Germaniya

Markaziy Yevropadagi davlat
(Gfrdan yoʻnaltirildi)

Germaniya yoki Olmoniya (nemischa: Deutschland ), Germaniya Federativ Respublikasi (nemischa: Bundesrepublik Deutschland ) — Markaziy Yevropadagi davlat. Shimoliy Boltiq dengizlari sohilida joylashadi. Maydoni 357 592 ming km2. Aholisi 84 832 670 kishi (2024).[1] Poytaxti — Berlin shahri. Maʼmuriy jihatdan 16 yer (shtat) ga, yerlar okruglarga, okruglar tumanlarga, tumanlar jamoalarga boʻlinadi. Aholi soni bo'yicha dunyoda 19-o'rinda(Yevropa Ittifoqida 1-o'rin Rossiya va Turkiyani hisobga olgan holda Yevropada 3-o'rin) va hududi bo'yicha dunyoda 62-o'rin(Yevropada 8-o'rin).

Germaniya Federativ Respublikasi
Bundesrepublik Deutschland
ShiorEinigkeit und Recht und Freiheit
(Germancha: „Birlik va Huquq va Ozodlik“)
Madhiya:  Das Lied der Deutschen, 3rd stanza
(Einigkeit und Recht und Freiheit)
Location of Germaniya
Poytaxt Berlin
Rasmiy til(lar) Nemis tili
Hukumat Parlamentlik Respublika
• Prezident
Frank-Walter Steinmeier
• Kansler
Olaf Sholz
Mustaqillik
• Germaniya imperiyasi birlashishi
18-yanvar 1871
• Germaniya Federativ Respublikasi: Gʻarbiy Harbiy zonasidan
23-may 1949
• GDR: Sharqiy Harbiy zonasidan
7-oktabr 1949
• Gʻarbiy van Sharqiy Germaniya birlashishi
3-oktabr 1990
Maydon
• Butun
357,021 km2 (62-oʻrin)
• Suv (%)
2,24
Aholi
• 2018-yilgi roʻyxat
83,019,200 (17-oʻrin)
• Zichlik 232/km2
YIM (XQT) 2019-yil roʻyxati
• Butun
$4.117 trillion (4-oʻrin)
• Jon boshiga
$49,692
Pul birligi Yevro (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma De
Telefon prefiksi 49
Internet domeni .de

Davlat tuzumi

tahrir
 
Germaniya
 
 
Reichstag (Reyhstag)

GFR — federativ respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1949-yil 23-mayda qabul qilingan, unga 1954, 1956, 1990, 1993 va 1994-yillarda qoʻshimchalar kiritilgan. Davlat boshligʻi — federal prezident. U maxsus chaqiriladigan federal majlis tomonidan 5 yil muddatga saylanadi va yana faqat bir marta saylanishi mumkin. Federal majlis bundestag raisi tomonidan chaqiriladi va u bundestag deputatlari hamda landtaglar (yer parlamentlari) tomonidan saylangan aʼzolardan iborat. Prezident ish qobiliyatini yoʻqotsa yoki vafot etsa, bundesrat raisi prezident vakolatlarini bajaradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni parlament amalga oshiradi. U ikki palata: bundestag va bundesratdan iborat. Bundestag aholi tomonidan 4 yil muddatga saylanadi. Bundesrat esa yer hukumatlari oʻz orasidan 4 yil muddatga tayinlaydigan vakillardan iborat. Ijroiya hokimiyat federal kansler boshchiligidagi federal hukumat qoʻlida. Federal kansler bundestagda prezidentning taklifiga binoan koʻpchilik ovoz bilan saylanadi. Vazirlar federal kanslerning taklifi bilan prezident tomonidan tayinlanadi. Har bir yerning oʻz konstitutsiyasi, parlament va hukumati bor.

Hududiy boʻlinishi

tahrir

Federal Yerlar

tahrir
 
Germaniya Yerlari
Federal Yerlar Poytaxti Yuzasi (km²) Aholisi(2)
1 Baden-Vyurtemberg Stuttgart 35.751,65 10.717.000
2 Bavariya Myunhen 70.549,19 12.444.000
3 Berlin (1) 891,75 3.388.000
4 Brandenburg Potsdam 29.477,16 2.568.000
5 Bremen Bremen(1) 404,23 663.000
6 Hamburg (1) 755,16 1.735.000
7 Hessen Visbaden 21.114,72 6.098.000
8 Meklenburg-Old Pomeraniya Schwerin 23.174,17 1.720.000
9 Quyi Saksoniya Hannover 47.618,24 8.001.000
10 Shimoliy Reyn-Vestfaliya Dyusseldorf 34.042,52 18.075.000
11 Reynland-Pfalz Mains 19.847,39 4.061.000
12 Saarland Saarbrücken 2.568,65 1.056.000
13 Saksoniya Drezden 18.414,82 4.296.000
14 Saksoniya-Anhalt Magdeburg 20.445,26 2.494.000
15 Shlesvig-Holshtein Kiel 15.763,18 2.829.000
16 Turingiya Erfurt 16.172,14 2.355.000

(1) Berlin va Hamburg shaharlari ham yer, ham shahar hisoblanishadi; Bremen ham xutdi shunday va unga Bremenhaven ham kiradi.
(2) Stichtag: 31. Dezember 2004

Eng katta shaharlar

tahrir
No Shahar Maydoni
(km²)
Aholisi Zichligi
(kishi / km²)
1 Myunhen 310,43 1 288 065 4 149
2 Berlin 891,75 3 389 579 3 801
3 Herne 51,41 171 325 3 333
4 Shtuttgart 207,36 591 114 2 848
5 Oberhauzen 77,04 219 147 2 845
6 Essen 210,37 588 084 2 802
7 Nyurnberg 186,38 495 546 2 657
8 Dyusseldorf 217,00 574 066 2 647
9 Boxum 154,40 382 087 2 628
10 Gelsenkirhen 104,85 272 445 2 598
11 Frankfurt Mayn 248,31 655 079 2 595
12 Hannover 204,01 520 100 2 530
13 Kyoln 405,15 965 954 2 384
14 Hamburg 755,16 1 737 000 2 300
15 Mannheim 144,96 324 940 2 241
16 Bonn 141,22 313 605 2 220
17 Duisburg 232,82 503 664 2 164
18 Wuppertal 168,41 363 502 2 150
19 Dortmund 280,30 587 272 2 095
20 Kiel 118,40 229 850 1 941
21 Mainz 97,75 186 061 1 903
22 Augsburg 146,78 261 208 1 880
23 Mülheim an der Ruhr 91,26 170 327 1 866
24 Kassel 106,77 198 503 1 820
25 Augsburg 146,93 260 407 1 772
26 Halle (Saale) 135,01 238 497 1 767
27 Krefeld 137,68 238 270 1 731
28 Leipzig 297,62 498 491 1 675
29 Bremen 326,72 544 746 1 667
30 Karlsruhe 173,46 283 227 1 633
31 Aachen 160,83 256 486 1 596
32 Mönchengladbach 170,43 266 684 1 565
33 Castrop-Rauxel 51,66 78 619 1 514
34 Dresden 328,30 487 421 1 480
35 Würzburg 87,65 129 050 1 470
36 Freiburg im Breisgau 153,06 213 998 1 398
37 Osnabrück 119,80 164 773 1 375
38 Wiesbaden 203,90 271 351 1 331
39 Braunschweig 192,09 245 872 1 280
40 Bielefeld 257,80 329 692 1 278
41 Hagen 160,36 198 780 1 239
42 Magdeburg 200,94 226 675 1 128
43 Chemnitz 220,85 248 365 1 125
44 Rostock 181,39 198 993 1 097
45 Saarbrücken 167,07 180 269 1 079
46 Koblenz 105,02 107 064 1 020
47 Lübeck 214,14 211 874 989
48 Münster (Westfalen) 302,83 269 579 890
49 Hamm 226,26 184 926 817
50 Erfurt 269,17 211 874 752
51 Berlin 278,12

Tabiati

tahrir
 
Qadimgi german qabilalarining hududiy tarqalishi

Germaniya manzarasi benihoya xilma-xil va jozibador. Past va baland togʻ tizmalari oralarida yassitogʻliklar, oʻrqirlar, koʻllar, keng va ochiq tekisliklar uchrab turadi. Shimoldan janubga tomon Germaniya 5 landshaft zonasiga boʻlinadi: Shimoliy Germaniya pasttekisligi, oʻrtacha balandlikdagi togʻ ostonasi, Janubi-gʻarbiy Germaniya burma poydevorli oʻrta togʻligi, Janubiy Germaniya Alpoldi yassitogʻligi va Bavariya Alp togʻlari. Shimoldagi pasttekisliklarda koʻllar, qirli, qum va tuproqli platolar, yaydoq yerlar va torfli botqoqlar koʻp. Oʻrta togʻ ostonasidan shimoliy tomondagi yerlar (Quyi Reyn, Vestfaliya va Saksoniya-Tyuringiya havzasi) serhosil. Janubda Sharqiy Alp togʻlari qad koʻtargan (eng baland nuqtasi SugShpitse togʻi, 2962 m). Shimoliy dengiz bilan Boltiq dengizi oraligʻidagi past-baland qirgʻoqlarda „Golshteyn Shvey-sariyasi“ joylashgan. Germaniya yer ostida tosh-koʻmir, qoʻngʻir koʻmir, tuzlar juda koʻp. Oz miqdorda temir rudasi, neft, tabiiy gaz bor. Iqlimi moʻtadil, dengiz iqlimi, gʻarb va shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon dengiz iqlimidagi moʻtadil-kontinental iqlimga oʻta boradi. Yanvarning oʻrtacha harorati pasttekislikda 1,5 °C dan togʻlarda — 6 °C gacha; qishda sertuman, qor tez erib ketadi. Iyulning oʻrtacha harorati pasttekislikda 18 °C dan janubiy vodiylarda 20 °C gacha. Yillik yogʻin miqdori 600-800 mm. Baland togʻlarda yoz salqin, yogʻin 1000-2000 mm. Daryolari: Elba, Reyn, Dunay, Mayn, Vezer, Shire, Mozel. Yirik koʻllari: Voden, Myurits. Tuprogʻi asosan podzol, chimli podzol va qoʻngʻir oʻrmon tuproqlaridan iborat. Gars togʻlarining sharqiy va shimoliy togʻ oldi joylarida unumdor qoramtir tuproq uchraydi. Togʻlarda qoraqayin, dub, oq va qora qaragʻay oʻsadi. Bugʻu, elik, serna (togʻ echkisi), ohu va boshqalar yashaydi. Milliy bogʻlari — Bavariya oʻrmoni, Berxtesgaden.

Aholisi

tahrir

Aholisining 90 % dan koʻprogʻi nemislar; qisman dan (daniyalik)lar va gollandlar yashaydi. Shahar aholisi 85 % dan ortiq[2]. Rasmiy tili — nemis tili[3]. Dindorlar — protestantlar (lyuteranlar, 50 % dan ziyod) va katoliklar[4]. Aholi zichligi bir km2ga 229 kishi toʻgʻri keladi[5][6]. Mamlakatda 7,2 million chet elliklar ham yashaydi. Ular umumiy aholining 8,9 % ini tashkil etadi. Yirik shaharlari: Berlin, Hamburg, Myunxen, Kyoln, Frankfurtmayn, Dortmund, Shtutgart, Dyusseldorf, Hannover, Nyurnberg, Leypsig, Drezden[7].

Tarixi

tahrir
 
1369-yilgi Sachsenspiegel (sakson oynasi)ning Berlin qoʻlyozmasida (Quyi nemis tilida): "ievelk „'dudesch lant“' hevet sinen palenzgreven" ' („har bir nemis yerining Palatin soni bor“) deb yozilgan.

Arxeologiya maʼlumotlariga koʻra, Germaniya hududida inson 500-300 ming yillar muqaddam paydo boʻlgan. Mil. av. 1-ming yillik oxirlarida Germaniyada joylashib olgan nemis qabilalari Rim davlati bilan toʻqnashdi. Xalqlarning buyuk koʻchishi deb ataladigan davrdan soʻng Germaniyada alemanlar, bavarlar, sharqiy franklar, sakslar, tyuringlar va frizlar qolgai.

6—8-asrlarda Germaniyaning barcha hududini franklar egallab oldi. 9-asrda Germaniya yerlari Sharqiy franklar qirolligi tarkibiga kirgandan soʻng mustaqil nemis davlatiga yoʻl ochildi. Shtaufenlar sulolasi (1138—1268) davrida Germaniya hududi ancha kengaydi. Ayrim nemis knyazliklari, ayniqsa Saksoniya knyazligi „salib yurishi“ niqobi ostida Elba va Boltiqboʻyi xalqlarining yerlarini bosib oldi. 15-asr oxiri — 16-asr boshlarida dehqonlar va shaharliklarning jabr-zulmga qarshi qoʻzgʻolonlari boʻlib turdi. Ayniqsa, aholidan har xil bahonalar bilan turli soliqlar undirib oladigan katolik cherkoviga qarshi qattiq norozilik tugʻildi. Martin Lyuter rahbarligida katolik cherkoviga qarshi harakat —reformatsiya boshlandi (1517). Reformatsiya davridagi ommaviy harakatning eng yuqori choʻqqisi 1524—26 yillardagi dehqonlar urushi boʻldi. Bu davrda Sharqiy Germaniyada oʻz mahsulotini tashqi bozorga moʻljallagan yirik xoʻjaliklar paydo boʻldi. 1618-yilga kelib katolik va protestantlarning oʻzaro kurashlari Yevropadagi oʻttiz yillik urush (1618—48) kelib chiqishiga sabab boʻldi. Urush oqibatida Germaniya katta talofat koʻrdi. 1648-yilgi Vestfaliya sulx. shartnomasiga koʻra, Germaniya bir necha knyazliklarga boʻlindi. Oʻzining muhim geografik oʻrni tufayli Brandenburg-Prussiya kurfyurstligi (1701-yildan Prussiya qirolligi) eng yirik nemis davlatlaridan biriga aylandi. 1740—1786-yillarga kelib, Fridrix II qirolligi davrida prus militarizmi avj oldi. Prussiya Yevropada buyuk davlatga aylanib, Germaniyada hukmronlik oʻrnatish uchun Avstriya bilan kurashni kuchaytirdi. 1740-yil Prussiya qoʻshinlari Avstriya Sileziyasiga bostirib kirdi. Savdo-sotiq va sanoatning rivojlanishi Germaniyada feodal krepostnoy tuzumini bekor qilishni taqozo qilar edi. Fransuz burjua inqilobi taʼsirida Germaniyada dehqonlar harakati avj oldi. nemis knyaz va feodallari Fransiyadagi inqilobni boʻgʻib tashlashni maqsad qilib olishdi. 1792-yil Avstriya bilan Fransiya oʻrtasida urush chiqdi. Prussiya Avstriya tomonida turib urushdi. Urushda Germaniya armiyasi yengildi. 1793-yil 18-martda fransuzlar tomonidan ozod qilingan Mayns shahrida nemis tuprogʻida birinchi demokratik respublika eʼlon qilindi. 1803—1804-yillarda Napoleon Germaniyadagi mayda davlatlarni tugatib, oʻz hukmronligida Reyn ittifoqi tashkil qildi. 1812-yilgi urushda Rossiyaning gʻalabasi Germaniyani Napoleon hukmronligidan xalos qildi. 1813-yilgi Leypsig urushu (xalqlar urushi)dan soʻng Germaniyaning barcha hududi ozod qilindi. 1814—1815 yillar Vena kongressi qaroriga koʻra, 39 davlatni birlashtirgan Germaniya ittifoqi tuzildi. 1834-yil 18 davlat ishtirokida Germaniya bojxona ittifoqi tashkil togshi. Unda Prussiya rahbarlik rolini oʻynar edi. Bu ittifoq sanoat va savdoni rivojlantirishda katta ahamiyatga ega boʻldi. Ayniqsa temir yoʻl qurilishida Germaniya katta yutuqlarni qoʻlga kiritdi va 1850-yilga kelib, Yevropada ikkinchi oʻringa chiqib oldi. 1848—49 yillarda Germaniyada burjua-demokratik inqilobi boʻlib oʻtdi. Uning maqsadi — mamlakatni birlashtirish, monarxiya tuzumini tugatish. agrar masalani demokratik asosda hal etish edi. Biroq, burjuaziyaning qoʻrqoqligi va xoinligi, proletariatning zaifligi tufayli inqilob magʻlubiyatga uchradi. Bu Prussiya hukmdorlarini mamlakatni inqilob yoʻli bilan emas, qurol kuchi va urushlar yoʻli bilan birlashtirish kerak degan xulosaga olib keldi. Prussiya Daniya (1864), Avstriya (1866) va Fransiya (1870) ga qarshi olib borilgan urushlardan soʻng Mayn daryosidan Shimolgacha boʻlgan yerlarda Shimoliy Germaniya ittifoqini tuzishga erishdi. 1871-yilgi Fransiya-Prussiya urushidan soʻng Germaniya pruss militarizmi asosida birlashtiriddi. 1871-yil 18-yanvarda nemis knyazlari Versalda Prussiya qiroli Vilgelm 1 ni Germaniya imperatori deb eʼlon qildi.

Germaniya birinchi jahon urushi davrida

tahrir
 
Filipp Sheyderman 1918-yil noyabrda respublikani eʼlon qilmoqda

20-asr boshlariga kelganda sanoat rivoji boʻyicha Germaniya Yevropada birinchi oʻrinni egalladi. Birinchi jahon urushiga tayyorgarlik koʻrayotgan Germaniya hukumati Fransiya-Rossiya ittifoqini buzib, Fransiyani yakkalab qoʻymoqchi boʻldi. Bu narsa amalga oshmadi, aksincha, 1907-yil Fransiya, Rossiya va Angliya birlashib, Antanta deb ataladigan ittifoq tuzishdi. Oʻz harbiy qudratiga ishongan hamda Angliya Rossiyani qoʻllamaydi deb oʻylagan Germaniya birinchi jahon urushini boshlab yubordi. 1914-yil 1-avgustda Germaniya Rossiyaga, 3-avgustda Fransiyaga urush eʼlon qildi. 4-avgustda esa Angliya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. 1917-yil AQSh Antanta tomonida turib Germaniyaga qarshi urushdi. 1918-yilning bahorida Germaniya armiyasi gʻarbga yurish qildi, biroq magʻlubiyatga uchradi. Sentabrda esa ingliz-fransuz qoʻshinlari tomonidan tor-mor etildi. Nihoyat, 1918-yil 5-oktabrda sulh soʻrab, Antantaga murojaat qiddi. 1918-yil 11-noyabrda Kompyenda yarash ahdi tuzildi. 9-noyabrda Berlinda qoʻzgʻolon koʻtarilib, monarxiya tuzumi agʻdarib tashlandi va Germaniya respublika boʻldi. 1919-yil fevralda Veymar shahrida chaqirilgan taʼsis majlisida ishlab chiqilgan Germaniya Respublikasi (Veymar respublikasi) konstitutsiyasi 31-iyulda qabul qilindi. Germaniya burjuaziyasining mavqei mustahkamlana bordi. Chet el, ayniqsa AQSh sarmoyasi Germaniyaning harbiy va sanoat iqtisodiyotini qayta tiklash imkonini berdi. Veymar respublikasi reaksion tusga kira bordi. 1929-yilda boshlangan jahon iqtisodiy boʻhroni Germaniya iqtisodiyotiga katta taʼsir qildi. Bu sharoitda natsional-sotsialistik partiya (1919-yil tuzilgan) faollasha bordi. 1932-yil mart—apreldagi prezident saylovida Adolf Hitler 13 mln.dan ortiq ovoz oldi. Oʻsha yil noyabr oyida hokimiyat natsional-sotsialistlar qoʻliga oʻtdi. 1933-yilda fashistlar diktaturasi oʻrnatildi. A. Hitler reyxskansler, keyinchalik esa davlat boshligʻi boʻlib oldi. Shu davrdan boshlab mamlakatda terror rejimi oʻrnatiddi. Antifashistlar qattiq taʼqib ostiga olindi. 1935-yil umumiy harbiy xizmat joriy qilindi.

Germaniya ikkinchi jahon urushi davrida

tahrir

Germaniya 1936—1939-yillarda Italiya bilan birgalikda Ispaniyaga qarshi intervensiya uyushtirdi. 1938-yil martda Avstriyani qoʻshib oldi. 1939-yil 1-sentabrda Germaniya Polshaga hujum qilib, ikkinchi jahon urushi (1939—1945)ni boshlab berdi. 3-sentabrda Angliya va Fransiya Germaniyaga qarshi urush eʼlon qildi. 1940-yil aprelda Germaniya Daniya va Norvegiyani, may—iyunda esa Belgiya, Gollandiya, Lyuksemburg va Fransiyani bosib oldi. 1940-yil sentabrda Berlinda Germaniya, Italiya va Yaponiya oʻrtasida harbiy ittifoq tuzildi. 1941-yil aprelda Germaniya Yugoslaviya va Yunoninstanni bosib oldi. Shu yili 22-iyunda esa Germaniya urush eʼlon qilmasdan SSSRga hujum qildi. Dastlabki muvaffaqiyatlariga qaramay, nemis fashistlari shiddatli zarbaga duch keldi. 1945-yil 2-mayda ittifoqchilar qoʻshinlari Berlinni egalladi. 8-mayda Germaniya soʻzsiz taslim boʻlganligi haqidagi hujjatga imzo chekdi.

Germaniya urushdan keyingi yillarda

tahrir
 
Berlin devori

Germaniya toʻrt okkupatsiya zonasiga boʻlindi. 1949-yil avgustda Gʻarbiy Germaniyada parlament saylovi oʻtkazildi. Oʻsha yili 20-sentabrda GFR tuzildi. 1949-yil 7-oktabrda Xalq kengashi Germaniya Demokratik Respublikasi (GDR) tuzilganligini eʼlon qildi. Ikki suveren nemis davlati 1990-yil oktabrgacha alohida-alohida yashab keldi. Lekin sotsialistax jamiyat qurish yoʻlini tutgan GDRning ijtimoiy turmush darajasi Gʻarbiy Germaniya darajasiga nisbatan ancha orqada qoldi — Gʻarbiy Germaniya jahonning taraqqiy etgan mamlakatlari qatoridan oʻrin oldi. nemis xalqining birlashish orzusi 1989-yilning soʻngida taqiq ramzi boʻlmish Berlin devorining buzilishi bilan ushaldi (Berlin devorining qulatilishi). 1990-yil 12-sentabrda Moskvada Germaniya masalasini uzil-kesil hal etish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolandi. GDR Xalq palatasining qaroriga binoan GDR OFRga qoʻshildi. Natijada yagona Germaniya davlati tashkil topdi. 1999-yildan Germaniya federal prezidenta — Yoxannes Pay. 1998-yildan federal kansler—Gerhard Shreder. Germaniya —1973-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Rerspublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 6-martda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 3-oktabr, Germaniya birligi kuni (1990).

Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

tahrir
 
Angela Merkel va Dmitriy Medvedev. 2008-yil oktabrda

Germaniya kommunistik partiyasi, 1968-yilda tuzilgan; Demokratik sotsializm partiyasi, sobiq GDRda 1946-yilda tuzilgan Germaniya birlashgan sotsialistik partiyasi (GBSP) negizida 1989-yilda tashkil etilgan; Germaniya sotsial-demokratik partiyasi[8], 1946-yilda tuzilgan; Xristian-demokratik ittifoqi, 1945-yildan faoliyat kursatadi, 1950-yilda tashkiliy jihatdan yagona partiya sifatida rasmiylashgan; Xristian-sotsial ittifoqi, 1945-yilda Bavariyada asos solingan; Erkin demokratik partiya, 1990-yilda tuzilgan: „Ittifoq-90“ „koʻkatparvarlar“ partiyasi. 1993-yilda „Koʻkatparvarlar“ bilan „Ittifoq-90“ partiyasining birlashuvi natijasida barpo etilgan; Germaniya milliy demokratik partiyasi, 1964-yilda yangi natsistlar tomonidan tuzilgan; Respublikachilar partiyasi, 1983-yil asos solingan. nemis kasaba uyushmalari ittifoqi[9], 1949-yilda tuzilgan, Germaniya birlashganidan soʻng sobiq GDRdagi kasaba uyushmalari unga qoʻshildi. Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi va Yevropa kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi[10].

Xoʻjaligi

tahrir

OFR — yuksak darajada rivojlangan industrial mamlakat. Umumiy iqtisodiy qudratiga koʻra dunyoda uchinchi oʻrinda, jahon savdosida ikkinchi oʻrinda turadi. Yalpi ichki mahsulot tarkibida sanoat va qurilishning ulushi 33,6 % ni, qishloq xoʻjaligining ulushi 1,2 % ni tashkil etadi.

Sanoati

tahrir
 
Germaniya xaritasi shaharlari bilan

Mashinasozlik nemis iqtisodiyotining asosiy tayanchidir. Qoʻngʻir koʻmir (dunyoda birinchi oʻrin), toshkoʻmir, neft, tabiiy gaz, polimetall rudalar, kaliy va oshtuzi qazib olinadi. Energetika, qora va rangli metallurgiya, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo va neft kimyosi, yogʻochsozlik, oziq-ovqat sanoati, chinnisozlik gʻoyat rivojlangan. Germaniya sanoati asosan oʻrta korxonalardan iborat. Sanoatda band boʻlgan barcha xodimlarning 32 % dan koʻprogʻi (2,2 million kishi) yirik firmalarda ishlaydi. „Simens“ konserni, „Folksvagen“, BMV va „Daymler Bens“ kabi avtomobilsozlik firmalari, „Xyoxst“, „Bayer“ va BASF kabi kimyo konsernlari, „Rurkole AG“ koʻmir qazish firmasi, „FEBA“ va „RVE“ elektr texnika konserni yoki „Bosh“ guruhi butun dunyoga mashhur boʻlib, dunyoning hamma joylarida filiallari, korxonalari yoki tadqiqot muassasalari bor. Yirik firmalar koʻpdan-koʻp mayda va oʻrta korxonalarning buyurtmachisi hisoblanadi. Bu muvaffaqiyatlarda boshqariladigan iqtisodiyotdan 1948-yilda bozor xoʻjaligiga oʻtilganligi hal qiluvchi omil boʻldi. Transport vositalari ishlab chiqarish, mashinasozlik, kimyo sanoati, elektr texnika, oziq-ovqat, metallurgiya, konchilik, aniq mexanika va optika, aviatsiya va kosmik sanoati asosiy tarmoqlardir. Texnika taraqqiyoti sohasida Germaniya sanoati dunyoda oldingi oʻrinlardan birini egallaydi. Germaniya iqtisodiyoti yuksak texnologiyalardan foydalanish tufayli farmatsevtika mahsulotlari, eng yangi organik kimyoviy moddalar va sunʼiy materiallar, tibbiyot elektronikasi, optika va oʻlchov asboblari ishlab chiqarishda, yangi avtomobillar yaratish va mashinasozlikda, telekommunikatsiya, atrof muhitni muhofaza qilish texnologiyalari sohasida dunyoda yetakchi oʻrinda. Germaniyada qadimdan va goʻzal anʼ-analarga ega boʻlgan hunarmandchilik rivoj topgan.

Qishloq xoʻjaligi

tahrir

Germaniyada qishloq xoʻjaligiga yaroqli 36 million ga yer bor. U moʻl-koʻl yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beradi. Qishloq xoʻjaligining asosiy mahsulotlari: bugʻdoy, arpa, qand lavlagi, kartoshka, shuningdek uzum, meva, sabzavot va boshqalar. Chorvachilikda mol goʻshti, choʻchqa goʻshti, tovuq goʻshti va sut yetishtiriladi.

Germaniya hududining qariyb uchdan bir qismi (10,7 millionga) oʻrmon bilan qoplangan. Mamlakatda har yili salkam 30—40 million kub metr yogʻoch tayyorlanadi, bu hajm ichki ehgiyojning uchdan ikki qismini krplaydi. Germaniya yogʻoch eksport qiladigan eng yirik davlatlardan biridir. Shimoliy va Boltiq dengizlarida, Grenlandiya oroli atroflarida baliq ovlanadi.

Transporti

tahrir
 
ICE tez yurar poezdi

Temir yoʻl uzunligi — 91,4 ming km, avtomobil yoʻllari uzunligi — 496,6 ming km. Eng katta aeroporti — Frankfurtmayn shahrida. Boshqa yirik aeroportlari: Berlin — Tegel, Berlin — Shenefeld, Bremen, Hamburg, Gannover, Drezden, Dyusseldorf, Kyoln /Bonn, Leypsig, Myunxen, Nyurnberg, Saarbryukken va Shtutgart. Suv yoʻllari uzunligi — 7467 km. Asosiy dengiz portlari: Hamburg, Bre-menBremerxafen, Vilgelmsxafen, Rostok[11].

Eksport va import

tahrir

Germaniya dunyodagi tashki savdo aylanmasi hajmi boʻyicha AQShdan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Germaniya chetga asosan avtomobillar, stanoklar, mashinalar, kimyo mahsulotlari va elektr texnika buyumlari chiqaradi. Chetdan xom ashyo, elektr texnika va toʻqimachilik mahsulotlari oladi. Tashki savdodagi asosiy mijozlari: Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Niderlandlar, Belgiya, AQSh, Rossiya, Lyuksemburg. Pul birligi — nemis markasi.

Ijtimoiy soha

tahrir

Tibbiy xizmati

tahrir
 
nemis kasalxonalari uchun xarajatlar 1993—2006

Germaniya 620 mingga yaqin oʻrinli 2300 kasalxona, 267 ming vrach ishlaydi. Bundan tashqari 1300 sogʻlomlashtirish muassasalari mavjud[12].

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

tahrir

Konstitutsiyaga binoan davlat maorif tizimini umumiy nazorat qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Har bir yerda maorif masalalari bilan shugʻullanuvchi vazirlik bor. 6 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun taʼlim majburiy. Oʻqish muddati — 12 yil Jumladan, bolalar toʻla oʻquv haftasi dasturi boʻyicha maktabda 9 yil, soʻnfa toʻliqsiz oʻquv haftasi dasturi boʻyicha hunartexnika bilim yurtida 3 yil oʻqiydi. Maktablar bir necha bosqichga boʻlinadi: boshlangʻich bosqich — 1—4 sinflar (baʼzi yerlarda 1—6 sinflar). Soʻng oʻquvchilar umumiy taʼlim maktabining uch toifasiga ajratiladi; keyinchalik hunar taʼlimi olish huquqini beradigan asosiy maktab (5—6 yil), kasbkor yoʻnalishidagi toʻliqsiz oʻrta taʼlim huquqini va oʻrta hunar-texnika oʻquv yurtiga kirish va uni bitirgach, texnika oliy oʻquv yurtiga kirish huquqini beradigan real maktab; toʻliq oʻrta maʼlumot beradigan va universitet hamda oliy oʻquv yurtlariga kirish huquqini beradigan gimnaziya. Umumiy taʼlim beradigan maktabning yangi toifasi — umumiy maktab ham mavjud. Unda bolalar 5sinfdan 10-sinfgacha oʻqiydi. Baʼzi umumiy maktablarda gimnaziyalarning yuqori sinflari tarzida tashkil etilgan yuqori sinflar bor. Aqli zaif va nogiron bolalar uchun maxsus maktablar bor. Ularga ham majburiy taʼlim joriy etilgan.

Hunar-texnika taʼlimi tizimida hunar maktablari, texnika va muhandislik bilim yurtlari, turli ixtisoslikdagi oʻrta maxsus taʼlim maktablari hamda maxsus oliy maktablar bor. Oliy taʼlim tizimiga universitetlar, oliy oʻquv yurtlari, oliy badiiy maktablar, texnika maktablari va boshqalar kiradi. Ularda oʻqish pulli. Eng yirik va qadimgi oliy oʻquv yurtlari: Geydelberg, Leypsig, Rostok, Berlin universitetlari. 1960-yildan keyin yana 20 ta universitet tashkil etildi. Ularning yonida texnika oliy bilim yurtlari va pedagogika institutlari mavjud. Maxsus oliy oʻquv yurtlari oliy taʼlimning eng yosh va hammaga manzur toifasi hisoblanadi. Ulardagi taʼlim ayniqsa muhandislik, iqtisodiyot, ijtimoiy taʼminot, dizayn va qishloq xoʻjaligi sohalarida koʻproq amaliy tarzda olib boriladi. Germaniyada har yili 10 million fuqaro bilim saviyasini oshirish imkoniyatiga ega. Malaka oshirishning eng yaxshi va samarali shakli xalq universitetlaridir. Germaniyada 11 ta mintaqalararo iqtisodiyot oʻquv markazi va 30 ta malaka oshirish instituti mavjud. Yirik firmalar oʻz xodimlari uchun alohida kurslar tashkil etadi.

Mamlakatdagi ilmiy tadqiqot ishlari oliy oʻquv yurtlarida, davlat va xususiy ilmiy tadqiqot muassasalarida va iqtisodiyot ilmiy tadqiqot boʻlimlarida olib boriladi. Tadqiqotlarda Dyusseldorf, Gyottingen, Geydelberg, Leypsig, Mayns va Myunxenda joylashadi Fanlar akademiyasilari va 1992-yil qayta tashkil etilgan Berlin-Brandenburg badiiy akademiyasi oliy oʻquv yurtlari bilan uzviy hamkorlik qiladi. Mamlakatda 60 dan ortiq ilmiy muassasa va ularning filiallari mavjud. „21-asr texnologiyalari“ deb atalgan ishlardan tashqari, jumladan, transport, ekologiya, sogʻliqni saqlash, informatika, shuningdek mayda va oʻrta korxonalarni qoʻllab-quvvatlash sohalarida tadqiqotlar olib boriladi.

Germaniyada 3 mingdan koʻproq muzey bor. Yerlar, shaharlar, uyushmalarning muzeylari, oʻlkashunoslik va xususiy muzeylar, ibodatxonalar, qasrlar, saroylardagi muzeylar, ochiq havo ostidagi muzeylar shular jumlasiga kiradi. Eng yirik muzeylari: Axendagi sobor xazinasi, Yangi galereya, Berlindagi „Prussiya madaniy bisoti“ davlat muzeyi, Bonndagi shahar sanʼat asarlari majmuasi, Drezdendagi Eski va Yangi ustalarning rasmlar galereyasi, „Kuk gumbaz“, Essendagi „Folkvang“ muzeyi kabi sanʼat muzeylari, Bonndagi Reyn viloyat muzeyi, Kyolndagi Rim-Germaniya muzeyi, Myunxendagi Bavariya milliy muzeyi kabi madaniytarixiy muzeylar, Berlin, Frankfurtmayn, Gyottingen, Hamburg, Kil, Kyoln, Lyubeke, Myunxen va Shtutgartdagi etnografiya muzeylari va boshqalar. Yirik kutubxonalari: Myunxendagi Bavariya davlat kutubxonasi (6 milliondan ortiq asar saqlanadi). „Prussiya madaniy bisoti“ning Berlindagi davlat kutubxonasi (4 million asar), Kyolndagi Markaziy kutubxona, Volfenbyuttedsagi gersog Avgust nomidagi kutubxona (660 mingdan ortiq asar) va boshqalar.

Matbuoti, radnoeshittirishi va telekoʻrsatuvi

tahrir

Germaniyada nashr etiladigan asosiy gazeta va jurnallar: "Algemayne saytung („Umumiy gazeta“, kundalik gazeta, 1850-yildan), „Berliner morgenpost“ („Berlin tonggi xabarlari“, kundalik gazeta, 1898-yildan), „Bonner rundshau“ („Bonn sharhi“, kundalik gazeta, 1945-yildan), "Generalansayger („Hammabop xabarnoma“, kundalik gazeta, 1725-yildan), „Noyes Doychland“ („Yangi Germaniya“, kundalik gazeta, 1946-yildan), „Shpigel“ („Koʻzgu“, haftalik suratli jurnal, 1947-yildan), „Shtern“ („Yulduz“, haftalik suratli jurnal, 1948-yildan). Doycher Depeshendinst Algemayner Doycher Naxrixtendinst — DDP/ ADN axborot agentligi; 1946-yilda sobiq GDRda tuzilgan ADN agentligining 1993-yilda Gʻarbiy Germaniyaning DDP agentligi bilan qoʻshilishi natijasida vujudga kelgan. Doyche Presse-Agentur-DPA jahon axborot agentligi, aksiyadorlik jamiyati boʻlib, 1949-yilda tuzilgan. „Arbaytsgemaynshaft der effentlix-rextlixen rundfunkanshtalgen der Bundesrespublik Doychland“ — ARD OFR radio va televizion kompaniyalari birlashmasi, mamlakat radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarini nazorat qiladi.

Adabiyoti

tahrir

Adabiyotnning eng qadimgi namunalari 8—9-asrlarga mansub („Gildebrand qoʻshigʻi“, „Mazreburg sehri“). Ekkehardning lotin tilidagi „Valtarius“ asari 11-asrda yaratilgan. Uygʻonish davri adabiyotiga Volfram fon Eshenbax, M. Lyuter, T. Myunser, G. Saks (16-asr) kabi shoir va adiblar salmoqli hissa qoʻshdi. „Til Eylenshpigel“, „Reyneke Lis“, „Faust“ kabi xalq kitoblari nashr qilindi. Klassitsizm namoyondasi shoir M. Opits mistik va dabdabali barokko sheʼriyatiga qarshi nemis tilining sofligi uchun kurashdi. „Minna fon Barnxelm“, „Emiliya Galotti“, „Donishmand Natan“ pyesalari muallifi G. E. Lessing nemis milliy adabiyotiga asos soldi. I. V. Gyote („Egmont“, „nemis va Doroteya“, „Faust“) va F. Shiller („Qaroqchilar“, „Makr va muhabbat“, „Orlean qizi“, „Vilgelm Tell“) ijodi 18-asr va 19-asr boshlari nemis adabiyotidagi taraqqiyparvar gʻoyalarning rivojida yuksak bosqich boʻldi. 18-asr 2-yarmi va 19-asr boshlarida romantizm paydo boʻldi. Romantiklar (aka-uka A. va F. Shlegellar, L. Tik, L. Uland va boshqalar) oʻrta asrni, din va xurofotni ideallashtirib, poeziyada subyektivizmni targʻib etishdi. 19-asrning 30-yillaridagi siyosiy koʻtarilish adabiy hayotni ham jonlantirdi. Dramaturg G. Byuxner, L. Berne demokratiya uchun kurashdilar. Buyuk shoir G. Geyne „Qoʻshiqlar kitobi“ siyosiy lirikasi va boshqalar toʻplamlarida feodal reaksiyani tanqid qildi. 1848-49 yillardagi nemis burjuademokratik inqilobi magʻlubiyatidan soʻng adabiy hayotda reaksion kayfiyat kuchaydi. 20-asr boshlarida dramaturgiyada naturalistik oqim paydo boʻldi (G. Gauptman, A. Gols va boshqalar), tanqidiy realizm yuksak bosqichga koʻtarildi. Birinchi jahon urushi davrida va undan soʻng A. Sveyg, B. Kellerman, K. Tuxolski, E. M. Remark kabi tanqidiy realistlar ijtimoiy tuzumning reaksion mohiyatini fosh etdilar. Fashistlar hokimiyat tepasiga kelgach, koʻpchilik taraqqiyparvar yozuvchilar vatanni tark etishdi va chet ellarda fashizmni fosh etuvchi asarlar yozishdi. 1945-yilda mamlakat ikkiga boʻlingach, nemis adabiyoti turli yoʻllardan rivojlandi. Sharqiy G. (sobiq GDR)da yashagan taniqli yozuvchilar T. Mann, G. Mann, L. Feyxtvanger kabilar adabiy oqimdagi ilgʻor anʼanalarni ijodiy davom ettirdilar. Eski ziyolilardan B. Kellerman, A. Sveyg, G. Fallada yangicha adabiy hayotga faol qoʻshildilar. I. R. Bexer, B. Brext, A. Zegers, F. Volf, F. Fyuman fashizmning jirkanch qiyofasini fosh etuvchi, insonning jamiyat oldidagi masʼuliyatini ifodalovchi asarlar yozishdi. Ammo bu yerda axborot imkoniyati va fikrlar erkinligi boʻlmagan sharoitda ularning ijodiy imkoniyatlari cheklangan edi.

Germaniyaning gʻarbi (OFR)da yashagan va fashizm qabohatlarining shohidi boʻlgan V. Borxert, X. V. Rixter, G. Byoll kabi adiblar oʻzlarining koʻrgan-kechirganlari haqida taʼsirchan asarlar yaratishdi. Xans Verner Rixterning tashabbusi bilan tuzilgan „47lar guruhi“ katta rol oʻynadi. Shu guruh har yili oʻtkazib turgan yozuvchilarning uchrashuvlari adabiy doiradan chiqib, siyosiy voqeaga ham aylana bordi. Bir qator adiblar (Yu. Bekker, R. Brinkman, A. Kluge, D. Vellersxof) ijtimoiy voqelikni talqin etmay, shunchaki tasvirlash yoʻlidan bordilar. 70 va 80-yillarda esa koʻpgina yozuvchilar ijtimoiy va iqtisodiy faollikka intildilar. Mamlakat birlashishi bilan nemis adabiyoti yangi rivojlanish bosqichiga kirdi. Yangi voqelikni badiiy idrok qilish va aks ettirish uchun vaqt kerak boʻladi.

Meʼmorligi

tahrir
 
Berlin

nemis qabilalarining qadimgi meʼmoriy yodgorliklari (yogʻochdan ishlangan) saqlanmagan. Toshdan ishlangan meʼmoriy yodgorliklari (Axendagi saroy kapellasi, 790—805: Fulddagi muqaddas Mixail cherkovi, 822) keyingi antik va Vizantiya meʼmorligi taʼsirida paydo boʻlgan. 9—10-asrlarda bazilika xilidagi bezaksiz cherkovlar qurildi. 11-12-asrlarda roman uslubidagi cherkov va soborlar (Mariya Lax cherkovi, 1093—1230; Maynsdagi sobor, 1100-1230 va boshqalar) qad koʻtardi. 13-14-asrlarda Germaniyada gotika uslubiga xos binolarni yangi konstruksiyalar asosida qurish avj oldi. Uygʻonish davrida ham gotika uslubi oʻz mavqeini yoʻqotmadi. 17-asrda meʼmorlik va tasviriy sanʼatda dabdabali barokko uslubi keng tarqaldi. 18-asrning 1-yarmida saroy va cherkovlar qurilishi yanada rivojlandi va baʼzan barokko bilan rokoko qisman birlashtirildi, 2-yarmida esa klassitsizm uslubida teatr, muzey va oʻquv muassasalari qurildi. 19-asrda yangi qurilish materiallari — temir va beton konstruksiyalari paydo boʻlishi tufayli modern uslubi urf boʻldi. 20-asrda texnika taraqqiyoti bilan konstruktivizm va funksionalizm qonunlari asosida (P. Berens, B. Taut, V. Gropius, L. Mis van der Roe va boshqalar) sanoat va turar joy binolari barpo etilib, shaharlar loyihasi tuzildi. Fashistlar diktaturasi davrida Germaniyada dagʻal va besoʻnaqay koʻrinishli, klassitsizmga yot binolar qurildi. Bu davrda koʻpgina atoqdi meʼmorlar chet ellarga ketib qoldilar. Urushdan keyin ayniqsa GDRda bir qolipdagi koʻrimsiz binolar qad koʻtardi. Keyingi yillarda koʻrkam jamoat binolari, qulay turar joylar qurila boshladi, shaharlarni obod qilishga kirishildi. Germaniyada insonning ehtiyojlarini har tomonlama nazarda tutgan zamonaviy yangi meʼmorlik namunalari tobora koʻpayib bormoqda. Meʼmorlikdagi yangi yoʻnalishlar goʻzal va qulay inshootlar yaratilishiga olib kelmoqda. Turli ranglarga boʻyalgan liftlar, eskalatorlar, bino tashqarisiga oʻrnatilgan kommunikatsiyalar meʼmoriy bezak vazifasini ham oʻtaydi. Ustunning qoshi, karniz va naqshlar esa bino husniga husn qoʻshib, kishi koʻzini quvontiradi. Shtutgartdagi yangi davlat galereyasi binosi (meʼmorlar J. Sterling, M. Uilford). Frankfurtmayndagi 256 metrlik yarmarka minorasi (meʼmor X. Yan) shu jumlaga kiradi.

Tasviriy sanʼati

tahrir
 

Germaniya hududida paleolit va neolit, jez va temir davrlari sanʼati yodgorliklari topilgan. Mil. boshlarida nemis qabilalarining ibtidoiy sanʼati paydo boʻlgan. 8—9-asrlarda karolinglar sanʼati (suyak oʻymakorligi, miniatyura)ga Vizantiya, qadimgi dunyo madaniyati taʼsir etdi. 11-13-asrlar sanʼati (Xildesxeym soborining bronza eshiklari, 1015, Reyxenau orolidagi Obersel cherkovining devoriy rasmlari, miniatyuralar) diniy harakterdagi roman uslubiga oʻtish davri boʻldi. 13—14-asrlarda nemis gotikasi taraqqiy etib, saroyritsarlik madaniyati elementlari oʻsayotgan shaharlar madaniyati bilan qoʻshilib ketdi. Uygʻonish davrida insonparvarlik gʻoyalari bilan sugʻorilgan realistik sanʼat vujudga keldi. 15-asrda paydo boʻlgan bu sanʼat (S. Loxner, L. Mozer, G. Mulcher, M. Shongauer) 16-asrning 30-yillarida A. Dyurer, X. Xolbeyn asarlarida yuksak choʻqqiga koʻtarildi. Sanʼatda 16-asrning 2-yarmidan manyerizm, 17-asrdan barokko hukmron boʻlib, 18-asr oʻrtalarida klassitsizm paydo boʻldi (R. Mengs, A. Kaufman, A. Ya. Karstens va boshqalar). 1848—49 yillardagi inqilob davrida jangovar demokratik ruhdagi kartinalar yaratildi (I. P. Gazenklever, K. Gyubner, K. F. Lesing). 19-asrning yirik realist rassomi A. Mensel ijodida nemis hayoti oʻzining toʻla aksini topdi. 20-asr boshlarida Germaniya mayda burjuaziya oqimi—ekspressionizm vatani boʻlib qoldi (haykaltarosh V. Lembruk va boshqalar). Fashistlar hokimiyat tepasiga kelgach, quvgʻin va taʼqiblarga qaramay, baʼzi rassomlar (Barlax, Kolvits, O. Nagel) insonparvarlik ideallariga sodiq qoldilar. Urushdan keyin utmish anʼanalariii tiklashga kirishildi va Yevropa hamda Amerika sanʼatidagi yangi oqimlardan foydalanildi. Hozirgi vaqtda yoʻnalishlar naqadar xilma-xil boʻlmasin, mutanosiblik yoʻliga intilish seziladi.

Teatri

tahrir

Teatr sanʼati tarixi xalq urf-odatlari va oʻyinlaridan iborat. 11—15-asrlarda xalq sayyor aktyorlari—shpilmanlar sanʼati avj oldi (yengil, shoʻx, kichik pyesalar quyilgan). 16-asr oxirlarida maktab dramalari keng tarkaldi. nemis aktyorlarining birinchi truppalari yuzaga keldi. 18-asrda aktrisa K. F. Neyber nemis teatri sahnasiga fransuz klassitsizmi badiiy tamoyillarini olib chiqdi, teatrning tarbiyaviy roli uchun kurashdi. 19-asrda Berlin, Braunshveyg, Drezden, Dyusseldorf, Hamburg va boshqa shaharlar teatr markaziga aylandi. 19-asr oxiri va 20-asr boshlarida E. Possart, L. Barnay, Y. Kayns kabi yirik aktyorlar yetishib chikdi. l-jahon urushi yillarida Germaniya teatri realistik anʼanalardan chekindi. 1927-yilda ochilgan „Piskator teatri“ publitsistik yoʻnalishdan bordi. Dramaturglardan B. Brext, F. Volf, E. Toller, aktyorlardan A. Moisei, G. Otto, E. Bush, rejissorlardan M. Reyngardt, E. Piskator, G. Vangenxeym, K. X. Martinlar teatr sanʼatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar. Fashizm davrida teatr sanʼati natsistlarning targʻibot quroliga aylandi. Fashizm tor-mor etilgach, natsizmga qarshi ruxdagi pyesalar paydo boʻldi. Berlinda 150 ta teatr va sahna bor. Boshka shaharlardagi teatrlarning ham repertuarlari xilma-xil. Klassiklarning pyesalari ham katta muvaffaqiyat qozonmoqda. Shiller, Lessing va Kleystdan keyin B. Brext asarlari paydo boʻldi. Zamonaviy dramaturglardan baʼzilari muvaffaqiyatga erishdi. Rolf Xokxut, Harald Myuller, Tankred Dorst, Klau Pol shu jumlaga kirdi.

Musiqasi

tahrir

Oʻrta asrlarda ritsarlar sanʼati paydo boʻldi, minnezingerlar maktabi shakllandi (Volfram fon Eshenbax va boshqalar); 14-asrda meysterzingerlar sanʼati, 16-asrdan cholgʻu (ayniqsa organ) musiqasi (K. Pauman singari kompozitorlar ijodida) rivojlandi. Islohot davrida xalq qoʻshiqlari zaminida protesta ntxorali paydo boʻldi. Germaniya Shyuts nemis musiqasida oratoriya va kantata janrlarini ishlab chiqdi, birinchi nemis operasi „Dafna“ (1627)ni yezdi. 1723-yildan I. S. Bax faoliyati boshlangap Leypsig yirik musiqa markaziga aylandi. 18-asr 2-yarmida musiqali sahna janri—zingshpil paydo boʻldi (I. Xiller va boshqalar). Asosan chet ellarda ishlagan Germaniya Gendel, X. Glyuk kabi kompozitorlar Angliya, Fransiya va boshqa mamlakatlar musiqa taraqqiyotiga katta hissa qoʻshdi. Y. Gaydn, V. A. Motsart, L. Betxoven singari Vena klassik maktabi ustalari nemis musiqasi rivojiga kuchli taʼsir oʻtkazdi. L. Betxoven ijodi nemis musiqasining choʻqqisidir. 19-asr boshida musiqiyromantizm namoyandalari F. Shubert, K. Veber, F. MendelsonBartoldi, R. Shuman, 19-asr 2-yarmida R. Vagner. I. Brams, M. Regerlar ijod qildi. 20-asr boshidan Germaniyada ekspressionizm (R. Shtraus, A. Shyonberg), neoklassitsizm (P. Xindemit), atonalizm kabi musiqiy avangardizm oqimlari tarqaldi. Fashistlar rejimi mamlakat musiqiy madaniyatiga halokatli taʼsir qildi. Ilgʻor kayfiyatdagi musiqa arboblari xorijdan boshpana topdi. Urushdan keyin keksa avlodga mansub kompzitorlarning ijodi va faoliyati (K. Orf va boshqalar) yetakchilik qildi. 60-yillardan keyingina yosh kompozitorlar (X. Xense, K. Shtokxauzen) koʻzga koʻrina boshladi. Berlin, Hamburg, Myunxen, Frankfurtmayn, Shtutgart, Leypsig, Drezden va boshqa shaharlarda opera va balet teatrlari, simfonik orkestrlar, Oliy musiqa maktablari bor.

Kinosi

tahrir

Germaniyada kinematografiya 1895-yil yuzaga kelgan. Birinchi jahon urushi arafasida badiiy filmlar ishlab chiqarila boshlandi. 1916—1917-yillar UFA deb atalgan yirik ishlab chiqarish firmasi tuzildi. F. F. Murnau, G. V. Pabst, E. Lyubich kabi rejissorlarning filmlarida zamonasining ijtimoiy mavzulari aks ettirildi. 20-yillarda nemis kinosida ekspressionizmning kuchli taʼsiri sezilib turadi. 20-yillar oxiri va 30-yillar boshida „Krauzen buvining baxt tomon safari“ (rejissor P. Yutsi) va boshqa realistik filmlar yaratildi. 1933-yil yuzaga kelgan siyosiy reaksiya nemis kinematografiyasi rivojlanishini toʻxtatib qoʻydi. Ikkinchi jahon urushi davrida kino natsizm targʻibotining quroliga aylantirildi. OFRda 1949-yildan tijorat va koʻngilochar filmlar chiqarila boshladi. 60-yillardan eʼtiboran yosh rejissorlar badiiy yetuk ekran asarlari yaratishdi. Keyinchalik zamonaviy voqelik va axloq mavzulariga eʼtibor berila boshladi. Doris Durrining „Erkaklar“ komediyasi, Volfgang Petersonning urush haqidagi „Suv osti kemasi“ filmi kabi badiiy puxta kartinalar yuzaga keldi. 1984-yilda yaratilgan „Parij, Texas“, 1988-yilda suratga olingan „Berlin osmoni“, 1986-yilda dunyo yuzini koʻrgan „Roza Lyuksemburg“ filmlari tomoshabinlarga manzur boʻldi. Tarixiy va zamonaviy mavzudagi adabiy asarlarni ekranlashtirishga kirishildi.[13]

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari

tahrir

Havolalar

tahrir

Manbalar

tahrir
  1. Germaniya Statistika Vazirligi, 22. April 2015, 21-dekabr 2018-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 30-iyul 2015-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  2. Germaniya turi, otdix, seni, ekskursionnie turi v Germaniyu, 9-iyul 2009-yilda asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 18-aprel 2013-yil{{citation}}: CS1 maint: date format ()
  3. Nemeskie dialekti — karta raspredeleniya
  4. Marshem na Berlin. V Germanii bejensi razvernuli borbu za svoi prava
  5. DSW: Länderdatenbank[sayt ishlamaydi]
  6. Stiftung Weltbevölkerung: Home (Wayback Machine saytida 2009-11-22 sanasida arxivlangan)
  7. Gemeinsames Datenangebot der Statistischen Ämter des Bundes und der Länder (Wayback Machine saytida 6-iyul 2017-yil sanasida arxivlangan)
  8. Dmitriev V. A. „Rol sovremennoy Germanii v mirovoy politike“. Gorchakovskie chteniya
  9. A. I. Patrushev „Germaniya v XX veke“
  10. Yeryuxin A. A. „Yevropeyskaya politika FRG pri Adenauere“
  11. Eisenbahnatlas Deutschlandf, 2007/2008, Кёльн: Verlag Schweers + Wall GmbH, 2007. 
  12. Istochnik: Statya „Meditsina v Germanii“ na veb sayte Lechenie v Myunxene (Wayback Machine saytida 21-mart 2012-yil sanasida arxivlangan)
  13. OʻzME. G-harfi, 232[sayt ishlamaydi]. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil