Graben (geologiya)
Graben (nem. graben — chuqurlik) — Yer poʻstining qiya, baʼzan tik yoriqlar, odatda uzilma boʻylab choʻkkan qismi. Graben bir necha yuz km ga choʻzilgan, eni bir necha oʻn km boʻladi. Grabenlarning koʻpchiligi riftlarga mansub. Tektonik harakatlar natijasida paydo boʻladi. Hamma tomonidan yoriqlar sistemasi bilan chegaralangan murakkab grabenlar ham uchraydi. Bir qancha belgilariga qarab grabenlar boʻylama — burmali strukturalar boʻylab choʻzilgan; koʻndalang — grabenning uzun oʻqi atrof strukturalarning oʻqiga perpendikulyar: ponasimon — pastga tomon kengayib boradigan; bir tomonli — uzilma bilan faqat bir tomondan chegaralangan xillari bor. Dunyodagi ulkan grabenlar sistemasi Sharqiy Afrikadan oʻtgan. Gʻarbiy Yevropada yirik graben Reyn daryosi vodiysida joylashgan. Bunday sayyoraviy masshtabdagi grabenlar rift deb ataladi. Oʻzbekistonda Fargʻona vodiysining shim. gʻarbida Koʻgart vodiysida uz. 50 km ga teng graben joylashgan. Baʼzan graben oʻrnida koʻl paydo boʻladi (Issiqkoʻl) yoki uni daryolar kesib oʻtadi.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |