Gaz tarmogʻi
Gaz tarmogʻi — yoqilgʻi sifatida ishlatiladigan gazlarni tashish va isteʼmolchilarga tarqatish uchun moʻljallangan gaz quvurlari, inshootlari va qurilmalari majmui (tizimi); aholi yashaydigan punktlarni gaz bilan taʼminlash tizimining tarkibiy qismi. Shahar gaz tarmogʻi har xil diametrli va bosimli gaz quvurlaridan; gaz bosimini pasaytirish uzellari — gaz tartiblash punktlari (GTP) va gaz taqsimlash styalari (GTS)dan; asboblarga kelayotgan gaz bosimini doimiy tutib turadigan individual rostlagichlardan; gaz omborlari; (gazgolderlar)dan iborat boʻladi. Gaz tarmogʻi bosimni oʻlchash asboblari; avtomatika, aloqa va ogohlantirish (signalizatsiya) qurilmalari, zulfinlar bilan jihozlanadi. Vazifasiga qarab, Gaz tarmogʻi ning tarqatish va kiritish xillari boʻladi. Tarqatish gaz tarmogʻi gazni GTP va GTS hamda gaz omborlaridan isteʼmol qilinadigan joyga berish uchun xizmat qiladi. Kiritish gaz tarmogʻi gazni bevosita isteʼmolchilarga beradigan bino va inshootlarga gaz berish uchun moʻljallanadi. Shahar gaz tarmogʻi boʻyicha gaz muayyan bosimda, yaʼni 0,05 kgk/sm2 (5 kN/m2)dan 12 kgk/sm2 (1200 kN/m2) gacha bosimda beriladi. Aholi yashaydigan punktlarda gaz tarmogʻi odatda berk halqa-simon tizim tarzida tashkil qilinadi. Bu tizim gaz taʼminotining uzluksizligini taʼminlaydi. Gaz quvurlari yer ostidan ham, yer ustidan ham oʻtkazilishi mumkin.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |