Fuzariotoksikoz
Fuzariotoksikoz (Fusariotoxicosis) — chorva mollarining Fusarium turkumiga mansub zamburugʻlar bilan zararlangan ozuqalarni yeyishdan zaharlanishi. F. koʻproq otlar, choʻchqalar va parrandalarda uchraydi (zaharlanish oqibatida oʻlim 3% dan 100%gacha boʻlishi mumkin). Yashirin davri bir necha soatdan 5—6 kungacha, oʻtkir, yarim oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir kechganda hayvonlarning umumiy holati yomonlashadi, harakatsizlik kuzatiladi, ich ketadi va burun boʻshligʻidan shilliq suyuqlik oqadi, lablarida va ogʻiz shilliq qavatida yorilish va yaralar kuzatiladi, tezagidan oʻtkir qoʻlansa xds keladi. Tovuqlarda patlar hurpaygan, toj va sirgʻalar koʻkaradi. Kasallik 1—4 kun davom etadi. Qon tarkibida eritrotsitlar va leykotsitlar miqdori oshadi.
Davolash: kasallik oʻtkir kechganda tarkibida kaltsiy xlorid, glyukoza va askorbin kislota boʻlgan eritma hayvon sogʻaygunga qadar bir kunda bir mahal venaga yuboriladi. Yengil hazm boʻluvchi va vitaminlarga boy ozuqalar beriladi.
Oldini olish: mollarga berilayotgan yemxashak toksikologik tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |