Fozil Yoʻldosh oʻgʻli
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Fozil Yoʻldosh oʻgʻli (1872-yil, Jizzax viloyati Baxmal tumani Loyqa qishlogʻi — 1955-yil 17-mart, Samarqand viloyati Bulungʻur shahri) — oʻzbek xalq shoiri, baxshi. Yoʻldosh Mulla Javohir oʻgʻlining shogirdi. Bulungʻur dostonchilik maktabining eng yirik va soʻnggi vakili.
Fozil Yoʻldosh oʻgʻli | |
---|---|
Tavalludi |
1872-yil Loyqa qishlogʻi, Bulungʻur tumani, Samarqand viloyati |
Vafoti | 17-mart 1955 va 1955 |
Ijod qilgan tillari | Oʻzbek tili |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi va SSSR |
Shoh asari | Alpomish |
Mukofotlari |
Tarjimai holi
tahrirFozil Yoʻldosh oʻgʻli 1872-yilda Samarqand viloyati, Bulungʻur tumani, Boʻdana mahallasidagi Loyqa qishlogʻida (qishloq hozirda Baxmal tumaniga qaraydi) dehqon oilasida tavallud topgan. Olim Hodi Zarifning maʼlumotiga koʻra, baxshining otasi 1973-yilda tirikchilik sababli oilasi bilan Chelakning Qumchiq qishlogʻiga koʻchib ketadi. 1877-yilda baxshining otasi shu yerda vafot etgan. Natijada baxshi 9 yoshidan boshlab, choʻponlik qila boshlaydi. Bu haqida oʻzining „Kunlarim“ termasida quyidagicha keltirib oʻtgan:
Olti yoshda qoʻmsab-qo‘msab otamni,
Ogʻir mehnat ezdi shoʻrli enamni,
Ena-bola topolmadik bir nonni,
Parcha non yeb, yigʻlab oʻtgan kunlarim.
Fozil Yoʻldosh oʻgʻli Yetimlikda oʻsgan. Choʻponlik qilgan. Dostonchilikka havasi erta uygʻongan. Yoshligida doʻmbira chertishni, terma aytishni mashq qilgan. 20 yoshlarida ustozi Yoʻldosh shoirdan dostonchilik sirlarini oʻrgangan. Yosh baxshi xalq oʻrtasida ustozi uyushtirgan sinovdan muvaffaqiyatli oʻtib, 25—26 yoshlarida yetuk dostonchi sifatida tanilgan. Fozil Yoʻldosh oʻgʻli Amin shoir, Chini shoir, Tovbuzar shoir, Qurbonbek shoir, Sultonmurod shoir, Yoʻldoshbulbul, Yoʻldosh shoir, Koʻldosh, Suyar kabi Bulungʻur dostonchilik maktabining peshqadam dostonchilaridan adabiy anʼanani qabul qilib olgan, uni puxta egallab, kjeak badihagoʻylik bilan boyitgan va oʻzbek dostonchiligini yangi bosqichga koʻtargan.
Ijodi
tahrirFozil Yoʻldosh oʻgʻli repertuari mavzu va janr jihatidan boy va rang-barang. U 40 dan ortiq xalq dostonlarini yod bilgan va yuksak mahorat bilan kuylagan. Undan „Alpomish“, „Yodgor“, „Yusuf bilan Ahmad“, „Murodxon“, „Rustamxon“, „Shirin bilan Shakar“, „Goʻroʻglining tugʻilishi“, „Avazxonning oʻlimga hukm etilishi“, „Malika ayyor“, „Mashriqo“, „Zulfizar“, „Balogardon“, „Intizor“, „Nurali“, „Jahongir“, „Zevarxon“, „Farhod va Shirin“, „Layli va Majnun“, „Baxrom va Gulandom“, „Oshiq Gʻarib“ kabi 30 ga yaqin doston yozib olingan.
Shoir qaxramonlik, romanik, tarixiy dostonlar hamda kitobiy dostonlarning eng yaxshi namunalarini kuylab kelgan. „Alpomish“ dostoni uning ijodida alohida oʻrin tutadi. Bu dostonning oʻzbek xalq dostonchilaridan yozib olingan 40 ga yaqin variantlari orasida F. Y.oʻ. varianti eng mukammali va badiiy jihatdan barkamoli hisoblanadi. Unda shoirning yuksak dostonchilik mahorati toʻla namoyon boʻlgan. F. Y.oʻ. zamonaviy mavzularda xam qator doston va termalar yaratgan. Uning „Mamatkarim polvon“, „Jizzax qoʻzgʻoloni“, „Kunlarim“ kabi dostonlari, „Jangchi oʻgʻlimga“, „Elat botir“, „Ota nasihati“, „Qurollanint“, „Er yigitlar, maydonga!“, „Jahon tinglagay“, „Bolalarimga“, „Pushkinga“ kabi termalari shular jumlasidandir.
Baxshi kuylagan xalq dostonlari Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Islom shoir, Poʻlkan, Abdulla shoir kabilar repertuari va original asarlari bilan birgalikda oʻzbek dostonchiligi va adabiyotiga qoʻshilgan katta hissa boʻldi. Shoir merosi keng oʻrganilmoqda. Shoir dafn etilgan Bulungʻur shahrida muzey tashkil etilgan va unga haykal oʻrnatilgan.
Xotirasi
tahrir2022-yilda Bulungʻur tumanida Fozil Yoʻldosh oʻgʻli tavalludining 150 yilligi nishonlandi.
Adabiyot
tahrir- Gʻoziboyev T., Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, T., 1968;
- Fozil shoir. Oʻzbek xalq ijodi boʻyicha tadqiqotlar, 3-kitob, T., 1973.
- Toʻra Mirzayev.
- Tanlangan asarlar, T., 1949; Intizor, Nurali, T., 1964; Murodxon. T., 1965; Balogardon, T., 1986; Malika ayyor, T., 1988; Alpomish, T., 1999; Rustamxan, M., 1972; Alpamish, L., 1982.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |