Geologik qidirish - foydali qazilma konlarini ochish va istiqbolini aniqlash uchun bajariladigan geologik, geokimyoviy va geofizik tadqiqotlar. G. q. geologik sʼyomka bilan birga oʻtkaziladi. Shuningdek, avval bajarilgan geologik sʼyomka materiallari asosida ham G. q. olib boriladi. Qidirish oʻtkazilayotgan joylarda foydali qazilmalar borligi ehtimolini koʻrsatuvchi yoki foydali qazilmalar joylashishini bashoratlovchi haritalar keng koʻlamda ishlatiladi.

Foydali qazilma konlarining hosil boʻlishi sharoitlarining joy geol. sining ayrim unsurlari bilan bogʻlikligi G. q. ishlarida muhim. Foydali qazilma konlari borligidan yoki konlar hosil boʻlishi imkoniyati mavjudligidan darak beruvchi turli geologik omillar, struktura elementlari va b. qidirish belgilari deb yuritiladi. Stratigrafik, litologik, tektonik, petrografik, geokimyoviy, geomorfologik va b. qidirish belgilari bor. Tub jinslarning ochiqligi darajasi, boʻsh jinslar qoplamining qalinligi, joyning relyefi va b. geologik sharoitlarga qarab G. q.da maxsus dala va lab. ishlari bajariladi. Yer ustida olib boriladigan geologik-mineralogik tadqiqotlar daryo tosh bulaklari, muzlik valunlari va shlix metodlarini Uz ichiga oladi. Antropogen boʻsh yotqiziqlar bilan qoplangan joylarda muzlik valunlari, daryo shagʻallari, qiyalik sochmalaridan ruda boʻlaklari qidirib topilib, ularning tarqalish sharoitlariga qarab ruda boʻlagi qaysi joydan keltirilganligi aniqlanadi. Shlix yuvish usulida daryo qumi va yon bagʻir boʻsh yotqiziqlardan shlix namunasi olinib, maxsus novda yuvilib, ogʻir fraksiya (shlix)aa qimmatbaho minerallar (oltin, platina, qalay-tosh, volframit, olmos va b.) aniqlanadi. Nazariy taxminlarga asoslanib chuqurlikda ruda konlari boʻlish ehtimoli bulgan joylarda G. q.da burgʻi quduqlari goho chuqur shaxta va shtolnyalar kovlanadi. Geokimyoviy tadqiqotlar metallometrik, gidrokimyoviy, emanatsion, gazli, biogeokimyoviy va geobotanik sʼyomkalar oʻtkazilib bajariladi. Geofizik tadqiqotlar togʻ jinslari va foydali qazilmalarning bir qancha fizik xossalarining bir-biridan farqini oʻrganishga (mas, qayishqoqlik, magnitlilik, elektroʻtkazuvchanlik, zichlik, radioaktivlik) asoslangan. Bunday tadqiqotlarda samolyot, vertolyot, Yer sunʼiy yoʻldoshlaridan keng miqyosda foydalaniladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil