Gul – yopiq urugʻli oʻsimliklar (gulli oʻsimliklar)ning generativ (jinsiy urchish) organi. Gul oʻsishi cheklangan, shakli oʻzgargan novda hisoblanadi. Gul gulband, kosachabarglar, tojbarglar, changchilar va urugʻchidan tashkil topgan. Kosachabarglar gulning sirtida birinchi qatorda joylashgan bargchalardan iborat. Kosachabarglarning rangi odatda, yashil ularning soni oʻsimlik turiga qarab har xil boʻladi. Baʼzi oʻsimliklarda (marmarak, rayhon, noʻxat va b.) kosachabarglar bir-biri bilan qoʻshilib, birikkan bargli tutash kosacha, boshqalarida (turp, shaftoli, oʻrik va b.) birikmasdan, ayrikosacha hosil qiladi. Gultoj barglar – kosachabarglardan ichki qavatga joylashgan gulbarglardan iborat. Rangi har xil. Tojbarglar ham tutash (pechak, karnaygul, kartoshka va b. gulida) va ayritoj (oʻsma, ayiqtovon, naʼmatak va b. gulida) boʻladi. Changchilar gulning chang (mikrospora) hosil qiluvchi qismi. Ular uchinchi qavatni tashkil qiladi. Urugʻchi gulningning urugʻkurtak (makrospora) hosil qiluvchi qismi boʻlib, markazda joylashgan. Kosachabarglar bilan tojbarglar gulqoʻrgʻon deyiladi. Kosachabarglar bilan tojbarglarga aniq ajralgan gulqoʻrgʻon (oʻrik, olcha, sholgʻom va b. gulida) murakkab, bunday ajralmay, rangi bir xil boʻlgan gulqoʻrgʻon oddiy gulqoʻrgon deyiladi. Tojbarglarga oʻxshash, ochiq rangli oddiy gulqoʻrgʻon gultojsimon (lola, piyoz gulida), kosachaga oʻxshash yashili esa (lavlagi, shoʻra, otquloq va b. gulida) kosachasimon gulqoʻrgʻon deb yuritiladi. Hasharotlar vositasida changlanadigan gullar gulqoʻrgʻoni yaxshi rivojlangan, shamol yordamida changlanadigan gullarniki esa uncha rivojlanmagan yoki butunlay yoʻqolib ketgan. Gulqoʻrgʻonsiz yoki faqat urugʻchi va changchilardan iborat gullar (tol, terak, yongʻoq kabilarning guli) yalangʻoch yoki gulqoʻrgʻonsiz gullar deyiladi. Gulning barcha qismlari gul oʻrinida joylashgan. Gul oʻrini keng va yassi (ayiqtovon, malina), konussimon yoki choʻziqroq (yerchoy) yoki, aksincha, botiq (raʼno, naʼmatak va b.) boʻladi. Har bir gulda gulband bor. Baʼzan gulband deyarli rivojlanmay, gul toʻpgul oʻqidan oʻsib chiqadi (masalan: tizimgul, sebarga guli). Bunday gullar bandsiz yoki oʻtroq gullar deyiladi. gulda urugʻchilar va changchilar boʻlsa, ikki jinsli (behi, lolaqizgʻaldoq, piyoz va b.), faqat bittasi boʻlsa (yongʻoq, makkajoʻxori, tol, qayin va b.), ayrim jinsli yoki bir jinsli gul deyiladi. Bir jinsli gul faqat urugʻchilardan iborat boʻlsa – urugʻchili (makkajoʻxori soʻtasi), faqat changchilardan iborat boʻlsa (makkajoʻxori roʻvagi, yongʻoq kuchalasi va b.) – changchili gul deyiladi. Gul markazidan ikki va undan koʻp chiziq oʻtkazilganda teng simmetrik qismlarga boʻlinsa, toʻgʻri – aktinomorf (olma, oʻrik, naʼmatak va b.), faqat bitta chiziq bilan simmetrik qismlarga boʻlinsa, qiyshiq – zigomorf gul (rayhon, yalpiz, itogʻiz, jambil va b.) deyiladi. Ularda nasldan-naslga oʻtadigan doimiy belgilar (gul qismlarning shakli, rangi, katta-kichikligi, bir-biriga nisbatan tutgan oʻrni va soni) gʻoyat xilma-xilligi. Oʻsimliklarning urugʻdoshligi va evolyutsiyasini aniqlashda gullarning ahamiyati katta. Gul shamol yoki hasharotlar vositasida changlanadi. Gul changlanishga turlicha moslashgan. Masalan, hasharotlar yordamida changlanadigan oʻsimliklarning gullarii yirik, hidli, xilma-xil rangda boʻlib, nektar bezlari shira (nektar) ajratadi. Nektar bezlari gulning ichki qismida boʻlib, hasharotlar shira olishga qoʻnganda tanasiga changni yopishtirib olib tarqatadi. Koʻp oʻsimliklar (mas, yongʻoq, terak, kanop, makkajoʻxori va b. gʻalladoshlar) shamol vositasida changlanadi. Ularning gullari mayda, koʻrimsiz, rangsiz va hidsiz, changlari quruq va yengil boʻladi[1][2].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. Xoliqov S., Pratov Oʻ., Oʻsimliklar anixushgichi, T., 1970; Mavlonov O., Qosimov A., Siddiqov J., Biologiya (maʼlumotnoma), T., 1999.