Golarktika
Golarktika (yunoncha: holos — hamma, barcha va arktikos — shimoliy) — quruqlikdagi flora dunyosi va zoogeografiya (Arktogeya) oblasti. Shim. yarim sharning tropik mintaqadan tashqari hamma qismini oʻz ichiga oladi. Hoz. G. florasida 30 dan ortiq endemik oilalar bor. Floraning shakllanishi Shim. Amerikaning Lavraziya hududida mavjud boʻlgan qad. paleogen-neogen va uchlamchi davr florasi bilan bogʻlangan. Qad. Tetis dengizi Lavraziyani tropika florasidan ajratib turgan. Paleogen oxirida iqlimning sovib ketishi bilan G. florasi ham oʻzgargan. Qad. floraning namunalari jan. qismda (Sharqiy Osiyo, qisman Shim. Amerikada) saqlanib qolgan. G.ning asosiy biomlari (tundra, oʻrmon, choʻl va b.) oʻsimliklar qoplamida koʻproq murakkabguldoshlar (qoqidoshlar), hiloldoshlar, dukkakdoshlar, ayiqtovondoshlar, piyozdoshlar, karamdoshlar, chinniguldoshlar, raʼnodoshlar, ziradoshlar, sigirquyruqdoshlar, labguldoshlar va b. oilalarning vakillari uchraydi. Daraxtlardan qayin, tol, yongʻoq, raʼnodoshlar va ayrim boshqa oilalar, ninabarglilardan taksodiyalar (hoz. kamayib ketgan) va ayniqsa qaragʻay keng tarqalgan. G.ning flora dunyosi 3 kichik dunyoga va 9 oblastga boʻlinadi.
Boreal kichik dunyosi Yevropa (Oʻrta dengizdan tashqari), Osiyo (tropikadan tashqari) va Shim. Amerikani oʻz ichiga oladi. U floraga juda boy boʻlib, koʻp endemik oilalar (jumladan, magnoliyasimonlar)ga ega. Oʻrta dengiz kichik dunyosi Shim. Afrika, Yevropaning janubi, Old va Oʻrta Osiyoni egallaydi. Florasi boreal va tropik flora taʼsirida rivojlangan (lavr, palma va b.). Madrean kichik dunyosi Shim. Amerikaning jan. va gʻarbi, Meksikaning togʻli mintaqasini oʻz ichiga oladi. Florasi bir qancha endemik oilalar, turkumlar (10% ga yaqin), turlardan (40%) iborat.
G. zoogeografiya oblasti (Arktogeya) hayvonot dunyosi turlarga uncha boy emas. Bunga asosiy sabab landshaftining nisbatan bir xildaligi, iqlimining noqulayligi, faunasining ancha yosh boʻlishidir. Sut emizuvchilardan bobrsimonlar, qoʻshoyoqsimonlar, suv kalamushlari, aplodontsimonlar, ayrishoxlilar, pishchuxasimonlar, selevinsimonlar; qushlardan gagaralar, qurlar; suvda va quruqlikda yashovchilardan burchaktishlar, ambistomasimonlar, yashirinjabralilar, amfiumalar, proteylar, sirenlar; baliqlardan antikanbaliqlar, osyotrsimonlar, kurakburunlilar, sovutli choʻrtanlar, losossimonlar, hariussimonlar, choʻrtansimonlar, okunsimonlar va b. endemik oilalar uchraydi. Shim. Amerika va Yevrosiyo faunasi oʻrtasidagi oʻxshashlik pliotsen va toʻrtlamchi davrda Osiyo va Amerika qitʼalari Alyaska va Chukotka yarim orol orkali tutashganligini va ular oʻrtasida fauna almashinib turganligini koʻrsatadi. Ana shu yoʻl bilan Yevrosiyodan Amerikaga togʻ qoʻylari, loslar, qoʻngʻir ayiqlar va hozirgi Amerikada qirilib bitgan mamontlar, yaklar; Amerikadan Yevrosiyoga shimol bugʻusi, qoʻyhoʻkiz va b. oʻtib qolgan.
G. zoogeografik oblasti Palearktika va Neoarktika kichik oblastlariga boʻlinadi. Palearktika Yevrosiyo va Shim. Afrikaning moʻtadil va sovuq iqlimli qismini oʻz ichiga oladi. Hayvonot dunyosi Yevrosiyoning qad. tropik faunasidan iborat, lekin uchlamchi va toʻrtlamchi davrda iqlimning quruqlashishi taʼsirida keskin oʻzgargan. Neoarktika Shim. Amerikaning tropik qismidan shim.roqdagi hududlarni va Tinch hamda Atlantika okeanidagi bir qancha orollarni egallaydi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |