Gidrogeologik haritalar - yer osti suvlarining tarqalishi va kimyoviy tarkibini aks ettiruvchi haritalar. G. x.da suvli gorizontlarning sifati, suv berishi, bosimli suv sistemasining qad. zamini, geologik strukturalarning oʻzaro munosabati, relyef va yer osti suvlari toʻgʻrisida maʼlumot beriladi. Geologik va tektonik haritalarni inobatga olib gidrogeologik sʼyomka natijalaridan foydalangan holda tuziladi. G. x.da suvli gorizontlar va ularning komplekslarini tarqalishi, manbalar va ularning suv bera olishi, quduqlar, burgʻi quduqlari, karat voronkalari, suvli qalin qatlamning tubi yoki usti, yer osti suvlarining kimyoviy tarkibi tasvirlanadi.

G. x. kichik (1:500000), oʻrta (1:2000001:100000), yirik (1:50000 dan yirikroq) masshtabli boʻladi. G. x. vazifasiga qarab umumiy, asosiy suvli gorizontlar, maxsus haritalarga boʻlinadi. Umumiy G. x.da suvli komplekslar va gorizontlar, ularning tavsifi suv saqlovchi togʻ jinslarining yoshi va petrografik tarkibi, gidrogeologik tayanch va harakterli burgʻi quduqlari, yirik suv manbalari, yer ostining suv sathi haqida maʼlumotlar koʻrsatiladi.

Asosiy suvli gorizontlar G. x.da suvli gorizontlarning tarqalgan maydoni, togʻ jinsining tarkibi va yotish chuqurligi, erkin yoki bosimli suvlarni sathi, gorizontlarning suvliligi va minerallanish darajasi koʻrsatiladi. Maxsus G. x. suv taʼminoti masalalari va suv zaxirasini baholash, foydali qazilma konlarining suvliligi, mineral suv konlarining chegarasini aniqlash maqsadida tuziladi. G. x.larga, odatda, joyning gidrogeologik sharoitlarini tushuntiruvchi matn ilova qilinadi. Gidrogeologik rayonlashtirish, gidrokimyo, yer osti suvlari va b. haritalar maxsus tipli haritalarga kiradi. Uebekistonda G. x. 1980-82-yillarda tuzilgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil