FURYE (Fourier) Jan Batist Jozef (1768.21.3, Oser 1830.16.5, Parij) — fransuz matematigi, Parij Fanlar akademiyasi aʼzosi (1817). Oserdagi harbiy maktabni tugatgan, oʻsha maktabda, keyin Politexnika maktabida oʻqituvchi boʻlib ishlagan (1796—98). Dastlabki ilmiy ishlari algebraga doir. Asosiy ilmiy ishlari matematik fizikaga oid. Uning qattiq jismlarda issiqlikning tarqalishi nazariyasi toʻgʻrisidagi ilmiy ishi matematik fizikaning rivojlanishi tarixida alohida oʻrin tutgan. "Issiklikning analitik nazariyasi" asarida u issiklik oʻtkazuvchanlikning differensial tenglamasini chiqargan va uni yechish usulini tavsiya etgan. Furyening oʻzgaruvchilarni ajratish usuli keyinchalik S. D. Puasson, M. V. Ostrogradskiy va boshqa olimlar ishlarida rivojlantirildi.