Haqorat shaʼnga teguvchi, kamsituvchi, xafa qiluvchi ifoda, soʻz, gap yoki amaldir. Haqorat atayin yoki bexosdan boʻlishi mumkin.

Turlari

tahrir

Haqorat (jinoyat huquqida) — shaxsning shaʼni va qadr-qimmatini beodoblik bilan qasddan tahqirlash. Beodob muomalada boʻlish turli xildagi xatti-harakatlarda, chunonchi haqoratli soʻz va iboralarni aytish, bino, devorlar va fotosuratlarga haqoratlovchi yozuvlar yozish, beodob qiliqlar qilish, yuziga tarsaki urush, tupurish va h.k.da namoyon boʻladi.

Haqorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida fuqarolarning huquq va erkinliklariga tajovuz qiladigan huquqbuzarlik sirasiga kiritilgan. Ushbu kodeksning 41-moddasiga koʻra, haqorat qilish eng kam ish haqining 20 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Birinchi marta haqorat qilgan shaxslar, agar ularning qilmishlari jinoiy jazolashga tegishli boʻlmasa, maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin. Haqorat qilish, basharti, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilgandan keyin sodir etilgan boʻlsa, eng kam oylik ish haqining 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda, yoxud ommaviy axborot vositalari orqali haqorat qilish eng kam oylik ish haqining 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi. Haqorat qilish jabrlanuvchi oʻz xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bogʻliq holda; xavfli retsidivist tomonidan yoki tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan sodir etilgan boʻlsa — eng kam oylik ish haqining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 6 oygacha qamoq bilan jazolanadi (Oʻzbekiston Respublikasi JK, 140-modda).

Haqorat qilish har doim muayyan bir shaxsga qaratilgan boʻladi. Muayyan bir shaxsga qaratilmasdan aytilgan uyatsiz-beodob soʻzlar va shahrik. xatti-harakatlar bezorilik deb baholanishi mumkin.

Quyidagilar haqorat sanalishi mumkin:

  • Soʻkinish.
  • Ijtimoiy qoralanuvchi atamalar: oʻgʻri, fohisha.
  • Salbiy tarixga ega atamalar: fashist, millatchi.
  • Biror kasb nomi bilan boshqa kasbni atash, masalan shifokorni jallod, qassob deyish.
  • Zoosemantik metaforalar: mol, eshak, it.
  • Salbiy maʼnoli feʼllar: uxlatish, kiydirish.
  • Odam feʼl-atvorini salbiy baholovchi atamalar: ablah, yaramas.

Jiddiy haqoratlar maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishga sabab boʻlishi mumkin.