Habib Muhammedovich Abdullayev (31-iyul, 1912 – 20-iyun, 1962) oʻzbek sovet geologi, OʻzSSR Fanlar akademiyasi akademigi (1947-yildan) va prezidenti (1956-1962) boʻlgan.

Habib Muhammedovich Abdullayev
Tavalludi 31-iyul 1912-yil
Aravon, Fargʻona viloyati (Rossiya imperiyasi)
Vafoti 20-iyun 1962-yil(1962-06-20)
(49 yoshda)
Toshkent, OʻzSSR, SSSR
Istiqomat joylari OʻzSSR
Fuqaroligi OʻzSSR
Sohasi Geologiya
Taʼlimi Toshkent politexnika instituti
Mukofotlari

Hayoti

tahrir

Habib Abdullayev 1935-yil Oʻrta Osiyo industriya institutining konchilik fakultetini tugatgach, geologiya-razvedka partiyasi boshligʻi. Keyinroq Oʻzbekistondagi Langar volfram-molibden konining geologik tuzilishi, mineral tarkibi va hosil boʻlishini tadqiq qildi. 1940-yildan Oʻrta Osiyo industriya institutining foydali qazilmalar kafedrasida dotsent, soʻngra shu institutda direktor, 1942-yildan Oʻzbekiston hukumati raisining oʻrinbosari, 1944-yildan ayni vaqtda Davlat plan komissiyasi raisi. 1946-yil „Oʻrta Osiyoning sheelitli skarnlari geologiyasi“ mavzuida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi va bu asar 1947-yilda nashr etildi. Abdullayev 1947-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti. Ayni vaqtda Geologiya instituti direktori hamda uning Petrologiya va metallogeniya boʻlimi rahbari. Abdullayev 1952 – 55-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi texnika va geologiya-kimyo fanlari boʻlimining raisi, 1955—56-yillarda Oʻzbekiston hukumati raisining oʻrinbosari va 1956-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi prezidenti. Abdullayev 1959-yilda ruda paydo boʻlishining granitoid intruziyalar bilan genetik bogʻliqligi sohasidagi ilmiy ishi uchun yuksak mukofot bilan taqdirlangan. U endogen ruda hosil boʻlishi nazariyasini rivojlantirdi. 130 dan ortiq ilmiy asar (jumladan, 7 monografiya) yozgan. Habib Abdullayev Toshkent va Moskvada nashr etilgan koʻpgina moʻtabar ilmiy jurnallar, toʻplamlar, ilmiy-ommabop nashrlarning masʼul muharriri, tahrir hayʼati aʼzosi edi, jumladan Oʻrta Osiyoda birinchi – „Oʻzbekiston geologiya jurnali“ni tashkil qildi va uning masʼul muharriri boʻldi. Abdullayev volfram, qalay, rangli va qora metallar ruda konlarining turli yoʻllar bilan hosil boʻlganligini koʻrsatib berdi. Abdullayev ruda paydo boʻlish jarayonlarini magmatizm hamda bu jarayonlar roʻy beradigan geologik muhit taʼsiri bilan chambarchas bogʻliq ekanligini aniqladi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida „Chatqol-Qurama togʻlari magmatizmi va metallogeniyasining asosiy xususiyatlari“ monografiyasi yaratildi (1957), „Oʻrta Osiyo magmatizmi va rudalanish jarayoni“ asari nashr etildi (1960). Abdullayevning soʻnggi turkum ishlaridan biri „Rudapetrografiya provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari“ (1961) boʻldi. Jahondagi barcha yirik ruda konlari shakllanish xususiyatlariga bagʻishlangan „Metallogeniya – foydali qazilma konlarini qidirib topishning geologik asosi“ monografiyasi uchun 1970-yilda (vafotidan keyin) Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti berilgan. Abdullayevning geologiyaga oid nazariy fikrlari amaliyotda tasdiqlandi. U birinchi boʻlib Oʻrta Osiyoni alohida metallogenik maxsus provinsiya sifatida ajratdi. Skarnlar tuzilishi, ruda uchraydigan va ruda hosil boʻladigan skarnlar mavjudligi qayd etildi. Abdullayevning rudalarning granitoid intruziyalar bilan bogʻliq ravishda hosil boʻlishiga doir asarlari ilmiy munozaraga sabab boʻldi. Asarlarda konlarning intruziyalardan uzoq-yaqinligiga qarab tasniflanganligi El-shonsning mavhum batolit konsepsiyasi-dan tubdan farq qiladi. Abdullayev Oʻrta Osiyoga doir tadqiqotlarini tahlil qilib, ki-chik intruziyalar oʻchogʻi bilan rudali jinslarning umumiyligini hamda magmatizm bosqichlari bilan bogʻliq boʻlgan ruda hosil boʻlish jarayonlarining takrorlanib turishini koʻrsatib berdi. Abdullayevning soʻnggi asarlarida ayrim joylarda muayyan tipdagi magmatizm hodisalari roʻy berishi va rudalar hosil boʻlishi muammolari oʻrganilgan. Abdullayevning „Oʻrta Osiyoning metallogenik ocherki“ (1949), „Rudalanishning granitoid intruziyalar bilan genetik bogʻliqligi“ (1954 – 57), „Daykalar va rudalanish“ (1957), „Ruda-petrografik provinsiyalari va ularni tasniflash masalalari“ (1961) kabi asarlari jahonga mashhur boʻldi. „Rudalanishni granitoid intruzivlar bilan genetik bogʻliqligi“ asari xorijiy olimlar taklifi bilan nemis, ingliz va xitoy tillariga tarjima qilingan. Abdullayev regional kengashlar, Xalqaro geologiya kongressining, bir necha sessiyalarning faol tashkilotchisi, qatnashchisi, kengash toʻplamlarining muharriri boʻlgan. Abdullayev bir necha chet el geologiya jamiyatlari aʼzosi edi. Oʻzbekiston Respublikasi miqyosidagi koʻpgina ilmiy va ilmiy-texnika jamiyatlariga, qoʻmitalariga boshchilik qilgan. Asarlari oʻzbek va rus tillarida nashr etilgan. Bular orasida Oʻzbekistonda fan, ilmiy-texnika, iqtisodiyot va madaniyat ravnaqiga bagʻishlanganlari anchagina. Abdullayev Oʻzbekistondagina emas, balki butun Oʻrta Osiyodagi geologik ishlab chiqarishda, ilmiy muassasalar va oliy oʻquv yurtlarida ishlaydigan katta jamoani birlashtirgan ilmiy maktabning tashkilotchisi va rahbari boʻldi. Ilmiy maktab olimlari Tyanshan tog'laridagi jinslar asosida petrologiya va metallogeniya masalalarini hal qilish sohasida birgalikda ish olib bordilar. Abdullayev Oʻzbekistonda iqtidorli yoshlardan fanning turli sohalarida, jumladan geologiya boʻyicha milliy kadrlar tayyorlashga katta hissa qoʻshdi. Abdullayev rahbarligida 7 kishi doktorlik, 28 kishi nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Abdullayev ToshPI (hozirgi ToshTU) geologiya-razvedka fakultetida geologiya oliy oʻquv yurtlari orasida birinchi boʻlib Petrologiya va metallogeniya kafedrasini tashkil etdi va unga rahbarlik qildi. Urush davrida Abdullayev hukumat aʼzosi va geolog olim sifatida front va front ichkarisini zarur resurslar bilan taʼminlash va strategik ahamiyatdagi qazilma boyliklar qidirish va ishga solishda katta ishlarni amalga oshirdi. Abdullayev 1950-yildan umrining oxirigacha mineralogiya jamiyati Oʻzbekiston boʻlimini boshqardi. 1960-yildan Fransiya geologiya va Buyuk Britaniya Qirollik mineralogiya jamiyatlarining aʼzosi. Tanlangan asarlaridan 7 jildi nashr etilgan (1964 – 69).

Xotirasi

tahrir

Habib Abdullayevning hayoti va ilmiy hamda jamoatchilik faoliyati haqida bir qancha olimlar muallifligida „Esdaliklar“ chiqarilgan. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Geologiya va geofizika institutiga va Toshkent shahridagi katta koʻchalardan biriga, Akmal Ikromov tumanidagi mahallaga, Toshkent metrosining bekatlaridan biriga (hozirgi Shahriston), 193-maktabga, Ulugʻbek shaharchasida koʻcha va boshqa obyektlarga Abdullayev nomimi berilgan. Geologiya va geofizika instituti binosiga, ToshTU geologiya-razvedka fakulteti binosiga yodgorlik taxtasi oʻrnatilgan. H. M. Abdullayev nomida „Oltin medal“ taʼsis etilgan (1992). Oʻsh shahridagi katta koʻchalardan biri, Abdullayev tugʻilib oʻsgan Aravondagi maktab va koʻcha ham H. Abdullayev nomi bilan atalgan. Geologiya va geofizika instituti qoshida H. Abdullayev hayoti va ijodiga bagʻishlangan muzey tashkil qilingan. Abdullayev Toshkentdagi Chigʻatoy qabristoniga dafn qilingan. Qabri ustiga marmar byust qoʻyilgan (haykaltarosh Ye. V. Vuchetich)[1][2][3][4].

Manbalar

tahrir
  1. Sobraniye sochineniy, t. 1 – 7, T., 1964 – 69
  2. Xabib Abdullaev (Wayback Machine saytida 2013-10-22 sanasida arxivlangan), ZiyoNet (rus.)
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  4. Qahhorov A., Gʻafforova M., Akademik Habib Abdullayev, T., 1981

Havolalar

tahrir