Golland qoramol zoti - suti uchun boqiladigan zot. Gollandiyada mahalliy qoramol zotlarini uzoq davr yaxshilash yoʻli bilan yetishtirilgan. G.q.z.ning tana tuzilishi mustahkam, gavdasi katta, tusi koʻpincha qora-ola.

Sigirlarining vazni 500–600 kg, buqalariniki 700–900 kg. Buzoqlari 38– 42 kg tugʻiladi, 6 oylik boʻlganda 160– 170 kg keladi. Sigirlari oʻrtacha 3800– 4200 kg, sof zotlilari 4500–5500 kg gacha sut beradi. Suti moyliligi 4— 4,2%. Jahondagi koʻpgina mamlakatlarga tarqalgan va bu joylarda unga qarindosh boʻlgan friz (Buyuk Britaniya, Fransiya), golshtinfriz (AQSH, Kanada, Yaponiya), daniya qora-ola, shved qora-ola, ostfriz, nemis qora-ola zotlari va b. chiqarilgan. G.q.z. Rossiyaga 17-asr oxiri — 18-asr boshlarida keltirilgan. Undan jaydari qoramol zotlari bilan urchitib, xolmogor, tagil, bestujev zotlarini chiqarishda foydalanilgan. Turli mamlakatlarda chikarilgan qora-ola qoramol zotlari mahsuldorlik va tana tuzilishiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Ulardan AQSH golshtinfriz qoramoli eng yuqori mahsuldorligi bilan ajralib turadi (sogʻim davrida 10000 kg gacha sut beradi). Oʻzbekistonda mahalliy qoramol zotlarini G.q.z. bilan urchitib yetishtirilgan qora-ola zot respublikaning hamma viloyatlarida (Toshkent viloyatida koʻproq) boqiladi.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil