Fotoelektr hodisalar
Fotoelektr hodisalar - elektromagnit nurlanish taʼsirida moddalarda yuz beradigan elektr hodisalar (elektr oʻtkazuvchanlikning oʻzgarishi, e.yu.k. hosil boʻlishi, elektronlar emissiyasi va boshqalar). Foton energiyasi h v elektronning kattaroq energiyali holatga oʻtishiga sarflanadigan hollarda yuz beradi. Foton energiyasi faqat atomni uygʻotishgagina yetarli hollarda, moddaning dielektrik singdiruvchanligi oʻzgarishi mumkin (fotodielektrik effekt). Agar foton energiyasi erkin elektronlar va kovaklar hosil qilish uchun yetarli boʻlsa, u holda jismning elektr oʻtkazuvchanligi ortadi (fotooʻtkazuvchanlik). Bir jinslimas yarimoʻtkazgichlarda, xususan, r—p oʻtish sohasida, yarimoʻtkazgich — metall kontakti yaqinida foto e. yu. k. paydo boʻladi. Oʻtkazuvchanlik elektronlari fotonlarni yutganda ham ularning harakatchanligi ortib, fotooʻtkazuvchanlik va foto e. yu. k. hosil boʻlishi mumkin. Foton energiyasi gaz atomlari va molekulalarini ionlash uchun yetarli fotoionlanish yuz beradi. Suyuqlik yoki qattiq jism elektronlari yutgan fotonlarning energiyalari ancha katta hollarda elektronlar jismning sirtiga yetib borishi va potensial toʻsiqni oshib oʻtib, vakuumga yoki boshqa muhitga chiqishi mumkin. Bu holda tashqi fotoeffekt deb ataladigan fotoelektron emissiya vujudga keladi. Qattiq jism ichida elektronlarning bogʻlangan holatlardan erkin holatlarga oʻtishi bilan bogʻliq Fotoelektr hodisalar "ichki fotoeffekt" deb ataladi. Metallarning elektr oʻtkazuvchanligi juda kattaligi uchun ularda ichki fotoeffekt kuzatilmaydi, faqat fotoelektron emissiyagina sodir boʻladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |