Ginesey

ulning reproduktiv qismi, hamma mevabargchalar yigʻindisi

Ginesey (yun. gyne — ayol, oikion — uy, boshpana) — gulning reproduktiv qismi, hamma mevabargchalar yigʻindisi. Bir-biri bilan qoʻshilmagan, erkin joylashgan, har biri alohida urugʻchi hosil qiladigan mevabargchalardan iborat G. apokarp G. deb ataladi. Apokarpli G. eng sodda boʻlib, magnoliya, pion va ayiqtovonlar uchun xos. Baʼzan G. bitta mevabargcha (urugʻchi)dan iborat (mas, burchoqdoshlarda). Evolyutsiya davomida mevabargchalar qoʻshilib ketib, 3 xil tipdagi senokarp G. hosil boʻladi. Yon tomonlari bilan oʻzaro qoʻshilib oʻsgan yopiq mevabargchalar (ularning urugʻ kurtagi choklari boʻylab, yaʼni uyachalar burchagida joylashgan) sinkarp G. hosil qiladi (lola). Sinkarp G.dan ayrim mevabargchalarning ajralib chiqishi, birok ular qirralarining ajralib ketmasligi tufayli parakarp G. hosil boʻladi (bodring, qovoq, lolaqizgʻaldoq). Parakarp G. bir uyali boʻlishi va urugʻkurtaklari G. devorida joylashganligi bilan sinkarp G.dan farq qiladi. Boshqa hollarda parakarp G. bevosita apokarp G.dan kelib chiqqan. Sinkarp G. tugunchasi toʻsiqlarining yoʻqolib ketishi natijasida bir uyali lizikarp G. vujudga kelgan. Oʻzaro qoʻshilib ketgan bir necha mevabargchalardan hosil boʻlgan G. murakkab urugʻchi deyiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil