Karzay Homed (1957, Qandahor shahri yaqinidagʻi Karz qishlogi) — Afgʻoniston davlat arbobi. Qobuldagi „Habibiya“ bilim yurti (1976), Hindistonning Simda shahridagi Ximachal Pradesh universiteti (1982)ni tugatgan. SSSRning Afgʻonistondagi qoʻshinlariga qarshi urushda ishtirok etgan. 1982-yildan Afgʻonistonni ozod etish milliy fronti tezkor boshqarmasi boshligʻi, 1985-yildan axborot departamenti raisi, siyosiy departament boshligʻi oʻrinbosari, 1989-yildan Peshovarda joylashgan S. Mujaddadiy rahbarligidagi Afgʻoniston muvaqqat hukumatida tashqi aloqalar departamenti bosh direktori, 1992 yildan B.Rabboniy boshchiligidagi muvaqqat hukumatda tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari. 1994-yil „Tolibon“ harakatiga qoʻshilgan, ammo 1995-yil oxiriga kelib, bu harakat mohiyatini anglab yetgach, uni tark etgan. 1997 yil Pokistonning Kvetta shahrida Afgʻonistonda Loya jirgʻani oʻtkazishga yordam koʻrsatish boʻyicha boʻlinma taʼsis etgan. 1999-yil Loya jirgʻani tashkil etish boʻyicha Zohir Shoh boshchiligidagi Rim guruhi ijroiya qoʻmitasi aʼzosi. 2001-yil dekabrda Bonn shahrida boʻlib oʻtgan Afgʻoniston muvaqqat hukumatini taʼsis etishga bagʻishlangan konferensiyada muvaqqat hukumat raisi etib saylangan. 2002-yil maydan Afgʻoniston Oʻtish Islom Davlati raisi, 2004-yil oktyabrdan 2014-yilgacha Afgoniston Islom Respublikasi prezidenti[1].

Hamid Karzay

Karzayning 2012-yildagi surati
Tavalludi 1957-yil 24-dekabr
Fuqaroligi Afg‘oniston Qirolligi, Afg‘oniston Respublikasi, Afg'oniston Demokratik Respublikasi, Afgʻoniston Islom Davlati, Afgʻoniston Islom Respublikasi va Afgʻoniston
Otasi Abdul Ahad Karzai

Tarjimai holi va siyosatdagi faoliyati

tahrir

Hamid Karzay 1957-yil dekabr oyining 24-sanasida Afg‘oniston janubidagi Qandahor shahrida joylashgan Karz tumanida tugʻilgan[2]. Uning otasi Abdul Ahad Karzay 1960-yillarda Afgʻoniston parlamenti spikeri oʻrinbosari lavozimida faoliayat olib borgan. Karzayning bobosi Xayr Muhammad Xon 1919 yil Uchinchi Angliya-Afgʻon urushida qatnashgan va Senat raisi oʻrinbosari boʻlgan. Karzay oilasi monarxistlar boʻlishgan va Afgʻonistonning soʻnggi qiroli Muhammad Zohirshohning tarafdorlaridan boʻlishgan. Uning amakisi Habibulla Karzay esa BMTdagi Afgʻoniston vakili[3] boʻlib ishlagan va 1960-yillar boshida qirol Zohirga, AQSh prezidenti John Kennedy bilan maxsus uchrashuv oʻtkazish uchun hamrohlik qilgani aytiladi.

Hamid Karzay Qandahordagi Mahmud Hotaki boshlangʻich maktabini hamda Kobuldagi Sayid Jamoliddin Afgʻoniy maktablarida tahsil olgan. 1976-yilda Kobuldagi Habibiya oʻrta maktabini tamomlagan. Oʻqishni tugatgandan soʻng 1976-yilda almashuv dasturi orqali Hindistonga joʻnab ketgan va Himachal Pradesh universitetida xalqaro munosabatlar va siyosatshunoslik boʻyicha magistraturada oʻqigan. 1983-yilda shu yoʻnalish boʻyicha diplomni qoʻlga kiritgan. Karzay keyin Pokistonga koʻchib oʻtadi soʻngra 1980-yilda Sovet tizmini qoʻllab-quvvatlagan afgʻon Muhammad Najibulloh hukmronligiga qarshi qoʻzgʻolon koʻtargan antikommunistik afgʻon isyonchilari uchun mablagʻ yigʻuvchi boʻlib ishlagan.

1999-yilning iyul oyida Karzayning otasi Abdul Ahad Karzay erta tongda Quettadagi masjiddan uyiga paytayotgan paytida otib oʻldirilgan. Maʼlumotlarga koʻra, suiqasdni Tolibon amalga oshirgan[4]. Bu voqeadan keyin Karzay qabila xoni lavozimini egalladi va Ahmadshoh Masud boshchiligidagi Tolibonga qarshi Shimoliy ittifoq bilan yaqindan hamkorlik qilishga qaror qildi[5].

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME
  2. Burke, Jason. „Hard man in a hard country“. The Guardian (2008-yil 7-mart). 2013-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2009-yil 14-mart.
  3. Van Dyck, Jere. „The Afghan Rulers: Fiercely Traditional Tribes“. The New York Times (1981-yil 21-dekabr), s. 2. 2012-yil 18-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 3-oktyabr.
  4. „Profile:Hamid Karzai“. United States: Public Broadcasting Service (PBS) (2001-yil dekabr). 2010-yil 16-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 3-oktyabr.
  5. „Book Excerpt: Scenes of Afghan History – Hamed Karzai before 2001“ (ps-GB). Afghanistan Analysts Network - English (2014-yil 1-sentyabr). 2020-yil 16-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 15-noyabr.