Hakim Nazir (Hakim Nazirovich Nazarov) (15.10.1915, Toshkent - 15.05.2008) — bolalar yozuvchisi. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1984). Toshkent kechki pedagog instituti (1941) va Moskvada Oliy adabiyot kursini (1956) tugatgan. Yoshlar gazetasi va jurnallarida (1933-41), Oʻzbekiston radio qoʻmitasida (1942— 53), Badiiy adabiyot va sanʼat nashriyotida (1956—61) ishlagan. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida masʼul kotib (1953—54), adabiy maslahatchi (1954—78) lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Hakim Nazir
Tavalludi 15-oktyabr 1915-yil
Toshkent
Vafoti 15-may 2008-yil
Kasbi
Ijod qilgan tillari Rus tili va Oʻzbek tili
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston

Ilk hikoyalar toʻplami — „Qishloqdagi jiyanlarim“ (1948)da qishloq bolalarining hayoti va mehnati tasvirlangan. Oybek, Abdulla Qahhor va boshqalar ijodidan mahorat sirlarini oʻrgangan. Uning ijodi 30-yillardan boshlangan boʻlib, dastavval lavhalar, reportaj va xabarlar bilan „Lenin uchquni“ roʻznomasida paydo boʻldi. Shundan soʻng, ketma-ket adibning „Pionerlar bogʻi“ (1950), „Besh baho“ (1955), „Choʻl havosi“ (1958), „Meni taniysizmi?“ (1963), „Bolajonlarim“ (1964) singari hikoyalar toʻplamlari yaratildi. Mazkur asarlarda yozuvchi bolalar va oʻsmirlarga xos begʻubor qalb harorati va tuygʻularini ardoqlashga intildi, ularni mehnatsevar, el-yurt, vatan farzandlari boʻlishga daʼvat qildi. Uning 40 dan ortiq kitoblarida yoshlik tashvishlari, orzu-intilishlari oʻz ifodasini topdi. „Koʻkorol chiroqlari“ qissasi (1954; qayta ishlangani — „Soʻnmas chiroqlar“, 1958)da mehnat jarayonida yoshlar xarakteridagi ijobiy fazilatlar shakllanishi tasvirlangan. „Suv gadosi…“ (1962), „Yonar daryo“ (1965) qissalarida choʻlga obi-hayot keltirish, gaz konini ochish uchun kurashayotgan yoshlar obrazi yaratilgan. „Lochin qanotlari“ romanida (1973) Ikkinchi jahon urushi davri voqealari aks etgan. „Koʻkterak shabadasi“ qissasi (1968) katta yoshdagilarga bagʻishlangan. „Kenjatoy“ qissasi, „Chiranma gʻoz— hunaring oz“ pyesasi, ocherklar, hikoya va maqolalar muallifi.

Hakim Nazirning oʻndan ortiq kitoblari va asarlari rus va boshda tillarda nashr etilgan boʻlib, ayrim eng yaxshi asarlari „Pioner kutubxonasi“ toʻplamining 6-jildida nashr etilgan. U ayni chogʻda mohir tarjimon hamdir. A.Gaydar, P.Pavlenko, L.Kassil, V.Katayev va boshqalarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Hamza nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofoti laureati (1981).

Manbalar

tahrir