Gidrotexnik melioratsiya
Gidrotexnik melioratsiya -tuproqning noqulay suv-havo va tuz rejimi (qurgʻoqchilik ortiqcha namlik va b.)ni tubdan yaxshilashga moʻljallangan injenerlik-texnika tadbirlari majmui. Oʻrta Osiyoning sugʻoriladigan zonalarida G.m.ning quyidagi turlari qoʻllanadi: sugʻorish, yaylovlarni suv bilan taʼminlash, yerlarning zaxini qochirish, ortiqcha yer osti suvlarini chiqarib yuborish, tuproqni shoʻrsizlantirish, tuproq eroziyasiga qarshi kurash, daryo oqimini tartibga solish va boshqalar G.m. qishloq xoʻjaligi melioratsiyasining boshqa turlari bilan birga tuproqning tuz va suv rejimini boshkarishga imkon beradi, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishning barqarorligini taʼminlaydi, suv va yer resurslaridan unumli foydalanish imkoni-yatini yaratadi.
G.m. tadbirlarini amalga oshirish maqsadida gidrotexnika inshootlari quriladi, ularning ishlashi sugʻoriladigan yerlar suv balansining kirim (suv manbalari) va chiqim (sarflari) qismlari koʻrsatkichlarini tubdan oʻzgartirib yuboradi. Sugʻoriladigan yerlarga (sugʻoriladigan hudud bilan birga) suv chiqarish va uni taqsimlashni taʼminlovchi injenerlik inshootlari va qurilmalar turkumi sugʻorish tizimini tashkil etadi. Daryolar oqimini tartibga solish uchun ularning oʻzani chuqurlatiladi va kengaytiriladi, toʻgʻon va koʻtarmalar, suv omborlari quriladi. Shoʻr bosgan yerlarda shoʻr yuvishga ishlatilgan suvlar kollektor-drenaj tarmoqlari orqali chiqarib yuboriladi (qarang Drenaj). Suv eroziyasiga qarshi kurash maqsadlarida togʻ yon bagʻirlarida suv yigʻuvchi kanallar qaziladi, terassalar yasaladi, ekin ekiladigan yerlarni seldan saqlash uchun seldan himoya vositalari qoʻllanadi, selxonalar quriladi. G.m. tashkiliy-xoʻjalik va agrotexnika tadbirlari (almashlab ekish, qishloq xoʻjaligi ekinlari yetishtirishda ilgʻor agrotexnika) bilan birga olib bori lad i, qishloq xoʻjaligi melioratsiyasining kimyoviy melioratsiyasi, agrooʻrmon melioratsiyasi va b. turlari bilan birgalikda qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi tabiiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan yagona kompleksiga kiradi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- Selskoxozyaystvennie gidrotexnicheskiye melioratsii, Kiyev, 1977.
Odil Qodirov.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |