Gilamchilik sanoati — tabiiy (hayvon juni, oʻsimlik tolasi) va sunʼiy toladan turli xildagi gilamlar ishlab chiqaruvchi sanoat tarmogʻi. Gilamchilik badiiy hunarmandlik sohasi sifatida turli davlatlarda oʻziga xos shaklda rivojlanib kelgan (qarang Gilamchilik). Sanoat tarmogʻi sifatida 20-asrda shakllandi. Bu davrga kelib gilam toʻqiydigan maxsus artellar paydo boʻldi, uni qoʻlda toʻqishdan asta-sekin mashinada toʻqishga oʻtila bordi. Oʻzbekistonda 1978-yilda Xiva gilam toʻqish kombinati tashkil etilishi bilan G.s. mahalliy sanoatning muhim tarmogʻiga aylandi. Keyinchalik gilam toʻqiydigan korxonalar sonining ortib borishi natijasida G. s. alohida sanoat tarmogʻi sifatida ajralib chiqdi. Gilam toʻqish ayniqsa mahalliy sanoatdagi eng rivojlangan tarmoqdardan biri hisoblanadi. Buxoro, Shahrisabz, Urgut, Nurota, Bulungʻur va b. shaharlardagi korxonalarda qoʻlda toʻqilgan gilam va paloslarda mahalliy uslub va badiiy usullar saqlanib kelmoqda. Oʻzbekiston mustaqillikni qoʻlga kiritgach, xalqaro aloqalarning mustahkamlanib borishi bilan G.s. korxonalariga chet mamlakatlar (Angliya, Polsha, Turkiya, Germaniya va b.) yirik firmalarining zamonaviy texnologiyalari va asbob-uskunalari keltirib oʻrnatildi, shuningdek, qoʻshma korxonalar tashkil etildi (mas, „Xiva gilami“ aksiyadorlik jamiyati). Bu korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar eksportga chiqarilmoqda.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil