Gastreya nazariyasi - koʻp hujayralilar ajdodlari tuzilishining hozirgi zamon koʻp hujayrali hayvonlari ontogenezining dastlabki davrlarida (blastula va gastrula) takrorlanishi toʻgʻrisidagi nazariya. E. Gekkel tomonidan ishlab chiqilgan (1872). G.n.ga koʻra, barcha koʻp hujayralilarning ajdodi koloniya boʻlib yashovchi bir hujayralilar boʻlgan, ular blastulaga oʻxshash bir qavat hujayralardan sharsimon koloniya — blasteya hosil qilgan. Bundan keyingi evolyutsiya hozirgi koʻp hujayralilar embrional rivojlanishidagi invaginatsiya, yaʼni blastula devorining ichkariga botib kirishiga oʻxshash boʻlgan. Bu hodisa tufayli gastrulaga oʻxshash ikki qavat boʻlib joylashgan embrion — gastreya hosil boʻlgan. Ichki hujayralar qavati — endoderma ichki boʻshliqni oʻrab turgan. Ichki boʻshliq blastopor teshik orqali tashqariga ochilgan. Gastreyaning tuzilishi boʻshliqichlilarga oʻxshash boʻlgan. Shuning uchun ham G.n. tarafdorlari boʻshliqichlilarni koʻp hujayralilarning ajdodlari deyishadi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil