Gipotermiya
Gipotermiya (gipo... va yun. therme — issiqlik) — odam va issiq qonli hayvonlarda temperaturaning odatdagidan pasayishi; bunga organizmda issiqlikning hosil boʻlishidan koʻra koʻproq sarflanishi sabab boʻladi. Termoregulyatsiya (issiqlikning idora etilishi) buzilganda, mastlik, qon yoʻqotish, shok holatlarida organizmda issiqlik hosil boʻlishi bilan uning tashqariga chiqarilishi oʻrtasidagi nisbat buzilib, gavda temperaturasi pasayishi mumkin. Gipotermiya tabiiy va sunʼiy boʻladi. Tabiiy gipotermiya koʻpgina hayvonlarning qishki uyquga moslashish jarayonidir, bunda gavda temperaturasi tushib ketganda ham ular bemalol yashay oladi. Gipotermiya sharoitida moddalar almashinuvi, qon aylanishi, toʻqimalarning kislorodga boʻlgan ehtiyoji keskin kamayadi. Bu esa tibbiyot amaliyotida odamning ham gavda temperaturasini sunʼiy tushirish imkoniyatini beradi. Gavda temperaturasini sunʼiy tushirish uchun vegetativ nerv sistemasiga taʼsir etadigan turli doridarmonlardan foydalaniladi. Sunʼiy gipotermiyaning umumiy va mahalliy xillari bor. Sunʼiy gipotermiya gipertermiyaning xavfli shaklida, kalla suyagi — miya shikastlanishlari, meʼda va oʻn ikki barmoq ichak yarasining qonaydigan xillarini davolashda qoʻllanadi. Undan jarrohlik, ayniqsa yurakni operatsiya qilishda keng foydalaniladi, natijada qon aylanishi qisman yoki toʻla toʻxtatib qoʻyiladi, natijada aʼzo va toʻqimalarda kislorod tanqisligi xavfi yoʻqoladi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |