olingan; Antarktidasiz hisoblansa, koʻrsatkich yana oshadi – 50 kishi/km2[1]. Yer yuzining yarmidan ortigʻi (choʻl, togʻ va hokazo) odamlar yashashi uchun juda noqulay boʻlgani va odamlar asosan suv havzalari yonida yashagani uchun, bu raqamlardan amaliy naf yoʻq.
Manbalar
tahrir- ↑ 1,0 1,1 Matt Rosenberg Population Density (Wayback Machine saytida 2017-02-01 sanasida arxivlangan). Geography.about.com. March 2 2011. Retrieved on 2011-12-10.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ U. S. & World Population Clocks. Census.gov. Retrieved on 2011-12-10.
- ↑ World (Wayback Machine saytida 2010-01-05 sanasida arxivlangan). CIA World Handbook
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |