Gulshaniy (taxallusi; asl ismi Mulla Muhammad Sodiqxoja) (1861 — 1910) — buxorolik tarixchi, shoir. Buxoro amirligining tarixiy geografiyasiga oid "Tarixi Humoyun" asarini yaratgan. G. oʻz asarida amirlikning har bir viloyatida nechta shahar, qasaba, qishloq borligi, aholisi haqida yozadi. Masalan, Shahrisabz sh. haqida shahar ikki qator devor bilan oʻralgani, shahar devorining 3 darvozasi (Kitob, Charmgaron, Qarshi) borligi, Qarshi darvozasi yana Laʼliston ham deb atalishi, darvozadan bir yarim chaqirim yerda amirning Laʼliston deb ataluvchi chorbogʻi boʻlgani, shaharda 45 Madrasa, 64 masjid, 4 xonaqoh, ikki hammom, 15 karvonsaroy boʻlganligi aytiladi. Har viloyat, shahar, qasaba aholisining soni va ularning mashgʻuloti haqida ham maʼlumot beriladi. Asar Tojikiston Fanlar akademiyasi SHI qoʻlyozmalar fondida saqlanmoqda. Rus tiliga tarjima qilingan. G. sheʼrlari 20-asr boshlarida Buxoroda tuzilgan tazkira va bayozlarga kirgan.

Adabiyotlar

tahrir
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil