Gendel Georg Fridrix (1685.23.2, Galle – 1759.14.4, London) – nemis kompozitori. 1706—10 yillarda Italiyada yashab, klavir va organ ijrochisi sifatida shuhrat qozongan. 1717-yildan Angliyada yashagan. 1720—41 yillarda London opera teatri (Qirol musiqa akademiyasi)ning rahbari. „Rinaldo“ (1711), „Radamist“ (1720), „Yuliy Sezar“ (1724), „Richard I“ (1727), „Kserks“ (1738) kabi 40 dan ortiq tarixiy opera yozgan. Sharq mavzularida „Temur“ (1724), „Kir, Forsiya podshosi“ (1728), „Por, Hindiston podshosi“ (1731) operalarini yaratib, ular tarkibiga ekzotik sahnalar kiritgan. Oratoriya janrini tubdan qayta ishlab, monumental. ulugʻvorlik va dramatizm bilan sugorilgan asarlar ijod qilgan. Gendel xor musiqasi ustasi, shuningdek ommabop, taʼsirchan musiqa uslubini yaratgan. Kantatalar, orkestr va organ konsertlari, cholgʻu syuita, sonata, ochiq havoda ijro etishga mos „Suv sathi musiqasi“ (1716), „Mushakbozlik musiqasi“ (1749) va boshqa asarlar muallifi. London (1843), Leypsig (1856), Galle (1955) shaharlarida Gendel jamiyatlari tashkil etilgan. 1952-yildan Galle shahrida G. musiqa bayramlari oʻtkaziladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil