Gʻavvos
Gʻavvos — suv ostiga shoʻngʻuvchi odam. Suv ostida elektr payvandchi, slesar, montajchi, quruvchi vazivasini bajarishi mumkin. Gidroproelektr stansiyalari, shlyuzlar, koʻpriklar qurilish, suv osti kabellarini oʻtqazish ishlarini amalga oshiruvchi odam.
Mohir shoʻngʻuvchilar 4 ming yil avval dengiz tubidan marvarid, marjon shoxchalari, qimmatbaho chigʻanoqlar olib chiqishgan. Bu qiyin va xavfli ish. Kamdan-kam shoʻngʻuvchilar suv ostida ikki daqiqadan ortiq tura olishi mumkin. Insonning suv ostiga shoʻngʻishi uchun qadimgi moslamalardan biri gʻavvoslar qalpogʻi hisoblanadi. Dastlab u tubi yuqoriga qaratib arqonga osilgan yogʻoch bochkadan iborat boʻlgan va shu holatda suvga shoʻngʻitilgan. Bochka ichida qolgan havo unda oʻtirgan gʻavvosga nafas olish uchun imkon bergan. Vaqt oʻtishi bilan gʻavvoslar qalpogʻi takomillashdi, insonning suv ostida ishlashini yengillashtiruvchi turli xil moslamalar bilan jihozlandi. U gʻavvoslarni ish joyiga yetkazishda, suv osti kemalari falokatga uchraganda kishilarni qutqaruv ishlari uchun qoʻllaniladigan boʻldi. Gʻavvoslik qalpogʻining suv ostida harakat imkoniyati cheklanganligidan 19-asr oxirida gʻavvoslik skafandri yaratildi.
Gʻavvosga, havo rezina naycha — shlang orqali yuborilgan. Ushbu usul tufayli odam suv ostida bir necha soatlab ishlash imkoni tugʻilgan, suv ostida sovqotmasligi uchun jundan toʻqilgan ichki kiyim, ustidan esa „koʻylak“ — rezina kostyum kiyilgan. Rezina kostyumga shisha darchali metall qalpoq mahkamlangan. Suv gʻavvosni yuqoriga chiqarib yubormasligi uchun uning orqasi va koʻkragiga maxsus qorgʻoshin yuk osilgan, muvozanatni saqlash uchun oyogʻiga qoʻrgʻoshin tagchamli metal botinka kiygizilgan va pishiq arqonda suv tubiga tushirilgan.
Bunday ogʻir kiyimda odam qovusholmagan. Tezlikni oshirish va qulaylik yaratish maqsadida gʻavvoslar uchun yengil, qoʻrgʻoshin yuklarsiz va qoʻrgʻoshin tagcharmsiz boshqa kiyim oʻylab topilgan boʻlib unda shlang ham yoʻq: gʻavvos havoni yelkasiga ortilgan ballonlarda oʻzi bilan birga olib yurgan, oyoqlariga esa rezina lappaklar kiyilgan. Ushbu uskuna yordamida gʻavvos istalgan yoʻnalishida suza olgan.
Manbalar
tahrir- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmmiy nashriyoti, 2000-yil
- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmmiy nashriyoti, 2002-yil
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |