Fumigantlar (lot. fumigantis — tutaydigan, dudlaydigan) — ekinlar zararkunandalari va kasallik qoʻzgʻatuvchilarini dudlash usuli bilan yo'qotishda qoʻllaniladigan kimyoviy moddalar. Pestitsidlar guruhiga mansub. Fumigantlar suyuq, qattiq va gaz holida ishlab chiqariladi. Uchuvchan, tez bugʻlanadi, havoda oson tarqaladi, singib kirish, alangalanish va boshqa xususiyatlarga ega. Baʼzi preparatlar, masalan: oltingugurt preparatlari havo harorati yuqori (25° dan ortiq) boʻlganda gaz holiga aylanib taʼsir koʻrsatadi. Fosfororganik insektitsidlar zararkunandalarga bugʻ holida taʼsir koʻrsata oladi. Gaz holidagi fumigantlar xonalarga maxsus apparat yoki ballonlar yordamida purkaladi, suyuklari tunuka tovalarga quyilib, gazlamalarga sepilib yoki shimdirilib xonalarga osiladi, qattiqlari zararsizlantiriladigan xonalarga bir tekisda sepiladi.