Gastroenterit
Gastroenterit (gastro... va yun. entera — ichak) — meʼda va ingichka ichak shilliq qavatining yalligʻlanishi. Organizmni zaharlab, umumiy infeksion kasallikni vujudga keltiradigan mikroblarning ovqat bilan meʼda-ichakka kirib koʻpayishi koʻpincha G.ga sabab boʻladi. Hoʻl meva va sabzavotlarni yuvmasdan yeyish, xesh sut ichish, aynigan goʻsht va baliq mahsulotlarini isteʼmol qilish, shuningdek koʻp spirtli ichimlik ichib, juda koʻp ovqat yeyish natijasida kelib chiqadi. Odamlarda G. oʻtkir va surunkali kechadi. Oʻtkir G.da bemor toʻsatdan sassiq kekirik boʻlib, koʻngli ayniydi, qayt qiladi, ichi ketadi, qorni sanchib, qattiq ogʻriydi, ichi quldiraydi. Koʻpincha organizmning zaharlanish belgilari ham qoʻshiladi: bosh ogʻrib harorat koʻtariladi, labga uchuq toshadi, kasallik ogʻir kechsa, yurak-tomir faoliyati buziladi (bemorning rangi oʻchib, tomiri sezilarsiz va tez-tez uradi, hushdan ketadi). Kasallik yengil oʻtsa, bemor tezda tuzalib ketadi. Ogʻir kechganda uzoq davom etib, jigar, buyrak, qovukda asorat qoldirishi mumkin. Surunkali G. koʻproq kasallikning oʻtkir davri davolanmasdan oʻtkazib yuborilganda, shuningdek mustaqil kasallik sifatida ham yuzaga kelishi mumkin. Kasallikning oldini olish uchun ovqatlanish tartibiga va shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish kerak (yana q. Ovqatdan zaharlanish). Maxsus parhez buyuriladi, doridarmonlar tavsiya etiladi.
G. bilan ogʻrigan hayvonlarda meʼda-ichak devorining chuqur qatlamlari zararlanadi; hayvonning umumiy ahvoli ogʻirlashadi. Buzilgan, mogʻorlagan, chirigan yem-xashakdan, iflos suvdan, kimyoviy moddalar hamda oʻsimliklardan zaharlanish natijasida kelib chiqadi. Kasal hayvon boʻshashadi, gavda temperaturasi koʻtariladi, muskullari titraydi va tirishadi, hech narsa yemaydi, koʻpincha shilimshiq va qon aralash ichi ketadi, qorni ichiga tortiladi, qorin devori bezillab turadi. G. 2—3 kundan 15 kungacha davom etadi. Hayvon intoksikatsiyadan va yurak faoliyatining susayishidan oʻlishi mumkin. Kasal hayvon tezda podadan ajratiladi, och qoʻyiladi, meʼdasi 0,85% li natriy xlorid eritmasi bilan yuviladi, surgi berib ichi tozalanadi. Keyin zigʻir urugʻi, zigʻir kunjarasi, guruch va suli yormasidan qaynatma tayyorlanib, kuniga 2—3 mahal 0,5—1 l dan ichiriladi. Kasal hayvon ichagidagi bijgʻish va chirish jarayonini kamaytirish uchun ixtiol, salol va burishtiruvchi dorilar beriladi, sulfanilamid preparatlar hamda antibiotiklardan foydalaniladi. Hayvonlarda intoksikatsiyaning oldini olish va yurak faoliyatini yaxshilash uchun kamfora moyi, kofein beriladi, venaga glyukoza eritmasi yuboriladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |